KO‘ZGA KO‘RINMAS XAVF
Hozirgi kunda albatta kundalik va ijtimoiy hayotda muloqotni uyali aloqa vositalarisiz, kompyutersiz, telefon va planshetlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Albatta hammamizga ma’lumki, homiladorlik har bir ayol uchun muhim va mas’uliyatli davr hisoblanadi. Bu davrda har bir bo‘lajak ona o‘zini ehtiyot qilishga harakat qiladi. Homiladorlik davrida ayol organizmi ikki jon uchun faoliyat yuritadi. Chunki, bu davrda bo‘lajak onaning organizmi o‘ziga xos tartibda ishlab, turli xil tashqi va ichki omillarga ta’sirchanligi oshadi.
Xonadonimizda ko‘pgina maishiy va elektr uy jihozlari o‘zidan ko‘zga ko‘rinmas, zararli elektromagnit nurlarini chiqaradi. Bu esa inson organizmiga salbiy ta’sir etib, gen va hujayra darajasidagi yomon oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun homiladorlik davrining birinchi trimestri (uch oyligi)da ayniqsa, homilaning tana a’zolari shakllanayotgani uchun ham bo‘lajak onalar huda-behuda “qo‘l telefon”larida soatlab gaplashishdan tiyilishlari lozim. Ha, haqiqatdan ham bo‘lajak onaning qo‘lidan kun davomida “sotka” tushmasa homilaning asab tizimi qo‘zg‘aluvchan bo‘ladi.
Bu esa o‘z navbatida ularning jizzaki, qaysar va huda-behudaga harakatchan (giperfaol) go‘dak bo‘lib tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli bo‘lajak onalarga “oltin me’yor” qoidasiga amal qilishlarini tavsiya etamiz. Zarurat bo‘lmasa uyali aloqa vositasidan va simsiz radiotelefonlardan foydalanmaslik kerak. Undan ko‘ra simli uy telefonlari ma’qul. Ayniqsa, kompyuterda uzoq o‘tirib ishlash ularning ko‘ziga katta bosim bilan ta’sir qiladi. Shuning uchun ishlari kompyuter bilan bog‘liq xodimlar himoya ko‘zoynaklarini taqib, monitor ham himoyalanishiga e’tibor qaratishlari kerak. Yana albatta texnik vositalardan foydalanishda zarur bo‘ladigan umumiy qoidalarga amal qilish lozim. So‘nggi paytlarda tibbiyot sohasidagi mutaxassis – tadqiqotchilarning fikricha hayvonlar ustida olib borilgan tajribalarga asoslanib elektromagnit maydonining molekulyar, genetik va to‘qima hujayralari darajasida salbiy ta’sir etishi kuzatilgan.
Agar homilador ayolda yaqindan ko‘raolmaslik kabi ko‘z kasalligi mavjud bo‘lsa kompyuter ta’sirida u yanada kuchayib ketadi. Bo‘lajak ona doimo va faol ravishda uyali aloqa vositalaridan foydalansa undagi gen va xromosomalar tarkibi buziladi. Bu esa o‘z navbatida go‘dakning rivojlanishiga, ayniqsa, homiladorlik davrining ma’suliyatli birinchi trimestrida asab tizimi shakllanishida juda yomon iz qoldiradi. Yana bo‘lajak onaning periferik qon tomirlari torayishiga salbiy ta’sir etuvchi monitor va uyali aloqa vositalari sababli bachadon va yo‘ldoshning qon bilan ta’minlanishi buziladi. Bu esa o‘z navbatida homilada gipoksiyani keltirib chiqaradi. Natijada homiladorlik davrining birinchi uch oyligi(trimestr)da homilaning tushish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Zararli elektromagnit to‘lqinlar bo‘lajak ona sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir etib, unda mavjud kasalliklar va toksikozni yanada kuchaytirib yuboradi.
Ammo har narsada me’yor borligini unutmaslik kerak. Shu sababli tamaddunga xos taraqqiyot omillaridan biri bo‘lmish kompyuter va ayniqsa, uyali aloqa vositasini ham zarur hollardagina qo‘llashni tavsiya etgan bo‘lar edik.
Dilorom KENJAYEVA,
oliy toifali shifokor-neonatolog