Obod mahallam – osoyishta yurtim ostonasi

Nabiram Firdavs tongda xonamga yugurib kirdi.

– Bolajonim, sovuq yemaysanmi, nega ko‘ylakchan yuribsan, – dedim uni bag‘rimga bosib.

– Buvijon sovuq yemayman, quyoshimiz bor-ku, – dedi u xotirjam. Tog‘asinikiga mehmonga ketgan Firdavs oqshom payti uyga qaytdi.

– Bolajonim bir o‘zing keldingmi, qo‘rqmadingmi?

– Qo‘rqmadim buvijon, meni oymomo kuzatib qo‘ydi. Ana u hali ham qa­rab turibdi, – dedi osmondagi to‘lin oyni ko‘rsatib.

– Nabirangiz ajoyib-da, oyijon. Oyu quyosh go‘yo faqat uning mahallasida chiqadigandek maqtanadi. Ularni o‘ziniki qilib olgan, – deydi kelinim jilmayib.

– Buning nimasi yomon, qizim. Osmonimizda yil o‘n ikki oy charaqlab mehr-muhabbati bilan zaminni ham, kishilarni ham birday siylaydigan Oftobboboni sevmasdan bo‘ladimi? Bu yurtimizdagi tinchlik, barqarorlikning sharofati. Bolalarimiz nafaqat davlatimiz balki oyu oftobimiz mehrini ham sezib baxtiyor kamolga yetayapti, – deyman quvonch bilan. Dilimda ajib his uyg‘onadi. Keyin xayolga berilaman. Nabiram uchun ham, men uchun ham Vatan mana shu o‘zim tug‘ilib o‘sgan “Bahor” mahallasidan boshlanadi. Men mahallamda bo‘layotgan o‘zgarishlar, mahalladoshlarim ongida yuz berayotgan yuksalishlar timsolida O‘zbekiston atalmish baxti bekam, o‘ziga bek elning ravnaqini ko‘raman. Mahallalar, ovullar, qishloqlarga, qishloqlar birlashib tumanlarga Vatanimning buzilmas qo‘rg‘onlariga aylanadi. Mahallam men har tong, har kech sog‘inib talpinadigan suyukli maskan, yurtimning oltin ostonasi.

Parivash kelinlar sahar turib rizq ulashuvchi farishtalar uchun darvozalarini ochadi. Gulzor yoqalab oqayotgan ariqchalardagi zilol suvlardan olib nafaqat hovlisiga, ko‘chalariga ham sepadi, salqinlatadi, supirib-sidiradi. Tongdanoq jambilu rayhonlar bo‘yi atrofga taraladi. Nafas olib to‘ymaydi kishi. Tozalik bor joyda fayz bor. Sarishta kelinlar – barakamiz bekalari sizga iltifot bilan salom beradi, mehrli nigohlari bilan ishga kuzatadi. Mahallam ko‘chasining ikki cheti bo‘ylab qad rostlagan shinam, zamonaviy imoratlarga g‘urur bilan boqaman. Bu uylar kimnikiligi, ular qachon, qanday qad rostlagani menga besh qo‘lday ayon. Chunki bu shinam xonadonlarda mening jon-jigarlarim, tug‘ishgandan a’lo bo‘lib ketgan egachi-singillarim, og‘a-inilarim istiqomat qiladi. Bu imoratlar menga Istiqlolning istiqboli bo‘lib bo‘y ko‘rsatadi. Negaki, Mustaqillikdan avval shag‘alli ko‘cha­mizning ikki betida ham paxsadan qilin­gan pastak uylar, nochorgina hovlilar bo‘lardi. Mana bu pishiq g‘ishtdan qurilgan ikki qavatli uy Arabboy amakiniki. Sho‘rolar davrida kolxoz fermasida molboqar bo‘lib ishlagan amakining mehnati orqasidan orttirgani brusellyoz kasalligi bo‘ldi. Mustaqillik tufayli sut-tovar fermasini uning o‘g‘illari xususiylashtirib oldi. Otalarining tajribasiga tayanib ish ko‘rishdi. 25 bosh qoramolni 100 boshga yetkazishdi. Qo‘llari pul, dastur­xonlari baraka ko‘rdi. Daromadga qa­rab kishining didi ham, orzu havasi ham oshar ekan. Mahallada birinchi bo‘lib zamonaviy, hamma talablarga javob beradigan imorat qurishdi. Otalarini yaxshi shifokorlarga ko‘rsatib davolatishdi. Mehnati qadr topgan amaki yana oyoqqa turdi, hozir bir gektar yerda uzumzor bog‘ barpo qilgan, yigitlarday bardam.

Yana o‘qing:  Art terapiya va uning shaxs rivojidagi o‘rni

Mana bu poydevori marmarli dang‘illama uy Ro‘zmat tog‘aniki. U sobiq kol­xoz shofyori. Abjag‘i chiqib ketgan yuk mashinasi bo‘lardi. Dalada terilgan sabzavotlarni omborga tashirdik. Qachon qarasa qo‘li qop-qora moy, mashinasini titgani titgan edi. Ikkitagina omonat temirdan qilingan “darvoza”dan sig‘magani uchun mashina doim ko‘chada turardi. Ba’zan bizni bolalariga qo‘shib mashinasida sayr qildirib kelardi. Bugun uning bir emas ikkita mashinasi bor. Biri “Spark”, biri “Lasetti”.

– U paytlar “Moskvich” mashinasini olish uchun xolangiz bilan 5-6 qutilab ipak qurti boqardik. Mashina mo‘l pilla olganlarga berilardi. Bu ipak qurti yeb to‘ymas bo‘ladi. Kolxozimizdagi tut daraxtlari rejadagi qurtni boqishga yetmasdi. Mashinamda boshqa qishloq­larga borib yalinib-yolborib tut bargi kesib kelardim. Ammo shundayam mashina ololmaganman. O‘shanda agar menga birov “Ro‘zmat, hali sen boyib ketasan, eshi­gingda qo‘sha-qo‘sha mashinang bo‘ladi, desa ishonmagan bo‘lardim. Shukr, Mustaqillik tenglik degani, mehnatkash odamning, tadbirkorning ishi o‘ngidan keladi, mehnating rohatini o‘zing ko‘rasan, degani ekan. Katta o‘g‘lim Qudrat avtomobil muhandisi. Asakadagi (qarang, o‘zimizning davlatimizda qanday ajoyib, chiroyli yengil avtomobillar chiqyapti-ya!) zavodda ishlaydi. Yo‘llari­mizdagi mashina oqimini ko‘rib ko‘zim charaqlab ketadi, bunday farovon yurt yer yuzida kam bo‘lsa ke­rak, – degandi tog‘a suhbatimizda.

Men yo‘lda davom etaman. Bekatga olib chiqadigan yo‘lning chap tomoni bepoyon bog‘. Gilos, olxo‘ri, olmazor – Botir fermerning bog‘i. Bahorda chamanzorga aylangan bog‘ga suqlanib o‘tardim. Bugun esa ular g‘arq pishgan, atrofni olmalarning ifori tutgan. Botir akaning bog‘ida o‘nlab mahalladoshlar ish bilan ta’minlangan. Uning meva-sab­zavotlarni qayta ishlaydigan sexi bor. U yerda mazali sharbat va murabbolar ishlab chiqarilyapti. O‘z do‘konlarimizdan orttirib chet elliklar dasturxonini ham bezayapti. Turmush ham shunga yarasha. Ro‘zg‘or but, ko‘ngil to‘q. Bolalari oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyapti.

Muyulishdagi mana bu salobatli bino mahallamiz maktabi. Davlatimiz tomonidan to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan maktabning sinfxonalari eng so‘nggi rusumdagi texnikalar bilan jihozlangan. Avvallari yaxshi maktab, yaxshi muallim izlab shahar maktabiga o‘qishga qatnagan bolalar bugun o‘z maktabida mazza qilib faqat yaxshi baholarga o‘qimoqda. To‘rt o‘quvchi sport bo‘yicha mamlakat chempioni, o‘nlab o‘quvchilar “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichi g‘oliblari. Maktab yonida qurilgan hashamatli sport zalida nafaqat bolalar, balki qishlog‘imiz keksalari ham o‘zlariga ma’qul sport turlari bilan shug‘ullanyapti. Bu sport zalini mahalla oqsoqoli boshchiligida saxovatli tadbirkorlar qurib berishdi.

Yana o‘qing:  Toshkent manzaralari

O‘g‘lim bu yil 24 yoshga kiradi. Mustaqillik tengdoshi. Norg‘ul, azamat yi­git. Harbiy xizmatni a’lo baholarga o‘tab qaytdi. O‘ziga ishonchi baland. Qarashlari dadil, maqsadi aniq. Men uning qiyofasida kelajagi porloq, ulug‘ maqsad yo‘lida dadil odimlayotgan mustaqillikni ko‘raman. Nazarimda o‘zini, o‘zligini qo‘lga kiritgan ko‘hna O‘zbekistonim ayni navqironlik pallasida. U har kuni chiroy ochib farovonlashib borayapti. G‘ururli qaddi-basti bilan dunyolarga bo‘ylayapti. Dunyo ahli O‘zbekiston atalmish xalqi baxtiyor, o‘z erkiga yor mamlakatga havas bilan qarayotgani bor gap, deb o‘ylayman mahallam guzaridagi obodonchilikka qarab.

Iloyo baxtingga, iqbolingga ko‘z tegmasin mening betakrorim, yagonam, onajonim – O‘zbekistonim, ushbu duoni pichirlab o‘qiganimcha qarshimga kelib to‘xtagan avtobusga chiqaman.

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: