MUSIQA ijro etish XOTIRANI MUSTAHKAMLAYDI
Amerikalik mutaxassislar o‘smirlarning doimiy ravishda musiqa bilan shug‘ullanishi miya faoliyatiga ijobiy ta’sir qilib, xotirani mustahkamlash xususiyatiga ega ekanligini aniqlashdi.
Ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish xotiraga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlash maqsadida olimlar 40 nafar o‘quvchi bilan tajriba o‘tkazdi. O‘quvchilar 2 guruhga bo‘linishdi. 1-guruh hafta davomida 2-3 marta musiqa bilan shug‘ullanishdi, 2-guruh esa turli xil sport komplekslariga jo‘natildi. Ular tadqiqot davomida xotirani tovushlar yordamida tekshirib, baholab borishdi.
3 yildan so‘ng tajriba yana takrorlandi. Natija esa kutilganidek ijobiy bo‘ldi. Musiqa bilan shug‘ullangan o‘quvchilar miya faoliyatida ijobiy o‘zgarish kuzatildi. Ularning xotirasi 2-guruhga nisbatan kuchli ekanligi isbotlandi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha har bir o‘rta maktab o‘quvchisi musiqa bilan shug‘ullansa, u xotira bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydi.
Xurshida HUSENOVA