O‘QITUVCHI: zamon bilan hamnafas
Bir yigit bilan to‘rt yil burun respublika pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hovlisida tanishib qoldim. Rosti anchadan buyon xayol daryosiga g‘arq bo‘lib o‘tirgan yigitning o‘zi gap tashlab qoldi:
– Aka, siz ham maktab direktori bo‘lib ishlaysizmi?
– Ha, nima edi, – savolga savol bilan javob qaytardim.
– O‘zim, shunchaki, – dedi yangi tanishim.
Malaka oshirish kurslari qisqa muddatli. Atigi yigirma to‘rt ish kunini qamrab oladi. Ammo shu qisqa fursatda faqat pedagogika fani yutuqlari, yangi pedagogik texnologiyalar, boshqaruv san’ati yuzasidan tushunchalaringiz olamini kengaytirib qolmasdan, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lasiz. Bir so‘z bilan aytganda bu jarayon kelgusi faoliyatingizda burilish yasashi, turfa fe’l-atvordagi kishilar birikkan jamoani muvaffaqiyatli boshqarishingizga yo‘l ochib berishi shubhasiz. Shu bois unda zerikishga o‘rin yo‘q, biroq bu yigit…
– Biron tushunmovchilik bo‘ldimi, bemalol gapiravering, – dedim uning ko‘ngliga yo‘l topishga urinib. Yigit bir muddat taraddudlanib turdi-da, tag‘in savol berdi:
– Nechchi yildan buyon direktor bo‘lib ishlaysiz?
– O‘n yildan oshdi, o‘zingizchi?
– Rahbar etib tayinlanganimga ikki oy bo‘ldi, hech ko‘nikolmayapman, oddiy o‘qituvchiligimga qaytganim yaxshimikin?!
Suhbat asnosida uning maktab rahbarligiga tayinlanguncha o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan dars berganini, har bir darsni ko‘rgazmali qurollar asosida o‘tkazib, ijobiy natijalarga erishgani bois oliy malaka toifasiga ega bo‘lganligi, ta’lim-tarbiya jarayonidagi qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari uchun direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foiz ustama haq olishini, ishdan bo‘sh vaqtlari o‘n besh-yigirma nafar o‘quvchiga repetitorlik qilib, oliygohga kirish imtihonlariga tayyorlaganini, bundan ozmi-ko‘pmi manfaatdor bo‘lganligini bilib oldim. Eng asosiysi, kasbi, o‘quvchilari to‘g‘risida gapirganida uning yuzlaridan nur yog‘ilib turardi:
– Direktorning ko‘p vaqti tashkiliy ishlarga, turli yig‘ilishlarga sarflanar ekan, o‘quvchilarimdan begonalashib borayapman.
– Bolalarga mehringiz kuchli ekan, yaxshisi o‘qituvchiligingizga qayting, shunda maktab ishiga foydangiz ko‘proq tegadi, – maslahat berdim unga. Oradan bir-ikki yil o‘tib poytaxtda tag‘in u bilan uchrashib qoldim:
– Maslahatingizga kirib, rahbarlikni topshirdim, bugun o‘quvchilarimni fan olimpiadalari respublika bosqichiga olib kelgandim, – dedi u ko‘zlari yashnab.
Men bu voqeani bejizga eslamadim, ba’zan qulog‘imizga buning aksi, o‘quvchilar bilan qo‘pol munosabatda bo‘layotgan, muomalasi qashshoq o‘qituvchilar haqidagi gap-so‘zlar chalinib qoladi. Bunday hamkasblarimiz o‘z xatti-harakatlarini xaspo‘shlash uchun bahona ham topib olishgan:
– O‘quvchi muallimdan cho‘chimasa uy vazifalarini bajarmaydi.
To‘g‘ri, o‘qituvchi-o‘quvchi munosabatlarida ongli intizom bo‘lgani maqbul, lekin u tazyiq ostida o‘rnatilishi emas, o‘zaro hurmat asosida qurilishi lozim. Maktabda asosiy ko‘rsatkich sifat o‘zlashtirishi, ya’ni sinfdagi o‘quvchilarning umumta’lim dasturiga kirgan fanlarni davlat ta’lim standarti talabiga mos ravishda, ijobiy baholarda egallashidir. Albatta o‘qituvchi o‘quvchilarining yaxshi o‘zlashtirishidan ham moddiy, ham ma’naviy manfaatdor. Shunday ekan, har bir o‘qituvchi o‘quvchilarining fanni yaxshi o‘zlashtirishiga intilishi tayin. Yaxshi o‘qituvchi bunga rang-barang uslublarni, yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llab o‘tayotgan, o‘quvchilarni qiziqtirishga qodir darslari bilan yetishsa, no‘noq, bir qolipdan chiqolmaydigan o‘qituvchi o‘quvchiga tazyiq o‘tkazish orqali maqsadiga erishishga intiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘quvchi bilan qo‘pol munosabatda bo‘lish, o‘sha o‘qituvchining o‘z bilimsizligini, layoqatsizligini yashirish vositasi xolos, bolajon muallim hech qachon shogirdlari dilini og‘ritmaydi.
***
Birinchi sinfda tahsil olayotgan nabiram bor, kompyuter ishqibozi.
– Yashasin, bugun ingliz tili darsi bor, – dedi u bir kuni maktabga yo‘l olarkan.
– Nimasi zo‘r, – so‘radim o‘smoqchilab.
– Ustozimiz bizga kompyuterda “multik” qo‘yib beradi.
Shu kuniyoq vaqt topib nabiram sinfdoshlari bilan “ingliz tili” xonasiga kirganda ochiq turgan eshikdan mo‘raladim. Gapning rosti, ekrandagi qahramonlar bilan jo‘r ovozda ingliz tilidagi turli so‘zlarni, matnlarni talaffuz qilayotgan, qo‘shiq kuylayotgan bolalarni ko‘rib quvondim. Bugun birgina ingliz tilidan emas, maktab o‘quv dasturiga kiritilgan boshqa fanlardan ham elektron darsliklar yaratilib, barcha bilim maskanlariga yetkazib berilgan. Ularda mavzuni o‘quvchi ongiga to‘laqonli yetkazish uchun barcha qulayliklar yaratilib qolmasdan, aqlni charxlaydigan boshqotirma, test savollariga ham keng o‘rin berilgan. Bir so‘z bilan aytganda o‘qituvchiga tayyor dastyor. Maktablarning kutubxonalarida dasta-dasta elektron dars ishlanmalari qalashib yotibdi. O‘qituvchilar ulardan samarali foydalansa-ku yaxshi, aks holda kutubxona javoni so‘nggi manzil bo‘lib qolaveradi. O‘qituvchilarning kompyuter savodxonligini oshirishlari, o‘z faoliyatlarida yangi o‘quv-texnika vositalaridan samarali foydalanish ko‘nikmasini hosil qilishlari, dars jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etishlari uchun maktablarda malaka oshirishni takomillashtiruvchi axborot kompyuter texnologiyalarini o‘rganish kurslari ishlab turishi talab etilayapti. Ammo joylarda bunday kurslar amalda emas, qog‘ozda faoliyat ko‘rsatishi hollari ko‘proq uchrab turibdi. To‘g‘ri, o‘qituvchiga kun sayin takomillashayotgan o‘quv-ko‘rgazma vositalari va tarqatma materiallariga tayanib faoliyat yuritishni, har bir darsga yangi talqinlar olib kirishni ko‘rsatmalar berish bilan o‘rgatib bo‘lmaydi, muhimi uning o‘zi yangilanishga ehtiyoj sezishi, kun o‘tariga dars o‘tish qo‘nikmasini tark etishi lozim. Bugunning o‘qituvchisi har bir mavzu bo‘yicha o‘quvchi ongida davlat ta’lim standarlari talablari darajasidagi bilim, ko‘nikma va malakani hosil qilish uchun darslikda qayd etilgan tushunchalarni takrorlash bilan cheklanib qolmasdan, uni hayot bilan bog‘lashi, jonli misollar asosida shogirdlari ongida aks ettirishi, shu asnoda ularning o‘qish, bilim olish istaklarini oshirishi lozim. Shunda “bizga qanday o‘qituvchilar kerak” degan savol o‘z-o‘zidan kun tartibidan tushib qoladi.
Abdunabi ABDIYEV,
Mirishkor tumanidagi 22-umumta’lim maktabi direktori