MUSTAQIL YURT OQSHOMI
Namangan shahrining Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqil yurt oqshomi” deb nomlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” ezgu g‘oyasi ostida viloyat hokimligi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mehnat faxriylari, ilg‘or fermer va tadbirkorlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar mustaqillik yillarida mamlakatimiz bosib o‘tgan yuksalish yo‘li, jumladan, viloyatda erishilgan yutuq va marralar aks etgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Shuningdek, “Qadriyatlar namunasi” deb nomlangan milliy hunarmandlik mahsulotlari va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasida mustaqillik yillarida xalq badiiy hunarmandligi va amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasi o‘z ifodasini topdi.
Tadbirning konsert dasturida taniqli san’atkorlar, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ijrosida yangragan Vatan, tinchlik va yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga yanada bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Mirolim ISAJONOV,
Namangan viloyati