Shodon BOLALAR
Bugunning erkasi, ertaning egasi
Bola atrofdagilar bilan o‘zini taqqoslaydi va mavjud imkoniyatlarining darajasini oshirishga intiladi. Do‘stlari bilan o‘zaro muloqot uning ommaga kirishimli bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bunday paytlarda bolani erkin qoldirish uning mustaqil shakllanishiga ijobiy samara berar ekan.
– Bolalikning dastlabki davri nihoyatda muhim sanaladi, – deydi fikrimizning isboti sifatida Samarqand viloyati 9-son maktabgacha ta’lim “Mehribonlik” uyi rahbari Nodira Rajabova. – Rus yozuvchisi Lev Tolstoy bu davrni tarbiyaning hal etuvchi bosqichi sanab, “Besh yoshli boladan mengacha atigi bir qadam, chaqaloqdan besh yoshgacha bo‘lgan bola orasidagi masofa aqlbovar qilmas darajada uzoqdir”, – degan. Shu jihatlarni e’tiborga olsak zimmamizdagi mas’uliyatning yuki nihoyatda zalvorli ekanini his etamiz.
Bizning muassasada o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi uchun 28 nafar malakali pedagog xodimlar xizmat qilmoqda. Zamon talabiga mos shinam va ko‘rkam yotoqxonalar, kompyuter xonalari bolalarning nutqiy, ruhiy jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib kamol topishi uchun logoped, ruhshunos xonalari shay holga keltirilgan.
So‘nggi yillarda muassasa hududida yangi zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirildi. Natijada bolajonlarga keng va yorug‘ musiqa zali, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan xona, tibbiy xona, o‘g‘il va qiz bolalar uchun izolyator xonasi, sartaroshxona, yotoqxona, 72 o‘ringa mo‘ljallangan umumiy ovqatlanish xonasi, oshxona, o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida hammom, kir yuvish xonasi kabi bir qator qulayliklar yaratildi. “Mehribonlik” uyini yozgi mavsumga tayyorlash bo‘yicha 4 ta yangi zamonaviy ko‘rinishdagi o‘yin maydonchasi, sport zali ta’mirdan chiqarildi, gulxona maydonchalari landshaft dizayn asosida tashkil etildi.
– Mazkur “Mehribonlik” uyida kichik yoshdagi guruhlar soni bitta, MTM yoshdagi guruhlar soni esa oltitani tashkil etadi, – deydi dargohning ma’naviy va ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Marhabo Rahimova muassasa faoliyati haqida tanishtirar ekan. – Bolajonlar bilan ishlash, muloqot o‘rnatish zavqli bo‘lish bilan birgalikda mas’uliyatli hamdir. Zero, ularning barchasi har qachongidanda ota-ona, yaqinlarining mehriga muhtoj yoshdagilar hisoblanadi. Ularning qalbiga yo‘l topa bilish, ko‘nglini ko‘tarish, muassasadagi barcha xodimlardan, shuningdek, tarbiyachi opalardan ulkan matonat, xushmuomalalik talab etadi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan barcha toifadagi pedagoglar ta’lim sifat samaradorligini oshirishda jonbozlik ko‘rsatib kelishmoqda. “Bolajon” dasturini amaliyotga tatbiq etish barobarida ularning hayotini muhofaza qilish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va to‘laqonli ovqatlanishini ta’minlash, moliyaviy faoliyat sifatini yaxshilash kabi masalalar alohida e’tiborga olingan. Muassasada tarbiyalanuvchilar bilan o‘quv yili davomida muntazam ravishda mashg‘ulotlar, turli chiniqtirish-sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilmoqda.
Maktabgacha ta’lim “Mehribonlik” uyida to‘rt nafar hamshira hamda bir nafar shifokor bolalar salomatligi yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Yangi kun boshidan hamshiralar bolalarni alohida ko‘rikdan o‘tkazib, tungi tarbiyachi opalardan ularning holati haqida ma’lumot olishadi va tahlil qilib borishadi. Mashg‘ulotlarda ham ishtirok etib, bolalarning kun davomidagi layoqati, mashg‘ulotlarga yondashuvi nazoratga olinadi. Har oyda bolalar uchun navbat bilan sog‘lomlashtirish kuni tashkil etilib, bunga ko‘ra salomatligida biror o‘zgarish bo‘lgan bolalar muassasaga biriktirilgan bolalar poliklinikalariga jo‘natilib, salomatligini tiklab qaytadi.
Turli o‘yingohlar, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalar maydonchasi bolajonlarning eng sevimli maskani sanaladi. Ayniqsa, 5-6 yoshdagi jajjilar uchun. E’tibor berganmisiz? Bu yerda bola o‘zini erkin his etadi, turli o‘yinlar orqali o‘z imkoniyatlarini belgilab olishga harkat qiladi va bu ular uchun o‘zini “ko‘z-ko‘z” qilishga qulay fursat hisoblanadi.
Xususan, “Mehribonlik” uyida bolalarni aqliy va ruhiy jihatdan barkamol etib tarbiyalash maqsadida bolaga yo‘naltirilgan ta’limga alohida e’tibor berilmoqda va har bir bolani shaxs sifatida kamol toptirish, ularning qobiliyat va iqtidorini rivojlantirish maqsadida ular bilan alohida ishlash uchun muassasada o‘quv markazlari tashkil etildi. “Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari”ning ijrosini ta’minlash niyatida muassasada bolalarning boshlang‘ich bilimini oshirish, nutqini o‘stirish, o‘qish va maktabga tayyorlash, hamda ilk matematik tasavvurlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Katta va tayyorlov guruhlarida esa bolalarning nutq madaniyatini shakllantirish va savodga o‘rgatishda ilg‘or ish uslublaridan foydalanish barobarida bolalarning hayot xavfsizligi asoslari bilan tanishtirish, ularni jismoniy tarbiyalash va sog‘lomlashtirishda noan’anaviy usullardan foydalanilmoqda.
– Muassasadagi bolajonlarimizning eng sevimli joyi bu shubhasiz ularning musiqa xonasi sanaladi, – deydi muassasa rahbari Nodira opa. – Tashkil etilib, zamonaviy qiyofaga keltirilgan musiqa xonasida tajribali pedagog Iroda Allayeva raqs va musiqadan bolajonlarga saboq berib kelmoqda. Nafaqat muassasasamiz, balki viloyat miqyosida o‘tkaziladigan hech bir tadbir bizning jajji ishtirokchilarimizsiz o‘tmaydi. Bu esa bolalarimizning qiziqish va o‘ylaridan ustozlari doimo boxabar ekanidan dalolat beradi.
– Bolaga har qanday to‘kin shart-sharoit muhayyo qilinmasin, bularning barchasi o‘z oilasidek bus-butun bo‘lolmaydi, – deydi muassasada ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yurayotgan Shohista Turdiyeva. – Shuning uchun biz farzandlarimizni imkon qadar o‘z oilasi bilan yashashi tarafdorimiz. Joriy yilning shu kuniga qadar yetti nafar bola ota-onali, oilali bo‘lishdi. O‘tgan yilga nisbatan bu yilgi natija ijobiy sanaladi. O‘ylaymizki, yil yakuniga qadar yana samarali o‘zgarishlar bo‘ladi. Shuni faxr bilan ayta olamizki, shu vaqtga qadar bolalarimizdan shikoyat, yoki muassasaga qaytib kelish kabi holatlar bo‘lgan emas.
Bu yili 34 nafar bola 7 yoshga to‘lib, viloyatdagi “Mehribonlik” uyiga o‘tkaziladi. Qo‘shni “Mehribonlik” uyi xodimlari o‘rtasidagi samimiy munosabat, ijtimoiy aloqalar ijobiy tus olganligi sababli bolajonlarning yangi muhitga moslashib ketishida uncha qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shuningdek, o‘zga “Mehribonlik” uyiga o‘tkazilgan bolajonlar ham tez-tez muassasaga kelib, tarbiyachi opalar bilan uchrashib turishi yaxshi an’anaga aylangan.
– O‘tgan yili bir qancha bolalarimizni sog‘lomlashtirish sanatoriyalariga, yozgi oromgohlariga homiylik asosida jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan edik, – deydi Marhabo Rahimova. – Ammo, tarbiyalanuvchilarimiz yosh jihatidan kichik bo‘lgani tufayli bu yili bolalarimizga bunday imkoniyatni tuhfa eta olmadik. Shuning uchun istardikki, muassasamiz qoshida kichik yoshdagi bolajonlar uchun mo‘ljallangan yozgi oromgoh, sanatoriyalar tashkil etilsa maqsadga muofiq bo‘lar edi. Bu bolalarimizning yanada sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishlariga zamin hozirlashi shubhasiz.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri