EKOLOGIK NAZORAT KUCHAYTIRILDI
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Guliston mahallasida atrof-muhitni muhofaza qilish va joylarda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda aholining faolligini kuchaytirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar jarayonida tabiatdan oqilona foydalanishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgani ekologik muhit musaffoligini ta’minlash va jamiyatimizni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Seminarda mamlakatimiz ekologik qonunchiligining o‘ziga xos jihatlari, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik nazorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ekologik nazorat jamoatchi inspektorlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy mexanizmlariga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ch. XUSHVAQTOVA