OZOD VATAN BERGAN BAXT
Shuhratbek – Mustaqillik farzandi
Olti marotaba Haj safariga borgan onaning shukronasi
Jahongashta buvijon
65 yoshida avtoulov boshqarishni o‘rgangan ayol shijoati
Bastakor Shuhratjon Zokirov – mustaqil O‘zbekiston farzandi. O‘zbekistonni jahon tan olib, yurt bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi peshtoqida hilpiragan kezlarida u maktabga chiqdi. Mamlakatimizda sog‘lom avlod tarbiyasi umumxalq harakatiga aylanib, farzandlarga keng imkoniyatlar yaratilgan bir paytda ta’lim-tarbiya olgani uning baxti bo‘ldi. To‘rt yoshidan Shermat Yormatov rahbarligidagi “Bulbulcha” bolalar dastasiga qatnashdi. Poytaxtimizdagi Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida pionino ixtisosligi bo‘yicha ta’lim oldi.
Bolaligidayoq yurtimizda va xorijda o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlarning musiqa tanlovlarida qatnashib bir necha marta g‘olib bo‘ldi. Belorus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya kabi davlatlarni kezib, iste’dodi bilan xorijliklarning dilidan joy oldi. O‘zbekiston nomini murg‘ak qalbi bilan chet elliklarga namoyon qildi. O‘zi ham el-yurt tanidi. Institutning namunali talabasi sifatida ustozlarining nazariga tushdi. O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga o‘qishga kirgan yili professor Bernard Ringayzindan ta’lim olish uchun Germaniyaga yo‘llanma berishdi. Bular bari unga katta mahorat maktabi bo‘ldi.
Bugungi kunda bastakor sifatida xalqimizga manzur ko‘plab musiqiy asarlar yaratmoqda. U bastalagan kuy va qo‘shiqlar san’atkorlar tomonidan Navro‘z, Mustaqillik bayramlari va boshqa tantanalarda el e’zozidagi san’atkorlar tomonidan jaranglamoqda.
Shuhratbek 2010 yilda respublikamizda yosh ijodkorlar orasida o‘tkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi bastakori” va “Eng yaxshi musiqa sayqalchisi” nomiga sazovor bo‘ldi. Bu yil esa estrada san’atiga qo‘shgan hissasi uchun Diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda Dilmurod Musoqovning “Geolog” filmi e’tiborga tushdi. Filmning musiqasini esa Shuhratjon bastalagandi.
Rahima opa bilan Rixsivoy akaning kenja farzandi Shuhratbekka san’atga bo‘lgan qiziqish ota merosdir. Onasi Rahima Zokirovadan esa kenjatoyga qat’iyatlilik va fidoyilik kabi fazilatlar o‘tgan.
Rixsivoy Zokirov Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatrida ishlagan va ayni kunda nafaqada bo‘lsa-da, ko‘zi ojizlar maktab-internatida musiqadan dars beradi. Hozirda keksalik gashtini surayotgan Rahima opa esa ellik yil tibbiyot sohasida o‘rta tibbiyot xodimi bo‘lib ishladi. Opa diplomini olgach, uyining yonidagi ko‘zi ojizlar maktab-internatiga ishga tushdi. Uch farzandi ketma-ket dunyoga keldi. Katta farzandi maktabga chiqadigan bo‘lgach, uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga berdi-da, ishini ham ushbu maktabga yaqin joydagi, poliklinikaga ko‘chirdi. Chunki, yosh ona tez-tez maktabga borib turar, bolalarining darsida muntazam qatnashardi. Farzandlari ta’lim maskanida olgan saboqlarni uyda takrorlayotgan paytida uni kuzatib turishi uchun o‘zi ham san’at olami bilan tillasha olishi kerak edi: “Bu sohada ozmi ko‘pmi tushuncham, bilimim bo‘lishi uchun tez-tez darslarida, mashg‘ulotlarida qatnashardim”, deydi Rahima opa.
Bugungi kunda uchala farzandi ham san’at olamiga oshno, musiqa asboblarida kuy ijro etib, qo‘shiq ayta oladi. Biroq, bari ham san’at yo‘lini tanlamadi. Katta o‘g‘li Sobitjon institutni tugatib, harbiylik kasbini tanladi. Qizi esa sharqshunos bo‘lib yetishdi: “Men ularning intilishlarini tabiiy qabul qildim. Zero, ularning hammasi san’atkor bo‘ladi, deb o‘ylamas edim. Umidim, qalbida ezgulik uyg‘otish, dilida hamisha musiqa ohanglari kezib yurgan go‘zal inson bo‘lib voyaga yetkazish edi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach bolalar ta’lim-tarbiyasi va ularning iqtidorini yuza chiqarish borasida katta imkoniyatlar yaratildi. Yurt farzandlari dunyo miqyosidagi fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, musiqa tanlovlarida faol qatnasha boshladi. Men ham bolalarimning ana shunday tanlovlarda ishtirok etishini istardim. Bu albatta, ularning dunyoqarashi yuksalishiga munosib xizmat qildi”, deydi bolalarini alqab Rahima opa.
Rahima opa qaynona-qaynotasining suyukli kelini bo‘lib ularning xizmatini qildi. Ana shu kezlarda ham ishdan, uy yumushlaridan ortib farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratdi: “Bolalarim yoshligida hamisha ikki qo‘limda so‘mka, yelkamda ryukzak bo‘lardi. Darsga, turli xil to‘garaklarga qatnardik. O‘zimga televizor ko‘rishni ta’qiqlab qo‘ygan edim. Farzand tarbiyasidan diqqatim bo‘linishini, xayollarimni chalg‘itishni istamasdim”, – deydi u.
Farzandlarning yutuqlari onaning kuchiga kuch qo‘shar edi. U yigirma besh yil Tibbiyot sanitariya birlashmasining markaziy poliklinikasida faoliyat yuritdi. U yerga ishga faqat katta tajribaga ega kishilarni taklif qilishardi. Tibbiyot maskanida ishlab yurganida Makkaga Umra ziyoratiga boruvchilar uchun vrach-hamshira qilib jo‘natishdi: “O‘shanda ellik yoshda edim. Bu meni ona shahrim – Toshkentdan, oilamdan, farzandlarimdan birinchi marta uzoqlashishim edi. Bolalarimni tashlab ketishga ko‘zim qiymas, biroq katta mas’uliyatni ham his qilib turardim, unday joyga hammani ham taklif qilavermasdi. Ketma-ket ikki yil Umra ziyoratiga boruvchilarning va ketma-ket to‘rt yil Haj ziyoratiga boruvchilarning sog‘liklarini nazorat qilib borish maqsadida jo‘natishdi. Kechasi bilan uxlamasdan yurtdoshlarimning sog‘ligini muhofaza qilaman va kunduzi ular bilan birga yurib ziyoratni amalga oshiraman. Avtobusda yo‘lda uxlab olardim. Odamlarning og‘irini yengil qilish, yugur-yugurlar meni horitmasdi, aksincha kuch bag‘ishlardi”, deydi Hoji ona.
Bizni uyga taklif qilganida, avvalo o‘g‘lining ijodxonasi tomon boshladi. Hovlidan yerto‘laga tushiladi. U xuddi studiyadek bezatilgan. Qo‘shiq aytadigan, ovoz yozib oladigan, xullas bir bastakorga nimaki kerak bo‘lsa, barchasi muhayyo. Katta studiyaga kirishdan oldin yo‘lakdagi mo‘jazgina ko‘rgazma bilan tanishib o‘tasiz. Unda Shuhratbekka nasib etgan Faxriy yorliqlar, sertifikatlar, xalqaro tanlovda olgan diplomlari aks etgan. Ular bilan tanishish uchun ancha vaqt sarflaysiz. Maqolada sanab chiqish undan-da mushkul… Milliy bayramlarimiz Mustaqillik va Navro‘z tantanalarida ishtiroki uchun berilgan tashakkurnomalar ham u yerdan o‘rin olgan.
Mehmonxona yo‘lagidagi to‘rt devor fotosuratga to‘la bo‘lib, go‘yo mo‘jazgina ko‘rgazmani eslatardi: “Bu fotosuratlar qizim Feruza Qodirovaning mehnatlari, har ta’til mavsumida meni ham chorlab va oilasi bilan xorijdagi go‘zal maskanlardan birida dam oladi. Meni suratga olishni xush ko‘radi… bu surat birinchi marta dengizga borgan paytim, nevaramga qarab suzishni o‘rganyapman. Birinchi marta 55 yoshimda dengizni ko‘rganman, O‘rta Yer dengizida o‘n kun ichida suzishni o‘rganganman. Bizni qizim suratga olganini ham sezmaganman”, deydi zavq-shavq bilan Rahima opa.
Yana bir suratda suvga sho‘ng‘ib, baliqlar bilan birga suv parisidek suzib ketyapti. Yana bir guruh fotolarda Parij manzaralari aks etgan bo‘lsa, birida Misr ehromlari, birida Volga daryosining xushmanzara qirg‘oqlari ifodalangan edi. Italiya va Ispaniyaning tarixiy qadamjolari aks etgan suratlar ham o‘ziga xos olingan. Yana birida esa Berlin ko‘chalarida Rahima opa mashina boshqarmoqda. U bolalari bilan birga o‘qib haydovchilik huquqini olgan bo‘lsa-da, 65 yoshida mashina boshqardi.
Xalqimizda “oxiri baxayr bo‘lsin”, “so‘nggidan suyuntirsin”, degan tilak-duolar bor. Rahima opa mehnatlari mevasini yarim asr umrguzaronlikdan so‘ng tatib ko‘rdi.
Opa yosh bolaga o‘xshab hayratlanib va hayratlar ichida yashashni xush ko‘radi. Shuning uchun ham u yetmish yoshni qarshilab turgan bo‘lsa-da, bardam va tetik: “To‘g‘ri, hayrat bilan yashash, mudom sa’y-harakatda bo‘lish, intilish kishini yashartiradi, biroq bu yerda boshqa narsa ham bor – yoshlarga xos g‘ayrat-shijoat mavjudligi, hayratlanib yashashim – mustaqil Vatanimiz sharofati! Agar O‘zbekiston mustaqil bo‘lmaganida men Umra va Haj ziyoratiga bora olarmidim?! Farzandlarim ham ilm olib dunyo kezarmidi?! Nevaralarim bag‘rida obod yurtda, tinch va barqaror mamlakatda to‘kin va baxtiyor yasharmidim?!.”
Darhaqiqat, Rahima opa bugun jahongashta buvijon. O‘zining ta’biri bilan aytganidek, Vatan bergan baxtdan masrur, shodumon hayot kechirayotir. Ikki qo‘li esa hamisha duoda: “Jonajon O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin!”.
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist