BOLALAR PNEVMOKOKK INFEKSIYASIGA QARSHI YANGI VAKSINA
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Emlash milliy taqvimini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu gal unga pnevmokokk infeksiyasiga qarshi vaksina kiritiladi.
Vazirlikning sanitar-epidemiologik nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunovaning aytishicha, har bir bola pnevmokokk vaksinasini uch marta: 2 va 3 oyligida hamda bir yoshga to‘lganda oladi. Pnevmokokk infeksiyalari o‘pkalarda (zotiljam), markaziy asab tizimida (yiringli meningit), yurakda (endokardit), bo‘g‘imlarda (osteomiyelit, yiringli artrit) yiringli-yallig‘lanishli o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklar guruhi hisoblanadi.
Bu kasalliklar bola ikki yoshga to‘lguncha ko‘pincha meningit, zotiljam, otitlar ko‘rinishida kechadi va og‘ir oqibatlarga olib keladi. Biroq kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan osonroqdir. Buning uchun bolaga tegishli vaksinani qilish lozim. Ko‘pchilik bolalarda bu vaksina hech qanday ikkinchi darajali holatlarni keltirib chiqarmaydi, deyarli qarshi ko‘rsatmalar yo‘q. Yangi vaksina davlat tibbiyot muassasalarining barcha emlash punktlariga 2015 yilning sentyabr oyigacha yetkazib beriladi.