OTA TAVBASI
“Eshit, o‘g‘lim, men bu gaplarni sen lo‘ppi yuzlaringni kaftinga bosib, malla sochlaring ho‘l manglayingga yoyilib shirin uxlayotgan bir pallada aytayotirman. Bundan bir necha daqiqa oldin kutubxonada gazeta o‘qib o‘tirarkanman, da’fatan tavba-tazarru seli ostida qoldim, yuragim to‘lib ketdi. Aybimga iqror bo‘lib, oyoq uchida sen uxlayotgan xonaga karavoting boshiga keldim.
O‘shanda xayolimga nimalar kelganini aytmasam, ko‘nglim sira joyiga tushmaydiganday. Kayfiyatim yo‘qroq edi, o‘g‘lim, senga qahrimni sochdim. Ho‘l sochiq bilan apil-tapil yuz artib, maktabingga oshiqayotganingda seni bo‘ralatib so‘kdim. Poyabzalingni tozalamaganing uchun yana bir gap eshitding. Kiyimlaringdan qay birinidir yerga tashlab yuborganingda, darg‘azab bo‘lib yana baqirdim.
Bu ahvol nonushta ustida ham davom etdi. Ehtiyotsizlik qilib choyni to‘kib yuborganing, ovqatni yutoqib yeganing, stolga tirsak tirab o‘tirganing, nonga saryog‘ni qalin surkab yuborganing – hamma-hammasi g‘ashimga tegaverdi. Poyezdga shoshib turgandim. Ko‘chaga o‘ynagani chiqayotib menga qo‘l silkitdingda, “xayr, dada”, deding. Bilmadim, buning menga nimasi yoqmadi. “Bukchayma, qaddingni ko‘tarib yur” dedim qovog‘imni uyib.
Kechqurun hammasi qaytadan boshlandi. Ishdan uyga qaytayotib zo‘ldir o‘ynayotganingni ko‘rib qoldim. Paypog‘ing ilma-teshik bo‘lib ketgandi.
– Paypoq jonivor pulga keladi, o‘zingga sal bundoq qarasang, o‘lasanmi?! Ishlab topsang bilarding! – deb o‘shqirdim. Keyin o‘rtoqlaringning ko‘zicha seni oldimga solib uyga olib ketdim. “O‘lasanmi… ishlab topsang bilarding… Nahotki, shu gap dadangdan chiqqan bo‘lsa bolam?! Nima jin urdi meni?!
Esingdami, keyin ko‘zlaring jovdirab, qo‘rqa-pisa men gazeta o‘qib o‘tirgan xonaga kirganing. Gazetadan bosh ko‘tarib ilkis senga ko‘z tashlaganimda, avzoyim buzuqligidan cho‘chib, eshik yonida taqqa to‘xtading.
– Ha, nima gap? – dedim to‘ng‘illab.
Sen hech nima demading-da, chopqillab kelib bag‘rimga otilding. Tangri o‘zi yuragingga solgan, mening qo‘rsligim ham sovuta olmagan mehr bilan meni quchding, yuzlarimdan o‘pding, so‘ng zinapoyalardan sakray-sakray ikkinchi qavatga chiqib ketding.
Gazeta beixtiyor qo‘limdan tushib, a’zoyi badanimga juda noxush, dahshatli qo‘rquv o‘rmaladi. Badfe’lligim, har narsadan qiyiq topaverish odatim nahotki meni shu ko‘yga solgan bo‘lsa, oppog‘im? Aybing – go‘dakligingmi? Ikki og‘iz shirin so‘z kimni o‘ldiribdi, erkatoyim?! Yo‘q, yo‘q, seni yaxshi ko‘raman. Bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas. Hamma balo shundaki, dunyoni katta odam qarichi bilan o‘lchab, sendan ko‘p narsani talab qilib yuboribman.
Sen beg‘uborsan, hali aldoq-riyo ko‘chasidan o‘tmagansan, samimiysan. Mitti yuraging olis zirvalar ustida jilolangan tong nurlaridan ham yorqinroqdir. Uyqu oldidan men bilan xayrlashib yuzlarimdan o‘pganingda, men buni yanada ravshanroq his etdim. Samimiyliging, mehring qarshisida dunyolar hechdir, bolam! Qorong‘ida timirskilanib, ikki chaqqam nomusdan qizarib, karavoting boshiga keldim, oyog‘inga tiz cho‘kdim. Zora, shu bilan gunohim yuvilsa…
Uyg‘oqligingda aytsam, gaplarimga tushunmasligingni bilaman. Lekin bilib qo‘y, shu kundan e’tiboran o‘zimga o‘zim so‘z berdim: bundan buyon ko‘nglingga qarayman, sen kulsang kulaman, yig‘lasang yig‘layman. Og‘zimdan biron-bir noma’qul so‘z chiqsa, tillarim uzilsin! “U hali bola, u yosh bola” degan kalomni hamisha oyatday takrorlab yurmagan nomard!
Seni katta odam xayol qilib, qiliqlaringni yoqtirmagandirman. Lekin hozir karavotda g‘ujanak bo‘lib shirin uxlayotganingni ko‘rdimu yuragim orqaga tortib ketdi: kechagina emasmidi onangning yelkasiga boshchalaringni tashlab gurvaklanganing… Yo tavba, hali sen yosh bolasan-ku!.. Noo‘rin tergabman, seni bolam, mutlaqo noo‘rin tergabman!…”
Muhammad RAHMON
tarjimasi