QRIM-KONGO GEMORRAGIK ISITMASI
Bu xastalik qanday oqibatlarga olib keladi?
Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi o‘ta yuqumliligi, klinik jihatdan og‘ir kechishi, mudhish oqibatlarga olib kelish ehtimoli yuqoriligi bilan xarakterlanadi. Viruslar keltirib chiqaradigan bu xastalik ko‘pincha cho‘l hududlarida uchraydi. Bu kasallik bilan faqat odamlar xastalanadi. Hayvonlar kasallanishi haqida biror bir ma’lumot yo‘q.
Birinchi marta 1944-1945 yillarda Qrimda harbiy zobitlar va aholi orasida avj olgan epidemiyadan so‘ng M.Chumakov tomonidan ushbu kasallikning klinikasi yoritilgan. Uning qo‘zg‘atuvchisi esa 1967 yilda ajratib olingan hamda “Qrim gemorragik isitmasi” deb atala boshlagan. 1969 yilda Zoirda Kongo daryosi hududida bemor bola qonida virusga o‘xshash virus ajratib olingan va kasallik 1970 yildan boshlab Qrim-Kongo gemorragik isitmasi deb nom olgan.
Kasallikning birlamchi tabiiy o‘choqlari ko‘proq Qizilqum cho‘llarida saqlanib qolgan. Ushbu hududda virusning ko‘payish manbai kichik sut emizuvchilar bo‘lib, asosan qumsichqonlari hisoblanadi. QKGI virusini tarqatishda kanalar, ayniqsa, H.as. asiaticum kanasi muhim ahamiyatga ega. Kanalar sut emizuvchi hayvonlarda ham ko‘p uchraydi.
Respublikamizda yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari QKGI kasalligi virus tashuvchisi hisoblanadi. Viruslar mayda qon tomirlar-kapillyarlarni shikastlaydi, oqibatda hujayra, to‘qima va tana a’zolarida qon aylanish jarayoni, ularning oziqlanishi hamda kislorod bilan ta’minlanishi izdan chiqadi. Tana a’zolari, ayniqsa, hayotiy muhim a’zolar faoliyatining buzilishi esa inson hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Voyaga yetgan kanalar asosan turli xil qishloq xo‘jalik hayvonlari, yosh lichinkalari esa sichqon, kalamush, yumronqoziq, tipratikan, quyon va boshqalar tanasida yashaydi. Kasallik faoliyati cho‘l hududlari, ya’ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalarida (cho‘ponlar, ularning oila a’zolari, molboqarlar, ovchilar, qo‘y juni qirqimida vaqtinchalik ishga jalb etilganlarda) ko‘proq uchraydi.
Ushbu kasallik o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi, ularni ezib o‘ldirish, qo‘l kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamga yuqadi. Sog‘lom odamga kasallik virus yuqtirgan bemor qoni orqali, shuningdek, bemorga tibbiy muolajalar (in’yeksiya, qon olish, infuziya va hokazo) qilish jarayonida yuqadi. Kasallikning yashirin davri, ya’ni virusning tanaga kirib, xastalikning ilk alomatlari ro‘yobga chiqqanga qadar bo‘lgan davr bir necha soatdan 7 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi.
Klinikasi: Kasallik o‘tkir boshlanib tana haroratining ko‘tarilishi (39-40 daraja), badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, ko‘zdagi qon tomirlarining yorilishi oqibatida ko‘zning qizarishi, badanga mayda qizil toshmalar toshishi, milk, burun, me’da-ichaklardan qon ketishi, qorinda og‘riq, ba’zida esa qon qusish, najasning qorayishi kabi holatlar namoyon bo‘ladi. Kasallik og‘ir kechganda, bemor a’zolaridan qon ketishi natijasida bu holat o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin.
Yuqoridagi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish shart. Shifokorga qanchalik erta murojaat etilsa, davolanish shunchalik samarali bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda QKGI kasalligining maxsus davolash usullari va vositalari yaratilmagan. Mazkur kasallik bilan og‘rigan bemorlarni davolash kasalxona sharoitida, alohida xonalarda, xastalikning og‘irligi, shakli, davri, asoratlari va hamroh kasalliklarni hamda bemorning yoshini hisobga olgan holda individual, majmuaviy tarzda olib boriladi. Bemorlarni davolashda parhez muhim va doimiy omillardan biri hisoblanadi. Kasallikning boshlang‘ich va gemorragik davrlarida bemorlarning ovqati suyuq va yarim suyuq, tez hazm bo‘ladigan, yetarli darajada kaloriyali, vitaminlarga boy bo‘lishi lozim.
Anglashiladiki, kasallikning oldini olish choralarini ko‘rish nihoyatda zarur! Xo‘sh, xastalik profilaktikasi qanday?
QKGI kasalligining oldini olish uchun uy hayvonlarini boqish, molxona va og‘ilxonalarni tozalashda maxsus himoya kiyimlari va qo‘lqoplardan foydalanish zarur. Shuningdek, kanalarni qo‘l bilan termaslik va ularni ezib o‘ldirmaslik, hayvon boqiladigan og‘ilxona, molxonalarni doimiy ravishda kanalarning ko‘payishiga qarshi vositalar yordamida zararsizlantirib turish tavsiya etiladi.
Cho‘l hududlariga, umuman tabiat quchog‘iga aprel-iyun oylarida imkon qadar chiqmaslik kerak. Cho‘l hududlaridan, bozorlardan mayda va yirik shoxli mollarni kanaga qarshi ishlov bermasdan uyga olib kelmaslik lozim. Mollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilish lozim. Veterinar tavsiyasi asosida kanalarga qarshi ishlov berish zarur. Bu davrda homilador ayollar, yosh bolalar va o‘smirlarni jalb etmaslik zarur. qirqim vaqtida faqat maxsus kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish shart. Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish lozim. Qo‘lda juda kichik jarohatlangan joy bo‘lsa ham xom go‘shtlarni ushlamang. Go‘sht maydalangan taxtakach, pichoq va idishlarni sovunlab yuvishga odatlaning. Bemorlarning biologik ajratmalari: qon, najas va peshob bilan muloqotda bo‘luvchi tibbiy xodimlar, albatta qo‘lqoplarda ishlashlari shart.
Aziz yurtdoshlar!
Kana chaqishidan ehtiyot bo‘lish Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligining oldini olishda asosiy omil ekanligini har doim yodda tuting!
Qo‘shnazar NAZAROV,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti Xorazm viloyat filiali direktori