YOZDA XASTALIKKA ChALINMAY DESANGIZ…

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari va ularning profilaktikasi

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga qorin tifi, paratiflar, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning “A” turi va boshqa bir qator o‘tkir yuqumli kasalliklar kiradi. Bu kasalliklarni aksariyat hollarda bakteriya va viruslar qo‘zg‘atib, bemor va bakteriya tashuvchi odamlar kasallik qo‘zg‘atuvchilarining manbalari hisoblanadi.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari qo‘zg‘atuvchilarining barchasi tashqi muhitga ancha chidamli bo‘ladi. Masalan, qorin tifi qo‘zg‘atuvchisi oqar suvda, sabzavot va mevalarda 5-10 kun, ko‘lmak suvda 1 oygacha, non va non mahsulotlari yuzasida bir necha kun davomida tirik saqlansa, vabo qo‘zg‘atuvchilari oqar suvda 18 kundan 5 oygacha saqlanadi. Vabo qo‘zg‘atuvchisi suvda va salmonellyoz qo‘zg‘atuvchilari oziq – ovqat mahsulotlarida qulay sharoitda hattoki ko‘payishi ham mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining yuqish yo‘llari bir-biriga o‘xshash bo‘lsada, ularning har birini yetakchi yuqish omili bor. Masalan, qorin tifi va vabo kasallik­larida asosiy yuqish omili suv hisoblansa, salmonellyoz kasalliklarida esa oziq – ovqat mahsulotlari yetakchi yuqish omili hisoblanadi.

Bu guruh yuqumli kasalliklar maishiy muloqot yo‘li bilan ham yuqadi.

Yilning issiq kunlarida aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari tez – tez uchrab turadi. Yoz oylarida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari omillari faollashadi. Aholi ko‘proq suv, har xil chanqovbosdi ichimliklar ichadi. Yana meva – sabzavotlar, ko‘katlar iste’mol qiladi hamda kasallik qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan ochiq suv havzalarida cho‘miladi va shu jarayonlarda kasalliklarni yuqtirib olishi mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari mavsumiy hisoblanib, asosan yilning yoz va kuz fasllarida ko‘proq uchraydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari odam organizmiga tushib, toki kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lguniga qadar ma’lum vaqt o‘tadi. Bu davr kasallik belgilarisiz kechadi va bunga kasallikning yashirin davri deyiladi. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarida bu davr bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi. Kasallikning yashirin davri uning turiga qarab qisqarishi yoki cho‘zilishi mumkin. Bu davr kasallik qo‘zg‘atuvchisining ayrim xususiyatlari va odamning immunitetiga bog‘liq bo‘ladi.

Aksariyat o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalingan bemorlarda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi kabi alomatlar kuzatiladi.

Yana o‘qing:  Immunitetni ko‘tarish uchun

Bemorlarga o‘z vaqtida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bu kasalliklar o‘zidan bir qancha asoratlar qoldirishi mumkin. Ichaklar faoliyatining buzilishi, undagi yaralardan qon ketishi va bu a’zolar devorining teshilishi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi va shu kabi og‘riq holatlar kuzatiladi. Bunday asoratlarning ayrimlari mudhish oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi, xonadonlarda, jamoat joylarida tozalik va obondonlashtirish ishlarini muntazam amalga oshirish, umumiy ovqatlanish, oziq – ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning savdosi bilan shug‘ullanadigan korxonalarda sanitariya talablariga rioya qilish hamda aholining tibbiy – sanitariya madaniyatini oshirish o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega omillardan hisoblanadi.

Mazkur kasalliklarning oldini olishda shaxsiy gigiyenaning roli juda ham katta. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari “kir qo‘llar kasalliklari” deb bejiz aytilmagan.

Ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan chiqqandan so‘ng qo‘llarni albatta sovunlab yuvish, tirnoqlarni o‘z vaqtida olish, qo‘llarni tozaligiga doimo rioya qilish, har bir oila a’zosi o‘z sochig‘idan, to‘y – ma’rakalarda ham alohida sochiqdan yoki shaxsiy qo‘l ro‘molchadan foydalanish o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari bozorlarda, ko‘chalarda sifati kafolatlanmagan, qo‘lda (uy sharoitida) tayyorlangan yaxna ichimliklar kvas, mors, turli meva sharbatlari, ayron, o‘rik sharbati, kompotlar va boshqa shu kabi ichimliklarni iste’mol qilish ham o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari asosan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ko‘proq uchrashini inobatga olib, bola parvarishi bilan shug‘ullanuvchi ota – onalar, enaga, tarbiyachi va shu kabi mas’ul insonlarga quyidagi tavsiyalar beriladi:

Ular muntazam ravishda bolalar shifokoridan bolalar parvarishi bo‘yicha maslahatlar olishi zarur. Yana go‘dak yoki bolalarga qarovchi kishilar shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, shuningdek mittivoylarning ham shaxsiy gigiyenasini ta’minlashi va ularni ham shunga o‘rgatishi kerak.

Yosh bolali onalar chaqalog‘ini emizishdan oldin qo‘lini sovunlab yuvishi darkor. Bolalarga sovutkichda uzoq muddat saqlangan taomlarni yedirmaslik, ularni to‘g‘ri kelgan oziq – ovqat mahsulotlari bilan ovqatlantirmaslik lozim. Barcha oila a’zolari, ayniqsa, yosh bolalar uchun mo‘ljallangan suv va xom sutni albatta qaynatish talab etiladi. Bolalarga yangi sog‘ilgan sutni qaynatmasdan berish mumkin emas.

Yana o‘qing:  Boshingiz og‘riyaptimi? Buni dorilarsiz qoldirish mumkin

Ko‘chadan uyga kirganda, ovqatlanishdan oldin, bolaga ovqat tayyorlashdan oldin va uni ovqatlantirishdan avval qo‘llarni sovunlab yuvish uning sog‘lig‘ini kafolatlaydi.

Bolalar qo‘llari va og‘izlarini umumiy foydalanilgan sochiqlar bilan artmaslik zarur. Shuningdek, chaqaloqning ham qo‘llarini sovunlab yuvib, undan so‘ng ona ko‘kragini ham iliq suvda yuvib, keyin go‘dakni emizishi kerak.

Bolalarning barmog‘ini so‘rishiga yo‘l qo‘ymaslik ham ularni xastaliklardan asraydi. Bozorlarda va ko‘chalarda sotilayotgan meva-sabzavotlarni toza ichimlik suvida yuvmasdan ta’tib ko‘rmaslik shart. Go‘daklarni chaqaloqlik davridanoq sanitariya – gigiyena ko‘nikmalariga o‘rgatib borish kerak.

Shuni aytish joizki, soha mutaxassislari va olimlarning ta’kidlashicha salomatlikni asrash 18 foiz irsiy omillarga, 17 foiz atrof – muhit omillariga, 10 foizi tibbiy xizmatga bog‘liq bo‘lsa, 55 foiz insonlarning sog‘lom turmush tarziga va shaxsiy gigiyenaga qa’tiy amal qilishlariga ham bog‘liq ekan.

Demak, sog‘lom turmush tarzini bolalikdan shakllantirib borish bir qator kasalliklarni, shu jumladan, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishning eng muhim garovidir. Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ming bor afzal ekanligini unutmang aziz yurtdoshlar!

SHU O‘RINDA

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra dunyo bo‘yicha har yili 275 milliondan ortiq odamlar o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalinadi va ularning 70 foizga yaqinini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.

Husan SAPAROV,

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: