BIOLOGIK SOAT XOSIYATI
Ma’lumki, insonlar bir-biridan nafaqat tashqi ko‘rinishi va dunyoqarashi, balki bilim hamda tafakkuri, shuningdek, yashash tarzi, harakatchanligi bilan ham tubdan farq qiladi. Kimdir juda jo‘shqin, serharakat va chaqqon bo‘lsa, yana kimdir og‘ir-bosiq, ba’zan “tepsa-tebranmas”dir. Odamning fe’l-atvori uning mijoziga hamda asab tizimiga bog‘liq. Chunki, insonda buyuk qomusiy olim, bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino aytganidek to‘rt xil mijoz bor. Inson salomatligi uning organizmidagi ana shu to‘rt xil unsur-suyuqlik qon(havo), safro(olov), savdo(er) va balg‘am(suv)ning mutanosibligiga bog‘liq.
Qachonki odam organizmida bu muvozanat buzilsa, tanada biror xil kasallik rivojlanadi. Zamonaviy tibbiy til bilan aytganda odamlar melanxolik, sangvinik, flegmatik va xolerik tipiga bo‘linadi. Shuningdek, insonning fe’l-atvori va yashash tarziga uning ichki biologik soati ham ta’sir etadi. Britaniyalik ruhshunos-olim Gans Yurgen Ayzenk fikriga ko‘ra har bir insonning fe’l-atvorida ana shu asosiy ko‘rsatkichlar muhim o‘rin tutadi. Shaxsning ichki olamini boyitishga intilishi va uning tashqi dunyoga bo‘lgan munosabati qay darajada shakllangani hamda uning ruhiyatida his-hajonlarga berilishi, xavotir, asabiylik yoki xotirjamlik ham e’tiborga olinadi. Ushbu jihatlar har bir insonning kasb-kor tanlashiga qay darajada mas’uliyat bilan yondashuvida muhim ahamiyatga ega.
Biologik soat – bu odam organizmining o‘ziga xos ichki (individual) tizimi. Ushbu tizim insonning hayotiy faoliyati ritmini belgilaydi. Vujudimizda kechayotgan jarayonlar: ovqatlanish, o‘sish, nasl qoldirish va shu kabi holatlar nafaqat atrof-muhitning ijobiy va salbiy ta’siri, balki kecha va kunduz doimo harakat qiluvchi osmon yoritqichlari bo‘lmish oyu quyosh sikli (aylanishi) hamda fasllar almashinuvi, shuningdek, bizning ichki muvozanatimizni tartibga soluvchi biologik soatimizga ham bog‘liq. Aynan har bir hujayraning biologik soati organizmdagi o‘sha a’zoga taalluqli. Organizmdagi shu a’zo orqali mitti mikroolam-hujayra ham bo‘ysunadi. Tanadagi barcha organlar esa markaziy asab tizimiga bo‘ysunadi va u tomonidan boshqariladi. Markaziy asab tizimi faoliyati o‘z navbatida bosh miyada joylashgan asosiy biologik soat-epifiz faoliyati bilan uyg‘un. Bu kichkina bez tanadagi barcha endokrin tizimning gormonlar ishlab chiqarishiga mas’ul. Shunday qilib inson salomatligi asosan uning asablari tinchligiga ham bog‘liq.
Odam ruhan xotirjam, qalbi sokin bo‘lsa, u o‘z sog‘lig‘ini ham asraydi va o‘zgalarga ham zarar yetkazmaydi. Epifiz yer sayyorasi va koinotdagi boshqa yoritqichlar(oy va quyosh sikli)dagi eng kichik elektromagnit o‘zgarishlarga hamda fasllar almashinuviga ta’sirchan bo‘ladi. Har lahzada u atrof-muhitdagi biologik impulslarni xuddi antenna kabi tutib oladi. Keyin ularni genetik(irsiy) apparatga uzatadi. Bu bilan go‘yo epifiz o‘tgan vaqtni hisoblaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek odamlar mijozlariga qarab turli fe’l-atvorga ega bo‘lganlaridek, ularni bir kecha-kunduzda ish faolligiga qarab tonggi “to‘rg‘ay”, kunduzgi “kabutar” va kechqurun (yoki tunda)da serharakat bo‘luvchi “boyqush” kabi ma’joziy ma’noda xronotip (tur)larga bo‘lish mumkin. “Boyqushga o‘xshash tunda sergak odamlarning kunduzi ham dam olmasdan, tinimsiz uyqudan qolib kechasi ishlashlari ularning sog‘liqlariga jiddiy putur yetkazadi. Ya’ni, ularda miokard infarkti “to‘rg‘ay”larga nisbatan ko‘p kuzatiladi. Chunki, bu turdagi odamlar tungi faollik va uyqusizlikdan keyin albatta kunduzi tiniqib dam olmasalar, ularning yurak qon tomir tizimi zo‘riqadi. Tunda uzoq yo‘lga yo‘lovchi tashuvchi haydovchilarning uyqusizligi nafaqat o‘z hayotlarini, balki ularning hamrohlari hayotini ham xavf ostida qoldiradi.
Zero, aeroflot hamda transport xodimlari, temiryo‘lchilar va davlatga qarashli avtoulov egalari xizmat taqozosi yuzasidan doimo shifokorlar ko‘rigidan o‘tishga majburdirlar. Ammo shaxsiy avtomobil egalari ko‘proq vaqtdan qizg‘anishadi yoki boshqa sabablarga ko‘ra kechqurun olis yo‘ldan kelgan bo‘lsalarda yana ertalab o‘z kuchlariga ishonib uzoqni ko‘zlab yo‘lga otlanishadi. Germaniyalik olimlar avtoulov haydovchilarining boshiga maxsus moslamani o‘rnatib, bosh miya faoliyatini tekshirib ko‘rishibdi. Shunda ular qiziq faktga duch kelishgan ekan. Olis va bir xil yo‘l haydovchining ko‘zini toliqtiradi. Bu vaqtda ko‘z ochiq bo‘lsada miya qisqa muddatga uxlab qolar ekan. Eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari ichkilik ichib mashina haydashdan keyin miya uxlab qolganida sodir bo‘lishi kuzatilgan.
Shu sababli korxona va muassasa rahbarlari ham xodimlarga vazifalarni taqsimlanganida ularning ichki imkoniyatlari ya’ni, biologik soatlari sozligiga e’tibor qaratishlarini istar edik. Ayniqsa, tunda bajariladigan ishlar jadvalini tuzganda bu kabi omillar diqqat talab etadi.
Quyida biz kun davomida insonning biologik soati qay tarzda ishlashini qisqacha ko‘rib chiqamiz:
Soat 6: 00 va 7: 00–biologik soatingizda sizning foydangizga ishlovchi “daricha” ochiladi. Chunki, bu vaqtda ko‘p ma’lumotlarni uzoq vaqt esda saqlab qoluvchi xotira ishga tushadi. Shu sababli abituriyentlar va talabalar imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun qulay davr. Barcha o‘qilgan va ko‘rib chiqilgan ma’lumotlar miyada yengil o‘zlashtiriladi.
Soat 8: 00 va 9: 00 oralig‘ida odamning biologik soatida mantiqan fikrlash imkoniyati uyg‘onadi. Har qanday ijobiy faoliyat miya tomonidan rag‘batlantiriladi.
Soat 11: 00 dan 12: 00 gacha bo‘lgan vaqt davomida insonning intellektual imkoniyatlari susayadi. Bu vaqtda odam bir oz chalg‘igisi keladi. Ishlash qiyinroq kechadi. Ozgina vaqt davomida bir piyola choy ustida hamxonangiz bilan suhbatlashing yoki biror musiqani past ovozda tinglang. Organizmning ichki quvvati tiklanishi uchun dam oling.
Soat 12: 00 dan 13: 00 gacha bo‘lgan vaqt tushlik uchun qulay. Chunki, bu vaqt oralig‘ida tanovul qilingan ovqat yengil hazm bo‘ladi. Me’da yetarli miqdorda shira ajratib chiqaradi.
Soat 14: 00 dan 19: 00 gacha bo‘lgan vaqt davomida faol mehnat qilish mumkin. Ammo kechgacha miyangizni dam oldirmasdan ishlasangiz, u zo‘riqadi va xotira ham susayib ketadi. Shuningdek, boshqa a’zo va tizimlarga ham zarar yetadi. O‘z biologik soatingiz bilan hisoblashmaslik miyangizning toliqishiga va uyqusizlikka, shuningdek, stress(ruhiy zo‘riqish)ga ham sabab bo‘ladi. Ma’lumki, ruhiy zo‘riqish ko‘pgina onkologik kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Soat 13: 00 dan 15: 00 gacha tushlikdan oldingi shoshqaloqlik va undan so‘ng esa tushlikdan keyingi “depressiya” kuzatiladi. Tushlikdan so‘ng, ayniqsa, issiq kunlarda 10-20 daqiqa yoki 1, 5 soat davomida mizg‘ib olish miyani quvvatlantiradi. Undan ortiq vaqt davomida uxlash aks ta’sir etib, odam lanj bo‘lishi mumkin.
Soat 20: 00 dan 23: 00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Sizning asab tizimingiz va aqlingiz dam olishga ehtiyoj sezadi.
Soat 22: 00 dan 4: 00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida odam bosh miyasida javob reaksiyasi susayadi. Yo‘l-transport hodisalari, ishlab chiqarish jarayonidagi avariyalar shu vaqt davomida ko‘p sodir bo‘ladi.
Soat 23: 00 dan soat 1: 00 gacha Siz allaqachon uyqu og‘ushida bo‘lishingiz maqsadga muvofiq. Uyqusizlikdan qiynalayotganlar yotishdan oldin bir stakan iliq sutga bir choy qoshiq asal solib ichishlari zarur. Iliq vannada cho‘milish yoki shunday dush ostida yuvinish ham mushaklar va asab tizimini bo‘shashtiradi. Tungi soat 23: 00 dan soat 1: 00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida aura (biomaydon)ning eng yupqa energetik qavati tiklanadi. Xitoy xalq tabobatida bu quvvat “si” deb nomlanadi. Hind yoglari esa uni “prana” deyishadi. Zamonaviy tibbiy qarashlarga ko‘ra bu davrda asab va mushaklar quvvati tiklanar ekan. Tunggi soat 1: 00 dan 3: 00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida emotsional (hissiy) energetik quvvat tiklanadi.
Insonning biologik ritmlari
Bioritmlar – organizmda siklik ma’lum vaqt oralig‘ida takrorlanib keluvchi jarayonlar. Asosiy tashqi ritmlar odam biotsikliga ta’sir etuvchi oy va quyoshdir. Shuningdek, ish haftasi jadvali ham shu omillar sirasiga kiradi. Insonning ichki xronometrik ritmini bosh miyada epifiz, gipotalamus va yurak boshqaradi. Bioritmlar yorug‘lik sikli (tun va kun)ga qarab o‘zgarib turadi.
Gulchehra ShIRINOVA