BOLALARI ZUKKO XALQ bobolar jasoratini unutmaydi

Oppoq kabutarlar parqu bulutlarga mengzaydi. Ular insonlar bilan yonma-yon, bamaylixotir maydonni sayr etadi. Musaffo osmon ostida, moviy anhor bo‘yida yengilgina parvozga shaylanadi. Baland daraxtlar, yam-yashil archalar, gilamday yoyilgan maysalar uzra tinchlik va xotirjamlikning mangu siymosiday qanot qoqadi. Turfa gullarning muattar iforidan vujud yayraydi.

Ha, poytaxtimizning Amir Temur shoh ko‘chasida, Bo‘zsuv kanali yoqasida joylashgan “Shahidlar xotirasi” maydoni o‘zining qadr-qimmati, xushmanzaraligi, go‘zal tabiati va milliy hamda zamonaviy dizayni bilan nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylangan. Bu hudud bir paytlar kimsa qadam bosishga qo‘rqadigan, vahimali qiyofa kasb etganiga kishining ishongisi kelmaydi. Istiqlolning bo‘yi-basti, uning ulug‘vor tushuncha ekanini ana shunday obod manzillarda sayr etgan har bir inson dildan tuyishi, shubhasizdir.

Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Darhaqiqat, bu tushunchalar doimo bir-biri bilan yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda fikrimiz yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Ma’lumki, 31 avgust mamlakatimizda “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlanadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish eng ezgu an’analardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo‘zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir.

Mazkur majmua doim gavjum. Bu maskan nafaqat shahidlar yodini ifoda etadi, balki bugungi avlodni tabarruk ona Vatanimizni, mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi. Bu yerga ziyoratga kelgan inson osuda o‘tayotgan tonglarga shukrona keltiradi, qalbida shu ozod va obod yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi jo‘sh uradi.

Mash’um qatag‘on siyosati “hujumi”ga duchor bo‘lgan xalqimizning ziyoli, ma’rifatparvar farzandlari ayni shu yerda qatl etilgan. Ularning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2000 yili ayni shu muazzam maskan barpo etildi. Maydonda muzey, rotonda qurildi. Uning atrofi esa landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirildi. Obod go‘shaga aylantirildi. Rotonda markazida naqshinkor milliy bezaklar tortilgan o‘ymakor qabr toshi o‘rnatildi. Muhtaram Yurtboshimiz majmua ochilish marosimida “Bu ziyoratgohni biz qatag‘on qurboni bo‘lgan, jismi olis-olislarda qolib ketgan yuzlab yurtdoshlarimizning ramziy mozori sifatida qabul qilmog‘imiz kerak”, deya xalqimizning dilidagi gapni aytgan edi. Darhaqiqat, mazkur go‘sha 130 dan ziyod millat vakillaridan iborat o‘zbek xalqining qalbini nurlantiradigan, ezgu o‘y-fikrlar og‘ushida yashashga turtki beradigan saboqxonaga aylangan. Ayni paytda yaxshi niyat bilan oila qurayotgan yoshlar – kelin-kuyovlar muazzam maydonni sayr etib, yaratgandan o‘zlariga xalqparvar bobolaridek solih farzandlar so‘rab niyat qilishadi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar (2015-351)

Ha, maydon bugun nafaqat ziyoratgoh, balki tarixiy saboqxonadir. Ayniqsa, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida “Shahidlar xotirasi” xiyoboni yanada gavjumlashadi. Bu yerga sayru-ziyorat maqsadida kelgan kishi tarixiy xotira tuyg‘usini, ezgulik va adolatning boqiyligini, hurriyat hamda ozodlik ne’matining qadrini yanada chuqur his etadi. Bugungi tinch, osoyishta kunlarga, inson qadr-qimmati ulug‘lanadigan buyuk va muqaddas yurtda yashayotganiga shukronalar keltiradi.

Vatandoshlarimiz xotirasini yodga olish ruhimizni poklaydi, o‘tmishdan saboq chiqarib, bugungi yorug‘ kunlarimizning qadriga yetib yashashga, mustaqilligimizni mustahkamlashdek sharafli mas’uliyatni anglashga undaydi. Maydon uzra qad rostlagan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”da ham o‘n to‘qqizinchi asrning oxirlari va to istiqlolgacha bo‘lgan tarixning noma’lum bo‘lib kelgan haqiqatlarini o‘rganish, ko‘rish, bilish mumkin. Prezidentimizning 2008 yil 5 maydagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi muzeyga kelib-ketuvchilarning ma’lumotlarni to‘liq va mukammal olishlari uchun qator imkoniyat va qulayliklar yaratilishiga zamin hozirladi.

Muzey dastlab gumbaz, eksponat zali, bino ayvonini ko‘tarib turish uchun 28 ta ustundan iborat bo‘lgan. Yurtboshimizning 2008 yil 5 maydagi qaroridan so‘ng esa binoni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha ishlar amalga oshirildi. Bitta gumbaz qo‘shildi. Ekspozitsiya zali ikkitaga ko‘paydi. Zallar sharq hunarmandchilik an’analariga monand bezatildi. Ayvon bilan o‘raldi. 5 metrli 48 ta ustun muzeyga o‘zgacha mahobat va chiroy baxsh etdi. Muzeyga sayrga kelgan odam kompyuter texnologiyalaridan, multimedia ma’lumot bazalaridan, audio-materiallardan keng foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Zallarda har bir bo‘lim uchun multimediali ma’lumotlar bazasi joylashtirilgan maxsus sensorli kiosklar va hujjatli filmlar yozilgan videomonitorlar o‘rnatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Mustaqillik bayrami arafasida erishilgan yutuq va yuksak marralarni nishonlash, bugungi kunimizga shukronalar aytish an’anasi bardavom ekan, Vatan ozodligi uchun kurashgan hamyurtlarimiz yodi va jasorati hamisha qalblarda e’zoz topaveradi.

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: