BOLALIKNING BEG‘UBOR RANGLARI

Yoshlar ijod saroyida “Toshkent quvonchlari” IV Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi yakunlandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro ko‘rgazma g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, o‘qituvchilar, musavvirlar, bolalar taklif etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bunyod etilayotgan bolalar musiqa va san’at maktablari, “Barkamol avlod”, badiiy ijodiyot markazlari o‘g‘il-qizlarning estetik didini tarbiyalash, ma’naviyatini yuksaltirish va iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda yosh mo‘yqalam sohiblari mahoratini oshirish, ijod namunalarini mohir rassomlar, san’atshunoslar nazaridan o‘tkazish va jamoatchilikka tanishtirishga oid ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. “Kamalak jilosi”, “Maftunkor ranglar dunyosi”, “O‘zbekiston — jahon bolalari nigohida” kabi an’anaviy ko‘rgazmalar, tasviriy san’at haftaliklari, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, mahorat saboqlari shular jumlasidandir.

Joriy yilning 10-15 dekabr kunlari Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tgan “Toshkent quvonchlari” IV Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesidan ko‘zlangan asosiy maqsad turli mamlakatlar bolalarining O‘zbekiston, xalqimizning ibratli an’ana va qadriyatlari, bugungi hayoti haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish, bolalar ijodiyotini rivojlantirish, tasviriy san’atga qiziquvchi o‘quvchi-yoshlarning ijodiy mahoratini yuksaltirishdan iborat edi.

Xalqaro ko‘rgazmada o‘zbekistonlik bolalar bilan birga AQSH, Avstriya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarboyjon, Fransiya, Singapur, Italiya, Isroil, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Rossiya, Ruminiya singari o‘ttizga yaqin mamlakatdan 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan musavvirlarning ikki mingdan ortiq ijodiy ishi namoyish etildi. Rasmlar “Bolalik dunyosi”, “Mening Vatanim”, “Men yashayotgan dunyo”, “Mening orzuim”, “Men bilgan O‘zbekiston” singari mavzular bo‘yicha tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Ularda bolalarning O‘zbekiston, oila, tabiat, tinchlik, do‘stlik, ahillik, mehr-muruvvat haqidagi tassavvurlari sodda va samimiy, bolalarga xos beg‘ubor va yorqin tarzda aks ettirilgan.

“Toshkent quvonchlari” IV Xalqaro bolalar biyennalesi bosh sovrini “Bolalik quvonchlari”, “Sayrda” rasmlari uchun Toshkentdagi respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 1-sinf o‘quvchisi Meriyem Aliyevaga berildi.

Yana o‘qing:  San’at, iste’dod, imkoniyat

Xalqaro ko‘rgazmaning barcha g‘olib va sovrindorlariga medallar, diplom va sovg‘alar topshirildi.

Nazokat USMONOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: