AHOLI SALOMATLIGI YO’LIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida dori vositalari va farmatsevtika faoliyatiga oid qonunchilik asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Yo. Umarov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiy-ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan uzluksiz islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish va salomatligini muhofazalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Inson salomatligini ta’minlashda tibbiy yordam tizimi bilan bir qatorda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholining sifatli dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini qondirish muhim ahamiyatga ega.
1997 yil 25 aprelda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bu sohadagi ishlarni tashkil etishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Istiqlolning dastlabki yillarida mamlakatimizda atigi ikkita farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 149 taga yetdi. Ushbu korxonalar tomonidan qariyb bir yarim ming nomda dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Ilm-fan, tibbiyot sohasi, farmatsevtika sanoatining kundan-kun taraqqiy etishi ushbu sohadagi huquqiy asoslarni takomillashtirishni taqozo etayotir. Shundan kelib chiqib, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida turli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi qonunosti hujjatlari ro‘yxati shakllantirildi. Rivojlangan davlatlarning ushbu sohaga oid qonunlari qiyosiy tahlil qilindi.
Xalqaro amaliyotga mos ravishda ishlab chiqilgan qonun loyihasida aholini sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash me’yorlari, farmatsevtika faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi barcha yo‘nalishlar qamrab olingan bo‘lib, unda tegishli tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari aniq belgilangan. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash, tashish va zararsizlantirish, ularni olib kirish va olib chiqish tartibi, boshqa qator masalalar qamrab olingan.
Tadbirda dori vositalari va farmatsevtika faoliyatiga oid milliy qonunchilik va xalqaro tajriba, yangi qonun loyihasining o‘ziga xos jihatlari, unga binoan kiritilayotgan yangiliklarning soha rivojidagi o‘rni xususida fikr almashildi.
B. XIDIROVA,
O‘zA muxbiri