“PARVOZ”DA TA’TIL ZAVQI
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 205-umumta’lim maktabida yoz mavsumida tashkil etilgan “Parvoz” sog‘lomlashtirish oromgohi birinchi mavsumda 135 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olgan. Sho‘x-shodon bolalarning har bir kuni quvnoq musiqa sadolari ostida badantarbiya qilish bilan boshlanadi.
“Ingliz tili”, “Yosh rassomlar”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, “Shaxmat-shashka”, “Musiqa”, “Mohir qo‘llar”, “Voleybol”, “Stol tennisi” to‘garaklarida bolajonlarning dam olish vaqtlari mazmunli o‘tmoqda. L. Yerusheva boshchiligidagi Ye. Yunusova, N. Avakyan, X. Ahmedova, N. Qurbonova, G. Pirnazarova, S. Mirzakarimova, G. Yuldasheva, X. Jonqobilova kabi pedagoglar jamoasi turli mashg‘ulotlar orqali bolalarning bilim va mehnat ko‘nikmalarini oshirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Shifokor M. Ishonxo‘jayeva hamda hamshira L. Mirzajonovalar bolajonlarning salomatligini muntazam ravishda nazorat qilib turishadi.
Shuningdek, yaqinda “Kamalak” tashkiloti yetakchilari tomonidan o‘tkazilgan “Oromgohning eng yaxshi guruhi” deb nomlangan musobaqa bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Chunki, ular ushbu musobaqa shartlari orqali asfaltga rasm chizish, sportning yugurish, shaxmat-shashka, velosport hamda “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” mavzusida ertak qahramonlari obrazlarida o‘z iqtidorlarini namoyish etishga muvaffaq bo‘ldilar. Ayniqsa, O‘zbekiston davlat sirki hamda Respublika qo‘g‘irchoq teatri aktyorlarining tashrifi bolalarga olam-olam quvonch ulashdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri