FIDOYI AYOLLAR TANLOVI
Toshkentda “Yil ayoli – 2012” an’anaviy milliy tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, islohotlar jarayonidagi faolligini oshirish, salomatligini mustahkamlash, kuchli, aniq va manzilli ijtimoiy himoyalash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridandir. Mustahkam oila yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
“Ayollar kengashi” Respublika jamoat birlashmasi “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi”, “Mehr nuri” jamg‘armalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga xotin-qizlarning huquqiy, iqtisodiy bilimlarini oshirish, manfaatlarini himoyalash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. 2007 yildan buyon an’anaviy o‘tkazilayotgan “Yil ayoli” tanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham opa-singillarimizning jamiyat, oila, farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini yanada kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarga qo‘shayotgan hissasini qadrlash va faolligini yanada oshirishdan iborat.
Bu yilgi tanlovning dastlabki bosqichida mamlakatimizning barcha hududlaridagi ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik sohalarida samarali mehnat qilayotgan 30 ming nafardan ortiq ayol ishtirok etdi. Yakuniy bosqich g‘olibini aniqlashda ularning bilim va dunyoqarashi, oilaga, farzand tarbiyasiga yondashuvi, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, faol va fidoyiligi kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.
Mazkur tanlov yakuniga ko‘ra Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Eldorbek Abrorjon Luqmonovich” fermer xo‘jaligi rahbari Nasiba Nurova g‘olib deb topildi va “Matiz” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
– Vatan, ayol, oila, komil farzandlar bir-birini to‘ldiruvchi, o‘zaro uyg‘un tushunchalardir, – deydi Nasiba Nurova. – Mamlakatimizda onalar, oilani muqaddas bilish, e’zozlash ibratli qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni kundalik hayotimiz, tinch va farovon oilamizda, farzandlarimiz salomatligi va kamolotida hamisha his etib yashayapmiz.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri