QAT’IYAT, INTILISH BEIZ KETMAYDI
Yurtimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, hayotda munosib o‘rin topishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi kunda Buxoro qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji yoshlari ham ana shunday qulayliklardan samarali foydalanib kelmoqda.
Kollejimizning qurilish va pardozlash ishlari yo‘nalishida bir necha yildan buyon o‘quvchilar tahsil olishadi. Unda zamonaviy qurilish texnologiyalaridan samarali foydalanadigan mutaxassislar tayyorlanadi. O‘quvchilarimiz bugungi kun talabini inobatga olgan holda tashkillashtirilgan darslarda mozaika, marmar bilan ishlash, pardozlash sir-asrorlaridan boxabar bo‘layaptilar.
Bu borada bo‘lajak ustalarimizga “KNAUF Buxara gips” Germaniya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi huzuridagi “KNAUF” o‘quv-konsultativ markazi yaqindan ko‘makdosh bo‘layotir. Mazkur korporatsiya jahonning 140 dan ortiq davlatida o‘zining zavodlari, o‘quv-konsultativ markazlari bilan mashhur. Kogon tumanida joylashgan “KNAUF” o‘quv markazi ham o‘quvchilarimizning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan. Kollejimiz o‘quvchilari bu korxonada amaliyot o‘taydilar. Bu e’tiborning natijasi o‘laroq, o‘tgan yilgi ikki nafar bitiruvchimiz “KNAUF”da hamda viloyatimizdagi turli korxonalarda o‘z sohasi bo‘yicha faoliyat yuritayotir.
Kollejimiz an’analariga muvofiq xalqaro, respublika yoki hududiy tanlovlarda qatnashish uchun o‘quvchilarimizning salohiyatini mutaxassislarimiz tomonidan tuzilgan testlar, amaliy topshiriqlar vositasida sinovdan o‘tkazamiz. Bu albatta o‘z natijasini ko‘rsatayapti. O‘quvchimiz Umid Narzullayev o‘tgan yilda Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida bo‘lib o‘tgan “Quruq usulda qurilish va pardozlash” ishlari bo‘yicha kasb-mahorati ko‘rik-tanlovida II o‘rinni egalladi. Shuningdek, respublika miqyosidagi kasb-mahorat ko‘rik-tanlovida bizning o‘quvchilarimiz ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Buning natijasida Qozog‘istonning Astana shahrida bo‘lib o‘tadigan tanlovga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, u yerda MDH davlatlari o‘rtasida III o‘rinni egallashdi. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Quruq usulda qurilish” ko‘rik-tanlovida Sanjar Qo‘chqorov va Bexruz To‘xtayev ham I o‘rin sohibi bo‘ldi.
– Bu tanlovda ishtirok etish va unda g‘oliblikni qo‘lga kiritishni va shu orqali kollejimizda o‘zimning kichkina g‘alabam bilan esda qolishni juda xohlagan edim. Vatanimizga foydam tegadigan kasb ustasi bo‘lish azaliy orzuim, – deydi Sanjar Qo‘chqorov.
Darhaqiqat, xalqaro standartlarga javob beradigan, qurilish va pardozlash ishlarining hadisini olgan mahorat egalarini o‘qitishdek sharafli hamda mas’uliyatli ishning boshida turganimizdan biz ustozlar ham quvonamiz.
Rohila ZARIPOVA,
Buxoro qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi