NAVQIRON AVLOD KAMOLOTI YO’LIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari, talabalar, o‘quvchilar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Yoshlar salomatligini muhofazalash, ular o‘rtasida tadbirkorlik va ommaviy sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan avlodni inson kamolotiga salbiy ta’sir etuvchi illatlar, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi buzg‘unchi g‘oyalardan himoyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida voyaga yetkazishga yo‘naltirilgan izchil islohotlar o‘z samarasini berayotir. Yoshlarning salomatlik ko‘rsatkichi yildan-yilga yaxshilanib borayotgani, ta’lim, sport, madaniyat, tadbirkorlik kabi sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning salmog‘i ortib borayotgani buning isbotidir.
Deputatlar va yoshlar ishtirokida bunday tadbirlarni tashkil etishdan maqsad mustaqil hayotga kirib kelayotgan avlodni yurtimizda yoshlar kamolotiga yo‘naltirilgan huquqiy-amaliy ishlarning natijalari bilan yaqindan tanishtirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining o‘ziga xos jihatlari xususida bilim va dunyoqarashini yanada boyitishdir.
Davra suhbatida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari, bu yo‘nalishdagi milliy tajriba va xalqaro amaliyot, ushbu yo‘nalishdagi qonunlarni yanada takomillashtirishga oid ma’ruzalar tinglandi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga deputatlar javob qaytardi.
J. HAYDAROVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri