Bo‘stonliqdagi oromgohlar xivalik bolalar bilan gavjum

Odamzod dunyoga kelibdiki, uch buyuk orzu unga yo‘ldosh: biri – to‘q va farovon hayot kechirish, ikkinchisi – tinch, osoyishta yashash, uchinchisi – hur, ozod bo‘lish. Ana shu uch buyuk orzuga erishish imkoniyati ozod va obod yurtimizning har bir bolasida mavjud desam xato bo‘lmaydi. Chunki, yurtimiz odamlari mehri bilan bolalarimizning komil inson bo‘lishiga ko‘maklashayapti.

Xorazm viloyatidagi Xiva “Mehribonlik” uyi faoliyatini kuzatib bu so‘zlarning haqiqatligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

– O‘zbekiston go‘zal, betakror tabiati, so‘lim manzaralari va undagi ajoyib bolalar oromgohlari bilan ham mashhur, – deydi Xiva “Mehribonlik” uyi direktori Vera Pak. – Shohimardon soylari, Zomin archazorlari, Urgut chinorlari, Boysun, Hisor, Bobotog‘, Bo‘stonliqning tengsiz go‘zalliklari tillarda doston. O‘lkamizdagi “Mehribonlik” uylari bolalari ana shunday maskanlardagi oromgohlar quchog‘ida yozgi ta’tilni o‘tkazadilar. Bizning bolalarimiz bir necha yildirki, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining xushmanzara “Mehrjon”, “Boychechak”, “Mehribon” nomli bolalar oromgohlarida yozgi ta’tilni ko‘ngilli o‘tkazishi an’anaga aylandi. Mazkur oromgohlarda uch mavsum davomida Xorazm viloyati Kasaba uyushmasining sa’y-harakatlari orqali kam ta’minlangan oilalardan 80 nafar bola dam olmoqda. Ulardan yigirma nafari bizning tarbiyalanuvchilarimizdir. Bu yil o‘n yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan oltmish nafar o‘quvchilarimiz bu so‘lim maskanlarda dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Eng quvonchli voqealardan biri “Mehrjon” bolalar oromgohi direktorining bizga yo‘llagan maktubi bo‘ldi. Unda muassasamiz tarbiyalanuvchilari turli madaniy va sport tadbirlarida faol qatnashayotgani va dam olish maskanida uyushtirilayotgan tadbirlarning qiziqarli o‘tishiga munosib hissa qo‘shayotganlari haqida yozib, minnatdorlik bildiribdi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Zero, bolalarimizning yutug‘i, ular erishgan muvaffaqiyatlar mening ham yutug‘im deb bilaman. Ular haqida yaxshi so‘z aytilsa yayrab ketaman.

Shuningdek, bizning maskanda ham viloyat Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi ko‘magida 5 mavsumli “Rayhon” bolalar oromgohi tashkil qilindi. Unga yozgi ta’tilni ko‘ngilli o‘tkazishni istagan Xivadagi ba’zi maktablarning bolalarini ham jalb qildik. Har mavsumda 400 nafar bola dam olayapti.

– Men Xiva “Mehribonlik uyi”da tarbiya topdim. Tarbiyachi opalarimning bergan bilim va saboqlari tufayli Urganch davlat universitetiga o‘qishga kirdim. Oliygohni tamomlab, yana shu maskanga ishlagani kelganimga ham to‘rt yil bo‘ldi, – deydi mussasaning jismoniy tarbiya murabbiyi Jamol Abdullayev.

Yana o‘qing:  Oltin kuz tarovati

U jismoniy tarbiyadan dars berish bilan bir qatorda, yozda bolalar bilan ikki mavsumda “Mehrjon” va “Boychechak” oromgohlarida tarbiyachi bo‘lib ishlamoqda.

– Biz Bo‘stonliqdan kecha qaytib keldik. U yer o‘z nomi bilan Bo‘stonliq. Qanday bo‘ston ekanligini nomining o‘zi aytib turibdi. Mana ikki yildirki bolalar bilan birga tarbiyachi sifatida oromgohga boraman. Yozgi ta’tilni rohatijon tog‘lar bag‘rida ko‘ngilli o‘tkazayotgan, miriqib cho‘milayotgan, toza havodan nafas olib, so‘lim tabiatdan bahramand ulg‘ayayotgan, qiziqarli tadbirlarda faol qatnashayotgan bolalarni kuzatib xursand bo‘laman. Vatan mehrini bu yerda har bir daqiqada his qiladi kishi.

Oromgohda ko‘plab mashhur insonlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirilib turiladi. Masalan, mamlakatimizdagi Koreys madaniy markazi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak kelib, ushbu markaz nomidan bolalarga sovg‘alar ulashdi. Uning so‘zlarini, bolalarga berayotgan saboqlarini, koreys xalqi, madaniyati haqidagi suhbatlarini tinglab, asl milliy qadriyatlar hamisha umuminsoniy mohiyatga ega bo‘ladi degan xulosaga keldim. V. Pak bilan uchrashuv bolalarda katta taassurot qoldirdi. U kishi bilan bolalar koreyscha raqsga tushishdi. Bunday tadbirlar bu yerda tez-tez bo‘lib turadi.

Bolalarni sog‘lom turmush tarziga oshno qilish maqsadida oromgohlarda muntazam sport musobaqalari o‘tkazib turiladi. Musobaqalarda ishtirok etish orqali bolajonlar o‘z salomatliklarini mustahkamlash bilan bir qatorda o‘z mahoratlarini ham oshirib borishmoqda. Xivalik Shohista Ro‘zmetova, Bobojon va Dadajon Shomurotovalar shaxmat musobaqalarida ishtirok etib g‘olib bo‘lishdi. Shoira Abdullayeva va Farzona Yo‘ldosheva esa sportning suzish bellashuvlarida ishtirok etib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Bolalarimizning barcha tadbirlarda faol qatnashayotgani bizni quvontirdi.

Ularning suhbatini tinglab bir narsaga amin bo‘ldim: shu yo‘sinda tarbiya ko‘rgan bolajonlar aslo yolg‘izlikni his qilmaydi. Bu baxtiyor turmush, farovon hayot albatta, yurtimizning tinchligi, osoyishtaligi samarasidir.

Oydin SA’DULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: