Barkamol avlod kamoli ota-onaning ruhiy va jismoniy sog‘lig‘iga bog‘liq
– deydi Andijon viloyat ko‘p tarmoqli Tibbiyot markazi bosh shifokori A.YULDASHEV.
Bugun mamlakatmizda aholi salomatligini mustahkamlashga davlat siyosati darajasida e’tibor berilmoqda. Joylarda barpo etilayotgan, ta’mirdan chiqarilayotgan tibbiy muassalarining zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi buning isbotidir. Tibbiyot muassalarini takomillashtirish to‘g‘risida hukumatimiz tomonidan chiqarilayotgan qaror va farmonlar ijrosini ta’minlanayotgani soha rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 oktyabrdagi “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga 165-o‘rinli statsionar va 200 qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasi kiradi. Markaz o‘z nizomiga ko‘ra viloyat aholisiga tibbiyotning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali, ixtisoslashgan diagnostik davolash, davolash-profilaktik tibbiyot yordamining hamda shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalariga tashkiliy uslubiy hamda konsultativ yordam ko‘rsatadi.
Markazning statsionar tarkibida 30 o‘rinli kardiologiya va revmatologiya, 25 o‘rinli nevrologiya, 20 o‘rinli gastroentrologiya, har biri 15 o‘rindan iborat urologiya, lor kasalliklari, xirurgik infeksiya va rekonstruktiv jarrohlik bo‘limlari mavjud.
Markaz faoliyatidan barcha mamnun. Yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalar orqali bemorlarga tashhis qo‘yib, so‘ngra malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iboratdir. Mazkur maskanda 60 dan ziyod shifokorlar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 3 nafari tibbiyot fanlari doktori, 6 nafari tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega.108 nafar malakali o‘rta tibbiyot xodimlari esa aholi salomatligi yo‘lida xizmat qilishmoqda.
Shifoxona bo‘limlarida yil davomida 7200-7500 nafar bemorlar davolanib chiqishadi. Konsultativ poliklinika orqali esa 48000-53000 nafar bemorlar kerakli maslahatlarni olishadi.
Shifoxonani zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Hukumatimiz tomonidan ajratilgan mablag‘ga viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 135 mln. so‘mga gastroduodenoskop, elektroensefalograf, UTT, EKG, fizioterapevtik, biokimyoviy, analizator kabi diagnostika va davolash jihozlari xarid qilindi.
Bundan tashqari jarrohlik va reanimatsiya bo‘limlari 99500 AQSH dollari miqdoriga teng Yaponiya hukumati granti hisobiga jarrohlik stollari, chiroqlari bemorlar yotqiziladigan maxsus arava, elektron kupe, katta jarrohlik to‘plami kabi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Kelajakda respublika optimizatsiya dasturiga ko‘ra markaz faoliyatini to‘laqonli tashkil etish, uning tarkibiy tuzilmasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 48-qaroriga muvofiq tashkil etish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
1. Markaz tarkibidagi Konsultativ poliklinikani to‘la rekonstruksiya qilish va uni yangi, tibbiy asbob-uskunalar va jihozlari bilan ta’minlash;
2. markaz hududida 150 o‘rinli jarrohlik korpusini qurib bitkazish;
3. mavjud binolarni mukammal ta’mirda chiqarish.
Yuqorida ko‘rsatilgan qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 2012-2014 yillar davomida davlat byudjet mablag‘laridan 13,5 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan. Ushbu ishlar yakunlangandan so‘ng markaz bo‘limlarini jihozlash uchun 3 mln. AQSH dollariga teng zamonaviy, eng so‘nggi rusumli diagnostik va davolash tibbiy asbob-uskunalari keltiriladi.
Joriy yilda poliklinika binosi to‘la rekonstruksiya qilinib, ta’mirdan chiqarildi. Hozirda binoga ko‘chib kirish ishlari olib borilmoqda.
Qayerdaki kasbga sodiqlik, tartib-intizom va ozodalik bilan ish yuritilsa, malakali va sifatli ish bajarilsa o‘sha yerda mehnat barakali bo‘ladi. Ushbu shiorga amal qilgan shifoxona xodimlari o‘z tajribasi va malakasini oshirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga jiddiy e’tibor bermoqda.
Shifoxona xodimlarining bemorlarga munosabati haqida so‘z ketganda salohiyatli tibbiyot xodimlaridan kardiologiya bo‘limi mudiri X.Tursunov, gastroentrologiya bo‘limi mudiri N.Qodirov, yiringli jarrohlik bo‘limi mudiri Q.Xakimov, shifokorlardan U.Dalimova, N.Sobitova, M.Musayeva, o‘rta tibbiyot xodimlaridan Z.Rahmonova, R.Isaluyeva, Yo.Abduqodirova, K.G‘apporova, D. Fozilovalar o‘z kasbiga sadoqatli va shirin muomalasi bilan bemorlar dardiga malham bo‘layotgan qo‘li yengil shifokorlarni tilga olmay bo‘lmaydi. Chunki, ular jamoamiz faxri hisoblanadi.
Dunyoda bebaho boylik bo‘lgan inson salomatligini saqlashdek savobli va mas’uliyatli vazifaga hayotini fido qilayotgan shifokorlarimiz hamisha el salomatligi yo‘lida kamarbasta bo‘lishadi.