INXA UNIVERSITETIDA YANGI FAKULTET OCHILDI
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan Toshkent shahridagi Inxa universitetida 2016 yilning sentyabr oyidan yangi yo‘nalish – logistika fakulteti ish boshlaydi.
O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inxa universiteti rahbariyati va Inxa universiteti (Janubiy Koreya) delegatsiyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lum qilindi. Tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2014 yilda tashkil etilgan ushbu oliy ta’lim muassasasi va uni rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur anjumanda talabalar uchun universitetda yaratilgan sharoitlar, joriy yilgi kirish imtihonlari natijalari, iqtidorli yoshlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimi xususida so‘z yuritildi.
Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi axborot-resurs markazi bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
B.HALIMOV,
“Sog‘lom avlod”muxbiri