KARVING SAN’ATI
tabiiy mahsulotlardan mo‘jizalar
Bugungi kunda to‘y va tantanalar uchun bezatilgan dasturxon to‘rini karving san’ati namunalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda bu san’at asarini faqat tomosha qilish mumkin, uni iste’mol qilishga esa ko‘zingiz qiymaydi. Qisqa vaqt ichida keng tarqalgan mazkur san’at o‘ziga xos tarixga ega.
Ushbu san’at turi Janubi-sharqiy Osiyodan kirib kelgan. Qadimgi Yaponiyada ovqatni sopol idishlarda dasturxonga tortishgan, ustini bezatishda esa turli xildagi barglardan foydalanishgan. Bora-bora oshpazlar barglarni chiroyli qilib joylashtirish, ularni ovqatga qo‘shimcha sifatida kesib dasturxonga tortish taomni yanada ishtaha ochishida ko‘mak berishini tushunib yetishgan. Barglarni san’at darajasida yig‘ish “mukimona” nomini olgan. XVI asrda Tokioda bu san’at rasmiy ravishda e’tirof qilina boshlangan.
Afsonaga ko‘ra Sukxotai podsholigining Loykratxong qirollik festivalida Nang Noppamar ismli qiz suvda suzib yuruvchi chiroq ko‘rinishidagi karving namunasini namoyish qiladi. Chiroq meva va sabzavotlardan yasalgan bo‘lib, unga turli xildagi gullar va qushlar tasviri tushirilgan edi. Bu san’at asari qirolni qoyil qoldiradi. U o‘z mamlakatida yashayotgan har bir ayolga bu san’at turini sohibi bo‘lishi kerakligini shart qilib belgilaydi. Keyinchalik esa meva va sabzavotlarni kesish san’ati barcha uzoq-yaqin mamlakatlarga an’ana tarzida tarqaladi.
Vaqtlar o‘tib karving Yevropaga kirib kela boshlaydi. Qizig‘i u bu yerda unchalik mashhurlikka erishmaydi. Bunga sabab esa Osiyo va Yevropa taomlari orasidagi tafovutda edi. Osiyo oshxonasida barchaga manzur bo‘luvchi o‘simliklardan tayyorlangan ovqatlarni chiroyli qilib dasturxonga tortish urf bo‘lgan. Yevropada esa asosan go‘sht, baliq va sabzavotlardan tayyorlangan ovqatlar ortiqcha bezaklarsiz tanovul qilingan. Ammo Yevropa restoranlari bundan mustasno edi.
Zamonaviy uslub
So‘ngi paytlarda karving butun dunyoda keng tarqala boshladi. Meva va sabzavotlar uyg‘unligida yasalgan san’at asari har bir bayram dasturxonining to‘ridan joy olmoqda. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha bunday san’at namunalarini yaratish uchun insondan kuchli sabr-toqat, diqqat va eng asosiysi boy fantaziya talab qilinadi.
Karvingni uy sharoitida, biror tanishingizdan yoki internet vositasi yordamida o‘rganish mumkin. Shu bilan birgalikda maxsus karving o‘quv kurslarida ham malaka oshirsa bo‘ladi.
Bu san’at asarlarining ustiga limon sharbatidan tomizish yordamida uni “umrini uzaytirish” mumkin. Karving san’atini o‘ziga xos chiqishida ranglar uyg‘unligiga e’tibor berish eng muhimi sanaladi. Masalan, bodringni tanlagach navbatdagi mahsulot bu bilan uyg‘un keluvchi oq rangli piyoz hisoblanadi. Karving uchun eng o‘ziga xos sabzavot bu bulg‘or qalampiri sanaladi. Uning boy ranglaridan san’at asari darajasidagi ko‘rkam ko‘rinishni yaratish mumkin.
Karving uchun asboblar
Oddiy karving uchun maxsus asboblar shart emas. Ko‘pgina mahsulotlarni oddiy o‘tkir pichoq yordamida ham kesish mumkin. Ammo, bu san’at turini yaratish uchun turli shaklda kesuvchi maxsus pichoqlar ham mavjud.
Uning dunyo mamlakatlarida o‘ziga xosligi
Osiyo karving ustalari bezak uchun tarvuz, qovun, papaya, qovoqdan foydalanib ulardan asosan gullar shaklini yasashadi. Yevropa karving ustalari esa bezak uchun rediska, sholg‘om, sabzi, kabachka (qovoqcha), bulg‘or qalampiri va achchiq qalampirdan foydalanishadi.
Karving yaratish texnologiyasi turli mamlakatlarda turfa xildir. Xitoy va Yaponiya texnikasida ishlash uchun ko‘p miqdorda shakllar, pichoqlar va qoliplar kerak bo‘ladi. Oshpazlar bu asboblar yordamida insonlar va hayvonlar hamda iyerogliflarni yaratishda foydalanishadi. Bu xildagi bezaklarning afzalligi shundaki, ulardan ajdar, urush sahnalari va tabrik so‘zlarini yasash mumkin.
SHU O‘RINDA
Karving ingliz tilidan tarjima qilinganda “kesmoq” degan ma’noni anglatadi. Bu san’at yordamida asosan meva va sabzavotlardan nozik did bilan turfa xil kompozitsiyalarni yaratish mumkin.
Xurshida HUSENOVA tayyorladi