EZGULIKDAN E’ZOZ TOPIB
Farzandlarimizning zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan, barcha qulayliklarga ega maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olib fan sirlarini qunt bilan egallayotganidan qalbing cheksiz faxrga to‘ladi. Bunday qulay imkoniyatlarni yaratishda bir tomondan Yurtboshimiz rahnamoligida ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotgan bo‘lsa, ikkinchidan bu ishlarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan korxona-tashkilotlardan tortib oddiy quruvchigacha munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Zero, ezgulik yo‘lida qo‘yilgan har bir qadam yurt bolalarining barkamol voyaga yetishiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari va o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda faol ishtirok etib kelayotgan Rahimjon Akramov ham ana shunday o‘z kasbining fidoyilaridan biri hisoblanadi. U 1952 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Rahimjon Akramov poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 12-sonli maktabni tugatib, Toshkent davlat texnika universiteti (Toshkent politexnika instituti)ning, sanoat va fuqaro qurilishi fakultetini tamomlagan.
Dastlab oliy o‘quv yurti yo‘llanmasiga asosan Respublika “O‘zjamoaqurilish” birlashmasining 1-sonli “Jamoamaxsusqurilish” trestida oddiy muhandislikdan ish boshlagan Rahimjon aka o‘z sohasini chuqur o‘rgangani, kasbini qadrlagani bois bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirdi. Shundan so‘ng mazkur trestning Jizzax viloyatidagi 15-sonli mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonnasida rahbarlik lavozimlarida ishladi. 1993 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida ishlab kelayotgan bu fidoyi inson vazirlik tasarrufidagi ta’lim muassasalari va o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda faol ishtirok etib kelmoqda. Rahimjon Akramov vazirlik buyurtmasi asosida 2000 yilga qadar respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 16 ta pedagogika bilim yurtlari, Nukus, Navoiy, Jizzax, Qo‘qon davlat pedagogika institutlarining o‘quv laboratoriya bino va inshootlari qurilishida alohida jonbozlik ko‘rsatgan.
Birgina bu emas, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 19 fevraldagi “Respublikadagi umumta’lim maktablarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va pasportlashtirish to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosini ta’minlash bo‘yicha R.Akramov tomonidan respublikadagi mavjud maktablarning namunaviy pasport loyihasi ishlab chiqilib, shu asosda 2004 yilning fevral-mart oylarida mavjud 9727 ta maktablar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, pasportlashtirildi. Yuqorida qayd etilgan me’yor va qoidalar asosida “Davarxitektqurilish” qo‘mitasining yetakchi loyiha institutlari bilan birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqildi. Bunda asosiy e’tibor o‘quvchi yoshlar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy loyihalar yaratilishiga qaratildi.
Rahimjon Akromov 2010 yilda “Umumta’lim muassasalari bino va inshootlarini ekpsluatatsiya qilish va saqlash” bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqdi. Ushbu qo‘llanma respublikadagi mavjud 16000 ta ta’lim muassasalariga amalda foydalanish uchun yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 21 maydagi “2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi loyihalar asosida mamlakatimizdagi mavjud 9727 ta maktablarning 8528 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mazkur maktablar zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi va sport inventarlari bilan jihozlandi.
Bundan tashqari, Davarxitektqurilish qo‘mitasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining PROON loyihasi asosida ta’lim muassasalarida elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha asosida sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy va Farg‘ona viloyatlaridagi maktablarning qurilishida bevosita rahbarlik qilayotgan Rahimjon aka hamon tashabbuskor, tinib-tinchimaydi.
Ha, mehnat qilgan elda e’zoz topadi. Xalqimiz turmushining obodligi, farzandlarimizning zamonaviy ta’lim muassasalarida, shinam o‘quv xonalarida tahsil olishida qo‘shgan xizmatlari uchun R.Akramov davlatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Rahimjon aka chinakam ta’lim fidoyisi, u O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi.
Jahongir MUSAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Xalq ta’limi vazirligi
Matbuot va axborot xizmati rahbari