EHTIROMDAN YOSHARAYOTGAN NURONIY
Yoz kunlarida ishdan uyga qaytar ekanman, manzilni avtotransportda emas piyoda bosib o‘tishni xush ko‘raman. Yozning kechki orombaxsh nafasi kishiga xush yoqadi. Ko‘chalarni to‘ldirib qatnayotgan turli rusumdagi mashinalar poytaxt yo‘llarini yanada tarovatli ko‘rsatadi. Birin-ketin porlayotgan Toshkentning tunggi chiroqlari qalbimizga yanada yorug‘ tuyg‘ularni hamroh qiladi.
Yo‘l-yo‘lakay borarkanmiz, shahrimizning har bir ko‘cha-ko‘yi, istirohat bog‘lari, dam olish maydonchalari yoshu qari, sho‘x-shodon bolajonlar bilan gavjumligini ko‘ramiz. Ularni kuzata turib yurtimizdagi osudalik, tinchlik bevosita xalqimizning turmush tarziga, o‘y-xayoliga ko‘chganligining guvohi bo‘lamiz. Ayrim mamlakatlarda sodir bo‘layotgan turli to‘qnashuvlar, siyosiy ziddiyatlar avj olgani, qanchadan-qancha oilalar boshpanasiz qolayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan bir paytda yurtimiz xiyobonlarida yangrayotgan quvnoq o‘yin-kulgu sadolari qalbimizni shukronalik tuyg‘ulariga chulg‘aydi.
Joriy yilning Keksalarni e’zozlash yili deya nomlanishi yurtimizda umrguzaronlik qilib kelayotgan otaxonu onaxonlarimizga yana bir ehtirom bo‘ldi. Toshkent viloyati, Zangiota tumani Beruniy nomidagi mahallada istiqomat qilayotgan A’zam ota G‘iyosov ham ana shu dorulomon kunlardagi g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lib kelmoqda. Otaxon bu yili 93 yoshni qarshi oldilar. U kishi Ikkinchi jahon urushi faxriysi. Shunga qaramay bobo tetik, bardam. O‘zidagi g‘ayrat va shijoatning negizini – mehnatda, odamlarga yaxshilikni sog‘inishda deb biladi va umrini, qalb qo‘rini mehnatga, ezgu ishlarga baxshida etmoqda.
– Yigitlik davrim Ikkinchi jahon urushining suronli yillariga to‘g‘ri kelgandi, – deydi ota umr yo‘llarini xotirlarkan. – Og‘ir mehnat, tazyiq, qo‘rquv bilan kun kechirardik. Hozirgiday farovon zamonni ko‘rmaganman. Har kim o‘ziga, so‘ziga bek. Navqiron yigit-qizlarimizning barcha orzu-o‘ylari vatanparvarlik asosida bunyod bo‘lgan. Yurtimizda ularga yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni ko‘rib havas qilaman. Har kuni nevarayu chevaralarimning, yurtimiz yoshlarining zafarli onlariyu yutug‘ini eshitib, quvonib ko‘nglim yosharadi. Bu muvaffaqiyatlarning zamirida so‘zsiz tinchlik va osudalikning o‘rni nihoyatda katta. Yoshlar ijodiy, ilmiy ishlar bilan kecha Osiyo davlatlarida bo‘lsa, bugun Yevropani qoyil qoldiryapti.
Otaxon biroz tin oladi. Nigohlarini olis-olislarga qadaydi…
Xizmatdan qaytgan A’zam G‘iyosov qishlog‘ining qarovsiz lalmi yerlariga ishlov berdi. Ezgu niyatlar ila yerga urug‘ qadab, ariq qazib suv chiqardi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratdi, atrofni obod qildi. Qishloqdagi masjid va binolarning qurilish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Farzandlarini ham mehnatga o‘rgatdi. Hozir ota ekkan nihollar azim daraxtlarga aylanib, hosilidan nafaqat nevarayu evaralari, balki butun qishloqning kattayu kichigi bahramand bo‘lyapti.
– Yurtimizning qay go‘shasiga qaramang, asrlarga tatigulik ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu kabi o‘zgarishlar kishilarning o‘y-xayoli, ongu shuuridagi yaratuvchanlikning amaliy ifodasi sanaladi. Bugungi kundagi farovon turmush, osoyishta hayot, baxtiyor umrguzaronlik zamirida A’zam ota G‘iyosov kabi keksa nuroniylarimizning mislsiz mehnati, ulkan jasorati, qimmatli pand-nasihatlari yotadi, – deya suhbatga qo‘shiladi Beruniy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulnora Tungatova. – Farzandlari Mirobidjon, Mirsoibjon, Tolibjon, Sobirjon hamda O‘ktamoylarni ham Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘ladigan fidoyi insonlar sifatida kamol toptirdi. Ular ota-onasining o‘gitlariga amal qilib kam bo‘lishmadi. Shuning uchun mahalla-ko‘yning yoshu qarisi nimaiki ezgu ish boshidan tutmasin ota bilan kengashib ish boshlashni odat qilgan. Shunday qariyalari bor bo‘lgan yurtimizga ko‘z tegmasin.
Hozirda otaxon 27 nafar nevara, 25 nafar chevaraning beozor sho‘xliklariyu shodon kulgisidan quvonib umrguzaronlik qilib kelmoqda. Yaqindagina davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib A’zam ota Toshkentdagi nufuzli sihatgohda bepul davolanib keldi.
– Keksalik gashti shu-da, bolam, – deydi A’zam ota baxtidan masrur holda. – Qariganda qobil farzandlarning g‘amxo‘rligi, nevaralarning kamoloti, evarayu chevaralarning “chug‘ur-chug‘ur”ini ko‘rishdan ortiq baxt bormi?! Bunday baxtni menga tortiq etgan Yaratganga, osuda va farovon yurtimizga shukr qilaman.
Ha, inson hayotini bog‘ga qiyos etasan kishi. Bebaho umr bog‘i ham yaxshi parvarish, e’tibordan bunyod bo‘lib yashnaydi. A’zam ota G‘iyosov o‘z hayot bog‘ini o‘zi parvarish eta olgan keksa nuroniylardan biri sanaladi. Zero, bu dunyoda yaxshi insonlardan bog‘ qoladi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri