Hind sori yuzlanib
(Sayohat ocherki)
Dehli
Hindiston hududi kattaligi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda turadi. Poytaxti – Dehli. U hind tilida Delhi deb atalar ekan. Ingliz tilida yozilganda ham shunday aks etgan. Hindlar o‘z tilida ham xuddi shunday talaffuz etishar ekan.
Dehlidagi dastlabki sayohat Jome’ masjidi bo‘ldi. Masjid 16 asrda Boburiylar tomonidan qurilgan bo‘lib, juda ulug‘vor imorat ekan.
Masjidga ikki ko‘chaning ikki tomonidan kirib kelish mumkin edi. Ikkala eshik oldida diniy kitoblar, tasbeh, turli esdalik sovg‘alar sotilyapti. Shuningdek, Yevropadan kelgan sayyohlarga o‘ranishi uchun ro‘dapolar berilyapti. Oyoqni yechib o‘tilishi lozimligi belgilangan. Masjidning uch tomonida kichkina hujrachalar mavjud. Bir tomonida ulug‘vor ustunli ayvon bo‘lib, namoz o‘qilishiga mo‘ljallab yerga joynamozning suvratlari chizilgan. Hovli ham nihoyatda keng bo‘lib u yerga ham sholchalar to‘shalgan. Ustiga bo‘zdan qo‘lbola soyabonlar ham o‘rnatilgan. Bino marmarlar bilan bezatilgan, arxitekturasi milliy qadimiy masjidlarimizni eslatadi. Bu yerdan olti kun muzey sifatida foydalanilsa, juma kuni muzey ishlamas musulmonlar namoz o‘qigani kelishar ekan. (Hindistonda turli xil mazhabdagi kishilar yashaydi. Dinga e’tiqod qiluvchilar orasida hindlardan keyin musulmonlar ikkinchi o‘rinni egallaydi).
Masjid imomi bizga bir hujrani ochib qadimiy mus’habni ya’ni, qo‘l yozmani ko‘rsatdi. Darhaqiqat, payg‘ambarimiz Muhammad (s. a. v. ) o‘tib ketgandan keyin “Qur’on” turlicha bo‘lib qolmasin deb, sahoba Usmon uni qog‘ozga tushirtirgan va undan bir necha nusxa tayyorlatib musulmon mamlakatlariga jo‘natgan edi. Bu ana shu qadimiy mus’hab edi. Undan keyin payg‘ambarimizning qadam izi tushgan toshni, sahoba Alining sochini, tirnog‘ini ko‘rsatdi. Ularni ko‘rsatgach, yana xonani berkitib qulflab qo‘ydi. Uni muzeylardagidek chiroyli qilib namoyon qilib qo‘ysa, masjid tarixiga va o‘zga davrga oid kitoblarni qo‘ysa bo‘lmas ekanmi deb o‘yladim. Toshkent 2007 yilda Islom madaniyati markazi degan nomni bekorga olmaganligini angladik.
Milliy savdo do‘konlari
Mehmonxonadan chiqishimiz bilan riksha haydovchilari o‘rab oladi.
– Uchta marketga olib boraman. Yuz rupiylik yo‘l uchun o‘n rupiy to‘laysiz… , – rus tilida biyron so‘zlaydi.
– Nimaning evaziga shunchalik arzonlashtiriladi? – so‘rayman hamrohimdan.
– Bizni olib borgan marketdan biror narsa sotib olsak, rikshaning bir kunlik benziniga yetadigan pul berishadi. Ularning do‘konlar bilan shartnomasi bor, – deydi u.
Bu xalqning tadbirkorligidan ajablanaman…
Biz yo‘lga tushdik. U yo‘l-yo‘lakay chala-chulpa ruscha, chala-chulpa inglizcha gapirib, hindcha qo‘shiqlar aytib bizni zeriktirmaslikka intilib borar edi. Gap orasida onasi musulmon, otasi xind ekanini bilib oldik. Ularning har biri o‘z diniga sig‘inishar ekan. “Bu borada bizda muammo yo‘q, ” dedi u bizlarning savolimizga javob qaytarar ekan. “Sen qaysi mazhabdasan?” dedik unga. U men ikkala urf-odatlarni ham bilaman dedi va savolimizga javobni nasiya qilib qo‘ya qoldi. Yoki savolni anglamadi, yoki javob bergisi kelmadi…
Kichik xariddan keyingi manzilimiz ochiq havodagi peshayvonli do‘kon bo‘ldi. Keyin sovutgichlar ishlab turgan osuda do‘konga kirdik. Sohiblari sermulozamat ekan. Biz manikenlardagi go‘zal liboslarni uzoq tomosha qildik. Avvalgi savdo shoxobchasidan ancha arzon ekanligini sezdik. Ular ataylab o‘zlari ana shunday do‘konlarni yonma yon tashkil qilishar, aslida ikkalasining ham rahbari bir kishi ekan. Bu ham bir tadbirkorlik…
Darvoqe, yo‘l-yo‘lakay achinarli manzaralarning ham guvohi bo‘ldik. Tilanchilar sonining ko‘pligi, uysizlik, nogironlik, sarishtasizlikdan ba’zan diling vayron bo‘ladi. Ana shu kezda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan, xalqning obod turmushi, totuvligidan, yurtning tinchligidan cheksiz quvonasan.
(Hindiston aholisining ko‘pligi bo‘yicha dunyoda Xitoy Xalq Respublikasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, 2010 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 1 milliard 22 million aholi yashaydi).
U yerda hamma ham ta’lim-tarbiya olish imkoniyatiga ega emas. Riksha haydovchilaridan biriga vizitkani uzatib navbatdagi manzilga olib borishini so‘radim, u bo‘lsa, vizitkani teskari ushlab termulardi. Undan olib ikkinchisiga berdik. U yonidagini yordamga chaqirdi. U ham o‘qiy olmadi. Riksha haydab yurgan kishilarning aksariyati yozuv-chizuvni bilmaydi… Biz bu manzarani ko‘rganda o‘n bir yillik ta’lim-tarbiya davlatimiz e’tiboridaligidan faxrlandik.
Ommaviy axborot vositalari
Har kuni ertalab mehmonxona ma’muriyatining yonidagi taxtachaga ilingan gazetalarni bir-bir varaqlab chiqaman. U gazetalar asosan ingliz tilida. Sarlavhasi va suratlariga qarab so‘z nima haqida ketayotganini anglayman. “Delhi Times”, “The Times of India” gazetalari Dehlida chop etiladi. Shuningdek, Amrisarda ham ingliz tilida gazetalar chiqar edi. U yerdagi mehmonxonalarda “Amritsar Tribune”(Amrisar minbari) “Hindustan times”(Hindiston yangiliklari), “The Tribune”(Minbar) gazetalarini kuzatar edim. Ularning gazetalari deyarli hammasi 32 betdan iborat. Gazetalarda reklamalarga nihoyatda ko‘p o‘rin berilgan. Shuningdek, har bir sonida kino yulduzlarining tanish chehralarini uchratish mumkin. Nashrlarida ana shu ikki mavzu doimo mavjud. Biri obunachining diqqatini tortish, ikkinchisi mablag‘ni ko‘paytirishga intilish ekanligi ko‘rinib turardi. Hindistonda aholi 21 tilda so‘zlashadi, 1682 ta lahja mavjud. Ana shu 21 tilda gazeta chop etiladi. Biroq davlat tili hind va ingliz tilidir.
Boburiylardan Hindistonda ulug‘vor bunyodkorliklar, go‘zal qasrlar va bog‘lar meros bo‘lib qolgan bo‘lsa, yuz yil hukmronlik qilgan inglizlardan esa tili davlat tili sifatida meros bo‘lib qolgan edi. Buning afzalligi shuki, sayyohlar asosan shu tilda muloqot qilishadi.
Tojmahal – yetti mo‘jizaning biri
YUNYeSKO tashkilotining 2007 yilgi e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra Tojmahalni yetti mo‘jizaning biri deb tan olindi. Unga “Hindistondagi musulmonlarning marvaridi, hind me’morchiligining oltin davriga tegishli qasr” deb ta’rif berishdi. Hindiston imperatori, sarkarda shoir Bobur Mirzoning o‘g‘li Humoyunning nevarasi Shohjaxon(Xurramshoh) qurdirgan muhtasham saroy Dehlidan 60 kilometr uzoqlikdagi Agra shahrida joylashgan. Oppoq gumbazli, oppoq marmarlardan qurilgan qasr Hindistonning ramziga, muhabbat va sadoqat timsoliga aylangan. Shohjahon uni sevimli xotini tug‘ruq paytida dunyodan ko‘z yumgan Mumtoz Mahal begimga atab qurdirgan. O‘n yetti yil davom etgan qasr qurilishi 1648 yili tugatilgan. Uning bezak ishlariga 28 xil qimmabaho toshlar ishlatilgan. Xitoydan nefrit, Tibetdan feruza, Afg‘onistondan lazur, Shri Lankadan sapfir, Arabistondan serdolik kabi toshlar keltirilgan. Unda 22 ming kishi, mingta fil ishlagan. Aytishlaricha, Shohjahonning Jamna daryosining ikkinchi sohilida unga uyg‘un qora marmardan ikkinchi qasrni tiklash rejasi bo‘lgan. Biroq u orzuligicha qolib ketgan. Shoxjahon umrining oxirini o‘zi qurdirgan qasrga tikilib, Qizil qal’ada tutqunlikda o‘tkazgan. U vafotidan keyin ushbu qasrga xotinining yoniga dafn etilgan. Tojmahalga odamlar daryodek oqib kelayapti. Bu yerga har yili besh million sayyoh kelar ekan.
Tarjimonimiz Tojmahal haqida tushuntirish berar ekan, bizni tashqari arkka ro‘para qildi. Undan Tojmahal juda yaqin va butun go‘zalligi bilan namoyon bo‘ldi. Oqqushlardek oppoq saroyning tashqi arkidan ichkariga yurgan sari uning nihoyatda keng maydonni egallashini his qilamiz. Bir tomoni madrasa, bir tomoni masjid, bir tomoni maqbara… biri biridan go‘zal qasrlar. Uning orqa tomonidan esa Jamna daryosi oqib, orombaxsh salqinlik berib turibdi. Inshootning to‘rt tomoni bir biriga teng bog‘-rog‘lar bilan o‘ralgan. Asosiy binoning oldidagi billurdek tiniq hovuzda saroyning to‘rt burchagidagi ulug‘vor minoralar jilvalanib turadi. Mayin esayotgan shamol sochlaringni siypab o‘tadi. Issiq o‘lkada mayin shabada esishi bejiz emas, me’morlar aynan ana shunday mo‘jizakor joyni, shamollar yo‘nalishini e’tiborga olib qurganligini his qilish mumkin.
Humoyun maqbarasi
Maqbara ulug‘vor qal’aning ichida joylashgan bo‘lib, peshtaxtasiga ingliz tilida shunday so‘zlar bitilgan edi: Hindiston imperatori Nasiruddin Muhammad Humoyun(1508-1556) 1533 yili Dinpanoh – imon-e’tiqod shaharchasining qurilishiga buyruq berdi. Humoyun birinchi musulmon imperatori Zahriddin Muhammad Boburning o‘g‘li va buyuk imperator Jaloliddin Muhammad Akbarshohning otasi. Ikkinchi peshtaxtada Bobur Mirzoning singlisi Gulbadan Begimning “Humoyunnoma” asaridan satrlar keltirilgan edi: Humoyunda hamisha olijanoblik, bolalarga xos sofdillik va ishonuvchanlik fazilatlari barq urib turardi. Boladan farqi shu ediki, olovga tegingan bola undan qo‘rqib qochadi, Humoyun aksincha yanada olovga yaqinroq borardi. U mo‘jizaviy qudratli kuchga, jasoratga ega bo‘lib, bergan va’dasini unutmas, uni hamisha uddalar, unda muqaddas fazilatlar umumlashgan edi”. Uning yonida yana bir peshtaxta bor. Unda qal’a ichidagi ikkinchi qasr avliyo Isoxon Niyoziy tomonidan o‘zi tirikligida qurilganligi, qasrning markazida maqbara, g‘arbiy tomonida masjid va madrasa bo‘lib unga o‘z vaqtida uch tomondan kirilganligi, bu yerda XX asrning boshlarigacha aholi yashaganligi bitilgan. To‘rtinchi peshtaxtada esa kam o‘rganilgan Halima Begim maqbarasi degan so‘zlar yozilgan. Qal’aga kirgandan keyin o‘ng tomondagi darvozadan avliyo Isoxon Niyoziy qasriga o‘tiladi. Humoyun maqbarasi esa qal’aga kirgandan keyin to‘g‘rida joylashgan. U ulug‘vor saroy bo‘lib, to‘rt tomonida turfa o‘simliklardan iborat go‘zal bog‘-rog‘ bunyod etilgan. Ariqlarda suvlar shaldirab oqib, favvoralar ko‘kka otilib, sayyohlarga xushkayfiyat baxshida etib turibdi. Sershovqin, turli xil hidlar ufurib turgan Dehlida shunday go‘zal xushmanzara va osoyishta maskanning borligi go‘yo mo‘jizadek edi. Ariqda shaldirab oqayotgan billur suvlar, atrofga salqinlik baxshida etib turgan favvoralar bugungi kunda shunchalik huzur bag‘ishlayotgan ekan, uni bundan besh yuz yil avvalgi ta’sirini tassavvur etish mushkul emas. Holbuki, favvoralar qurish an’anasi Yevropaga XVII asrda kirib kelgan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu boburiylarning me’moriy an’analari sharq an’analarining, bobolarimizning go‘zallikka intilishlarining mevasi bo‘lib u Boburiylar bilan birga Xindistonga XVI asrda kirib kelgan. Qasr bog‘dan balandda bo‘lib unga 33 ta zinapoya orqali chiqib boriladi. Balandlikka ko‘tarilgan sari mayin shabada dillarga huzr bag‘ishlaydi. Maqbara atrofidagi keng maydonga ham qabrlar qo‘yilgan. Maqbaraning ichi esa sarkarda Amur Temur maqbarasini eslatadi. U ham aylana shaklida qurilgan bo‘lib, uning markazida Humoyunning qabri joylashgan. Amur Temur maqbarasidan farqi aylana shaklida qurilgan maqbaraning atrofida yana hujralar mavjud bo‘lib, ularning har birida uch-to‘rttadan qabrlar bor. Aylana shaklida qurilgan hujralarning qay biridan qarasangiz imperator Humoyunning qabri to‘liq aks etadi… Bari bir biriga uyg‘un qurilgan, oq va qora marmarlar bilan jilolangan. Bu qasrlarning yonidagi Iso Niyoziyning maqbarasi va madrasasi hamda masjidi ham o‘ziga xos go‘zal me’moriy ko‘rinishga ega bo‘lib, u qizil granitlar bilan bezatilgan va bari katta devor bilan o‘ralgan. Devorning ustida bemalol yurib sayr qilish mumkin. Uning ustida har yerda dam olib o‘tiriladigan supachalar qurilgan. To‘rt tomonida baland kuzatuv minoralari ham mavjud. Bu yerdan yon atrof kaftdagidek ko‘rinadi. Qal’a devorini kuzatib, Xiva Ichon qal’asi devorlariga o‘xshashligini sezish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda ushbu qadamjolar Sharqning betakror me’moriy ana’analariga uyg‘unligi bilan bizni hayratlantirdi.
Ra’no ZARIPOVA,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Toshkent – Amrisar – Dehli – Toshkent