“TALABALAR FESTIVALI” YAKUNLANDI
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli va ijtimoiy faol talaba-yoshlar festivali yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B. G‘aniyev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va qobiliyatlarini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Talabalar festivali” ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. 2008 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival yoshlarning talabalik davrini mazmunan yanada boyitish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Ilmiy-ijodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, sport-sog‘lomlashtirish yo‘nalishlarini o‘zida jamlagan mazkur forumda mamlakatimizning barcha hududidan besh yuz nafardan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festival doirasida yigit-qizlar turli sohadagi bilimlarini boyitish, vatanparvarlik tuyg‘usi va ma’naviyatni yuksaltirish, jamoat ishlaridagi faolligini rag‘batlantirish, o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhiti, do‘stlik aloqalarini shakllantirishga xizmat qiladigan qator loyihalarda ishtirok etdi.
Tadbirda faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ular orasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Aziza Ilyosxonova ham bor. U “Uz” domenini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida faol ishtirok etgani uchun taqdirlandi.
Festival yakunida taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi yoshlarga katta zavq bag‘ishladi.
V. PO‘LATOVA