IJODIY MAKTABDA YANGI KO‘RGAZMA
Toshkent Fotosuratlar uyi huzuridagi ijodiy maktab-studiya bitiruvchilarining navbatdagi fotoko‘rgazmasi ochildi.
Mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish, iste’dodini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotir. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur maktab-studiya fotografiya san’atiga qiziquvchi yoshlarning amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘z tengdoshlari ijodi bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish imkonini yaratmoqda. Shu bilan birga fotoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning asarlarini ommaga yetkazish kabi vazifalarni bajarmoqda.
Bu galgi ko‘rgazmada o‘n besh nafar havaskorning yurtimizning betakror tabiati, madaniyati, san’ati va mehnatsevar odamlari aks etgan uch yuzga yaqin ijodiy ishi namoyish etilmoqda.
Z. MAMATQULOVA