BETAKROR VATANIMIZNING BUYUK BAYRAMI
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Mustaqillik bu, avvalo, huquq – o‘z yurtining egasi bo‘lish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, ozod va baxtli yashash huquqidir.
Mustaqillik bu – erkinlik. Fikrlash, so‘zlash, e’tiqod qilish, milliy an’analarni asrab-avaylash, kasb tanlash, mehnat qilish va orzu-intilishlarni amalga oshirish erkinligi.
Mustaqillik bu – o‘zlik. O‘z qadr-qimmatini anglash, ajdodlarini tanish va ulug‘lash, o‘z insoniy sha’nini, or-nomusini baland tutish, jahon ichra o‘z o‘rniga ega bo‘lish saodati.
Mustaqillik bu bunyodkorlik, inson mehnatini qadrlash, rag‘bat, e’tibor va yana ko‘pdan-ko‘p imkoniyatlardir.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, mustaqillik, bugungi erkin hayot, bugungi beqiyos imkoniyat har qaysi millat, har qaysi avlod tarixida faqat bir marta beriladigan ulug‘ va noyob ne’matdir.
Shu bois xalqimiz Mustaqillik kunini eng ulug‘, eng aziz ayyom, deb biladi. Bu tarixiy sanani katta shodu xurramlik bilan bayram qiladi.
2015 yil, 31 avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i, unga tutash xiyobonlar, yo‘llar va binolar bayramona bezatilgan. Gullar tarovati, chiroqlar shu’lasi atrofga ajib go‘zallik baxsh etgan. Rangin bayroqchalar mayin tebranadi. Xushsurat va xushkayfiyat odamlar muazzam maydon tomon oshiqadi.
Bu yerga Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari tashrif buyurgan. Hamma bir-birini bayram bilan tabriklab, dildan suhbat qurmoqda.
Soat 19. 00. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.
Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.
Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.
Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning yigirma to‘rt yilligi bilan xalqimizni muborakbod etadi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi. Bayram ahli qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mamlakatimizning bosh qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ladi. Bu manzaraga boqib yurak to‘lqinlanadi, g‘ururga to‘ladi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu ayyomga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rildi. Xalqimiz bu kunni yangi muvaffaqiyatlar va yangi umidlar bilan kutib olmoqda. Yurtimiz go‘zalligi va taraqqiyotiga boqib, “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” deya xursandchilik qilmoqda.
Zero, xursand bo‘lish uchun barcha asoslarimiz bor – mamlakatimiz tinch – osoyishta, shaharu qishloqlarimiz obod va farovon, odamlarning kayfiyati ko‘tarinki, xonadonlari fayzu barakali, dasturxoni to‘kin, ertangi kunga ishonchi mustahkam. O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lidan dadil bormoqda.
Davlatimiz mustaqillikka erishgan vaqtda chuqur iqtisodiy-ijtimoiy bo‘hronlar girdobida bo‘lishiga qaramay faqat bugunini o‘ylamadi. “Shok terapiyasi” degan, aholi hayotini, iqtisodiyotni o‘z oqimiga tashlab qo‘yadigan tavakkal va oson yo‘llarni izlamadi. Qiyin, ammo uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘ziga xos yo‘lni tanladi.
Bu yo‘l Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan, dunyoda “o‘zbek modeli” deb tan olingan taraqqiyot strategiyasidir. Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy sharoiti, milliy-demografik xususiyatlari, jahon tajribasi va demokratiya talablari aniq baholangan ushbu modelning g‘oyat to‘g‘ri va samaraliligini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti 5, 5 karradan ziyod o‘sgani, aholining real daromadlari jon boshiga 9 marta ko‘paygani mazkur model asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlar natijasidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan avtomobilsozlik, motorsozlik, neft va gazni qayta ishlash, zamonaviy texnikalar ishlab chiqarish kabi yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimizning lokomotiviga aylandi. Oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo, qurilish materiallari korxonalarida amalga oshirilgan modernizatsiya va diversifikatsiya ishlari ularga qayta jon bag‘ishladi. Bugun yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar aholi ehtiyojini to‘la ta’minlab, eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga, jahon bozorida raqobat tobora keskinlashib borayotganiga qaramay, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari keyingi o‘n bir yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelayotgani, bu yil ham shunday o‘sish sur’atlari kutilayotgani iqtisodiyotimizning barqaror ravnaq topayotganini ko‘rsatadi.
Xalqimizning fidokorona mehnati evaziga qo‘lga kiritilayotgan bunday yutuq va marralarni butun dunyo tan olmoqda. Xalqaro ekspert tashkilotlari, nufuzli reyting kompaniyalari yurtimiz rivojining bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholamoqda.
Yaqinda Shveysariyada Jahon iqtisodiy forumi – “World Economic Forum” iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. Jahon bankining “Global iqtisodiy taraqqiyot” prognozi asosida tayyorlangan mazkur ma’lumotda O‘zbekiston 2014–2017 yillarda yillik o‘sish darajasi yuqori bo‘ladigan davlatlar orasida 5-o‘rinni egalladi.
… Sahnaga bolakaylar chiqib keladi. Maydon sho‘x-shodon kulguga to‘ladi. Ular mustaqillik yillarida tug‘ilib o‘sgan, qalbi va ongi toza avlod. Ularning yuz-ko‘zlarida quvonch, dillarida olam-olam orzular. Kuy-qo‘shiqlari ham shunga monand – baxt, shodlik, yorug‘ kelajak haqida.
O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart, degan ezgu g‘oyani o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
O‘tgan yillarda bu olijanob maqsad yo‘lida ko‘lami va ahamiyati jihatidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Zamonaviy ta’lim muassasalari, sport inshootlari, tibbiyot va sog‘lomlashtirish maskanlari har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Farzandlarimiz kamoloti xalqaro musobaqalarda yaqqol namoyon bo‘layotir. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 61 medalga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech kimdan kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotladi.
Yoshlarning zamonaviy bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabni tamomlagan o‘g‘il-qizlar o‘rta maxsus ta’lim tizimiga, litsey va kollej bitiruvchilari ish va o‘qishning keyingi bosqichlariga to‘liq qamrab olinmoqda.
Mamlakatimizda har yili bir millionga yaqin ish o‘rni tashkil etilmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlarga muvofiq, yosh oilalarga “Kamolot” uylari topshirilmoqda. Bu ularning oyoqqa turib olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va farzandlarini barkamol etib tarbiyalashi uchun rag‘bat, katta madad bo‘lmoqda.
Navbat jahon klassik musiqalariga beriladi. Yurtimiz san’atkorlarining turli tillardagi qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etishi bayram qatnashchilari va chet ellik mehmonlarga manzur bo‘ladi. Mamlakatimiz milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligida rivoj topayotganini namoyon etadi.
O‘zbekistonda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Jamiyatimizda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhiti qaror topgan.
Shunday barqarorlik sabab mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora oshib bormoqda. Eng rivojlangan davlatlar, dunyoga dong‘i ketgan firma va kompaniyalar yurtimiz bilan hamkorlikka intilmoqda.
Bugun O‘zbekiston 130 dan ortiq davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Toshkentda 45 mamlakatning elchixonasi, yigirmaga yaqin xalqaro tashkilot va moliyaviy muassasa vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy davlatlarda, xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekistonning 50 ga yaqin diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilgan.
… Maydonda Vatan himoyachilari saf tortadi. Ularning qadamlari zarbi yuraklarni larzaga soladi. Mustaqilligimiz qalqonlari harbiy orkestr sadolari ostida “Tinchliging asraymiz, muqaddas Vatan!” deya kuylaydi.
Tinchlik – taraqqiyotning asosiy omili. Tinchlik-osoyishtalik bo‘lgan joydagina rivojlanish bo‘ladi, odamlar bunyodkorlik, yaxshilik istagi bilan yashaydi. Mamlakatimizda ana shu omilning doim barqarorligi tufayli barcha sohalarda ulkan yutuq va marralarga erishilmoqda.
O‘zbekiston bugun o‘zining kuch-qudrati va salohiyatiga tayangan, o‘z sarhadlari, xalqining tinch va osuda hayotini himoyalashga qodir, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallagan, tez va barqaror sur’atlar bilan taraqqiy etayotgan tom ma’noda mustaqil mamlakatdir.
Buning asosi, zamini Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvar siyosatdir. Davlatimiz tashqi siyosati milliy manfaatlarning ustuvorligi, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish, bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillariga asoslanadi. Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.
Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik turizm sohasi rivojida ham muhim omil bo‘lmoqda. Dunyoga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy turizm infratuzilmasi va yuqori sifatli xizmat dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etmoqda.
2014 yil oktyabrda Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu yurtimizda barcha sohalar izchil rivojlanayotgani, xalqaro maydonda mamlakatimiz obro‘si tobora oshib borayotganining yana bir dalolati bo‘ldi.
O‘sha oyda Urganch shahrida yana bir yirik anjuman – “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Uning natijalari Orolbo‘yidagi ekologik ofatning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ushbu hudud aholisining turmush sharoitlarini yaxshilashda alohida ahamiyat kasb etdi.
“Kim edigu kim bo‘ldik?”. Bu savol bayram dasturining asosiy konsepsiyasini tashkil etadi. Monitorlarda namoyish etilayotgan hududlardagi o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, mehnatsevar yurtdoshlarimiz siymosi, farovon bozorlarimiz, tinch-osoyishta hayotimiz mazkur savolga javob bo‘ladi. Ayni paytda ertaga kim bo‘lishimiz, qanday marralarni egallashimizga ishonch tug‘diradi.
Mamlakatimiz rivojlangani sari aholining hayot sifati va darajasi ham tobora yuksalib bormoqda. Vatanimizning har bir go‘shasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yirik shaharlarimiz bosh reja asosida qayta qurilmoqda. Yangidan-yangi madaniyat va sport saroylari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim va tibbiyot majmualari hududlar chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
Eng muhimi, bunday ishlar samarasida insonlarning yashashi, mehnat qilishi va hordiq chiqarishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Aholining zamonaviy xizmat va tovarlardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Qishloqlarimizda barpo etilayotgan zamonaviy uylar oilalar farovonligini yuksaltirmoqda. Odamlar obod uylarda, fayzli mahallalarda sifatli hayot kechirmoqda. Bunday zamonaviy sharoitlar ularning ongu tafakkurini, dunyoqarashini o‘zgartirmoqda. Bu “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilning amaldagi yorqin ifodalaridir.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida jahonda 44-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida esa birinchi o‘rinni egallagani ham bejiz emas.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2015 yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilingani insonga e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi doirasida bugungi tinch va obod hayotimizni barpo etishga xizmatlari singgan, uyimizning fayzi bo‘lgan mo‘tabar keksalarimizning og‘irini yengil qilish, salomatligini mustahkamlash, munosib hayot kechirishlari uchun keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Yurtboshimizning inson baxt uchun dunyoga keladi, degan juda zo‘r gapi bor, – deydi surxondaryolik Juma ota Toshpo‘latov. – Bugun xalqimizning uy-joyi, yashashi, orzu-intilishlariga qarab, bu da’vat odamlar qalbidan chuqur joy olgani, ularning tafakkuri, turmush tarzi o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Ilgari “bizga bo‘laveradi” deb yuravergan ekanmiz. Bunday baxtli hayot ham bor ekan. Har bir sohada o‘zgarish, rivojlanish, odamlarning uyida, dilida xotirjamlik. Bu mana shu tantanalar shukuhida ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Shunday kunlarga yetkazganiga shukur. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahilchilik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
… Xalq termalari bayramni yanada qizdiradi. Vatanni, sevgi va sadoqatni, bugungi dorilomon kunlar shukuhini madh etuvchi qo‘shiqlar yangraydi. Sahna atrofi va minoralarga o‘rnatilgan yuzlab yoritgichlar nuri havoda kesishib, rang-barang kompozitsiyalar hosil qiladi. Bu bayram tomoshasiga yanada ko‘tarinkilik, o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ulkan siyosiy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi, Konstitutsiyamiz va qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Buning samarasida saylovlarning xalqaro normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.
2014 yil 21 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar ana shunday rivojlangan sharoitda, demokratik prinsiplarga to‘la mos ravishda o‘tdi. Unda saylovchilarning 88, 9 foizi ishtirok etdi. Bu xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, Vatan taqdiri uchun daxldorlik hissi, siyosiy partiyalarning obro‘-e’tibori yanada oshganini ko‘rsatdi.
2015 yil 29 martda yana bir muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Milliy qonunchiligimiz va demokratiya prinsiplariga to‘la mos ravishda, ochiq-oshkora o‘tgan ushbu tadbirda saylovchilarning 90, 39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Karimovga ovoz berdi. Bu Islom Karimovning mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, hayot sifatini yuksaltirish borasidagi beqiyos xizmatlarini xalqimiz munosib baholashi, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashining dalolati bo‘ldi.
– O‘zbekiston go‘zal mamlakat, tabiati ham, odamlari ham ajoyib, – deydi Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen. – Xalqingizning bayramlari bayramlarga ulanmoqda. Kuni kecha “Sharq taronalari” festivali yuksak saviyada o‘tdi. Bugun mamlakatingiz Mustaqilligi bayrami shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda. Men bu bayramda ilk bor ishtirok etmoqdaman. AQSH va O‘zbekiston hamkorligi barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. O‘zaro aloqalarimiz bundan buyon yanada taraqqiy etishiga ishonamiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etaman, baxt-saodat tilayman!
Bayram avjiga chiqadi. Sho‘x-shodon kuylar yangraydi. Hamma ich-ichidan shodlanib, jo‘shib raqsga tushadi. Bu xursandchilik, shodiyonada butun xalqimizning kayfiyati namoyon bo‘ladi. Zotan hayotidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘q odamlarning yuragiga o‘yin-kulgu sig‘adi. Tinch va farovon elga mana shunday bayramlar yarashadi.
Qalblardan toshayotgan hayajon misoli samoda rang-barang mushaklar porlaydi. Uning nuri odamlar yuzini, butun poytaxtimizni yoritib yuboradi. Yog‘dularga boqib dilda yorug‘ niyatlar tug‘iladi:
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Ezgu maqsad va orzularimiz ro‘yobga chiqsin!
Anvar SAMADOV,
O‘zA muxbiri