MUSOBAQA YAKUNLANDI
Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz xotirasi hamisha e’zozda. Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnir ham shu maqsadga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Ozarboyjon, Qozog‘istondan 200 nafarga yaqin havaskor va professional sportchi kuch sinashdi.
Turnirning professional qo‘l jangi ustalari o‘rtasida o‘tkazilgan reyting janglarida Bobur Rahmatov ozarboyjonlik E’tiqod Atakishevni, Muzaffar Rajabov ukrainalik Ruslan Najafaliyevni mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, poytaxtlik Shohrux Ro‘ziyev, Shamsiddin Yo‘ldoshev, Husan Baratov va samarqandlik Mahmud To‘rayev raqiblari ustidan g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston chempionligi kamari uchun bahslarda poytaxtlik sportchilar – Rustam Ma’diyev Jamshid Bekmatovni, Muso Mametov Jahongir Abduvohidovni, qashqadaryolik Bobur Qurbonov buxorolik Jamol Omonovni, poytaxtlik Jahongir Mansurov navoiylik Sherali Abduraimovni yengib, chempion bo‘ldi.
Havaskorlar o‘rtasidagi bellashuvlarda poytaxtlik Sirojiddin Sadriddinov, qashqadaryolik Alpomish Qurbonnazarov, Ramazon Temirov, Abduaziz Anvarov, farg‘onalik Elmurod Yigitaliyev, G‘iyosiddin Jamoliddinov va Nodir Isroilov o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri