Noto‘g‘ri qadam

Hovlimiz etagidagi gilos daraxti yil sayin o‘sib, hosili g‘uj bo‘lib bordi. Dadam tirikligida ilk nishonaning mo‘l hosilini ko‘rib – O‘z boshiga yetmasaydi, – degandi. Ko‘chatni padari buzrukvorim niholligida notanish og‘aynisinikidan olib kelgan ekan. – Qodir, ko‘chatni hovling etagiga ek. Vaqti kelib yaxshi hosilga kiradi, deganida onam negadir: – Yoshingizga yarashadigan ishni qilsangizchi, – deya qarshilik qilgan edi. Ochig‘i onamning o‘zini tutishiga unchalik tushunmaganman.

– Sen nimani ham tushunarding, hech bir ish bekorga bo‘lmaydi. Nabiralarning nasibasidir. Daraxt hosilga kirsa, Qodirni bolalari yeydi, seni va meni ham og‘zimiz tegadi, derdi dadam. Onam esa oxiri baxayr bo‘lsin, derdi. Dadam esa volidamning so‘zlariga beparvolarcha – Onangni gapiga quloq solma, hali hosilning mo‘lligidan eplolmay qolasan, degandi menga.

Yillar o‘tib, gilos ayni kuchga kirib shu qadar mevasi mo‘l bo‘ldiki, qo‘shnilar to‘rt-besh daraxtning hosilini yig‘ib to‘kkanida ham shu daraxt mevasi kabi shirin va bo‘liq bo‘lmasdi. Hosilidan opa-ukalarimnikiga, onamga hamisha ilinib, jo‘natardim. Ammo negadir onajonimning shu gilosdan tatib ko‘rganini hech ko‘rmadim. Qishlik g‘amim ham binoyidek bo‘lardi. Bora-bora gilosning ta’rifi mahalla-ko‘y va qarindoshlarnikida mashhur bo‘lib, payvand etishga uning novdasidan olib ketishadigan bo‘lishdi.

– Ona! Kishi dunyodan o‘tganidan keyin ham u ekkan daraxtdan kimdir bahramand bo‘lsa, savobi o‘sha marhumga yetar ekan, deb eshitganman. Ehtimol, shu gilosning ham savobi dadamga dasturxon bo‘layotgandir, – desam. Ha, ishqilib nima bo‘lsa ham bari xayrli bo‘lsin. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni Yaratganning o‘zi kechirsin, bolam! – deya biroz sukut saqladi-da, asta – Qodir, gilosning shoxlari mo‘rt bo‘ladi, deyishadi. Arzimagan yukni ko‘tara olmas emish. Daraxtning bahridan o‘t. Uni kesib tashlagin… – deb nimanidir menga aytmoqchiday biroz kalovlandi. – Ie, ona, “Chumchuqdan qo‘rqqan, tariq ekmaydi”, deb onamning so‘zini bo‘ldim. Gilos hali baquvvat. Sinadigan emas. Tuzukkina osh-nonimni yo‘q qilaymi, ona! Ustiga-ustak dadamdan yodgor bo‘lib qoldi.

– Sening tinchingni, o‘ylaymanda, bolam, – debdi onam.

Negadir onamni har ko‘rgani borganimda, “bolalaringga hazir bo‘l. Gilosga chiqmasin. O‘zing ham undan ehtiyot bo‘lgin”, degan xavotirli so‘zlarini qo‘yay demasdi.

Navbatdagi bahor. Bu yilgi hosil avalgisidan ham mo‘l bo‘ladi chog‘i, daraxt gullarga o‘ralib olgandek. Adashmabman. Shoxlaridagi hosil “cho‘g‘” bo‘lib yonadi-ya. Tikka o‘sgan shoxlardagi gilosni bir amallab terib olish kerak…

– Qodir aka uydan sizga hozirgina qo‘ng‘iroq qilishdi. Tezda uyga borarkansiz… Qiziq, shu choqqacha uydan qo‘ng‘iroq bo‘lmagan… tinchlikmikan? Ming bir xayol bilan uyga keldim. Hovlida gilosning azim shoxi yerda uzala bo‘lib yotar, chelakka terilgan giloslar har tomonga sochilib ketgan edi. Peshayvonda rafiqam nima dedi… “Odiljon… teraman deb”… atrofni quyuq tuman chulg‘agandek nazarimda. Qulog‘im bitib qolgan chog‘i, shifokorning so‘zlarini anglolmayapman. “Kuchli zarbdan dedimi? Qo‘li singan!!!”… ichkarida esa onamning achchiq ko‘z yosh ila hasrat bilan “Aytuvdim, Sizga o‘g‘irlangan ko‘chat ko‘karmaydi unsayam buyurmaydi, deb dadasi… aytuvdim. Odiljonimda nima ayb edi?” deya aytgan so‘zlari qulog‘imga elas-elas eshitilardi…

Ota o‘z hayot daraxtiga bolta urmaydi. Ammo o‘ylamay qilingan noto‘g‘ri qadam ortidan esa hayot bog‘iga putur yetkazib qo‘yishi mumkin ekan?!

Ma’rifat TOLIPOVA

Yana o‘qing:  Qalbga ozor yetkazilsa…

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: