E’tirofdan mamnun muallima
Odinaxon XOLIQOVA,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi
Erta tongdanoq ishga kelishim bilan kundalik gazetalarni bir-bir varaqlayman. Markaziy nashrlarda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezidentimizning Farmoni e’lon qilinibdi. Beixtiyor mamlakatimizning olis qishlog‘i – Quva tumanidagi 16-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoniga sazovor bo‘lgani diqqatimni tortadi. Muborakbod etish maqsadida Odinaxon Xoliqovaga qo‘ng‘iroq qildim. Ustozni qutlarkanman, bir muddat sukutga cho‘mganini his qildim. Uning nafasidan hayajonini bilish qiyin emasdi. Odinaxon opa davlatimizning yuksak unvoni bilan taqdirlanganidan hali bexabar ekan. Baxtiyor muallimaning cheksiz quvonchi mening ham qalbimga ko‘chdi.
– Har yili birinchi sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchining hayajonini ko‘rib, yuragim zavqqa to‘ladi. Uning ko‘zidagi hayrat, bilimga chanqoqlik, ota-onasi yuzidagi quvonchli tabassum mening zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Har gal jajji bolajonlarga 26 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘asini topshirish baxtiga muyassar bo‘lar ekanman, ularning shodligidan ko‘zimga sevinch yoshlari qalqiydi. Bolalarning ta’lim-tarbiyasiga, kelajagiga yuksak e’tibor berayotgan davlatning ertasi albatta porloq bo‘ladi.
O‘ttiz uch yildan buyon jajji bolalarning qo‘liga qalam tutib, ularga boshlang‘ich bilimlarni berib kelyapman. O‘qituvchi sifatida o‘quvchilarning salohiyati, bilimga intilishini ko‘rib hayratga tushaman: bugungi kun bolasi o‘zgacha. Chunki, ular Mustaqil O‘zbekistonning farzandlaridir. Har birining qiziqishi, intilishlariga munosib rag‘bat bera olish, qo‘llab-quvvatlash uchun o‘qituvchidan yuqori bilim va malaka talab etiladi.
Men kasbimni juda sevaman. Bolalar joni dilim. Har bir o‘quvchim saboqlarni yuqori darajada o‘zlashtirishini istayman. Shu maqsadda ingliz tilini chuqur o‘rgandim. Maktabimiz qoshida “Ingliz tili saboqlari” va “Yosh ijodkorlar” to‘garagi faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Bevosita o‘zim mazkur mashg‘ulotlar orqali bolalarning chet tilini o‘zlashtirishiga hissa qo‘shayotganimdan mamnunman.
Bilasizmi, o‘qituvchi ijodkor bo‘lishi, saboqlarni sodda va oson uslublarda bolaga yetkazib berishi lozim. Shuni inobatga olib, ko‘pgina ilmiy-metodik qo‘llanmalarim chop etildi. “Fanlarni integratsiyalash” mavzusidagi ilmiy ishim uch tilda nashr qilingani, “Sanamay sakkiz dema” deb nomlangan metodik qo‘llanmam esa boshlang‘ich sinf matematika o‘qituvchilari uchun yaxshi dastur bo‘la olgani meni yanada ruhlantiradi. Yangi-yangi izlanish olib borishimga turtki beradi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 24 yillik to‘yi arafasida O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qutivchisi unvoni bilan taqdirlanganimdan boshim osmonga yetdi. Kamtarona mehnatlarim yuksak baholanganidan juda mamnunman.
Olis qishloq o‘qituvchisiga yuksak rag‘bat ko‘rsatadigan, mehnatlarini e’tirof etadigan mamlakat boshqa bo‘lmasa kerak. Shunday betakror, yagona Vatan farzandi ekanimdan hamisha faxrlanaman.
M.Tolipova yozib oldi