TANLOVNING MUNOSIB G‘OLIBLARI
Buxoroda “Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 8 mingdan ziyod maslahatchi ishtirok etdi. Ularning 14 nafari respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Ishtirokchilar o‘z faoliyati bo‘yicha hududda amalga oshirayotgan ishlari, erishgan yutuqlari va tajribalarini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda taqdim qildi. Shunindek, maslahatchilarning sohaga oid qonunlar bo‘yicha bilimi ham sinovdan o‘tkazilib, ularning ish faoliyatiga doir fotoalbom, plakat va stendlar, hunarmandlik ishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Marhamat Maqsudova birinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Nurli bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Altingul Muhambetova ikkinchi, Buxoro viloyati Romitan tumani “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Saodat Hotamova va Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Farida Hayitmatova uchinchi o‘rinlarni egallashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova so‘zga chiqdi.
Namoz RASULOV,
Buxoro viloyati