YIG‘LAYOTGAN BOLA

U SIZNING FARZANDINGIZ

Yoshi ulug‘lar duoga qo‘l ochar ekan, “Xonadoni bola kulgusiga to‘lsin”, deyishni kanda qilishmaydi. Darhaqiqat, bolali uyda g‘am bo‘lmaydi. Shuning uchun uni bozorga o‘xshatishadi. Ammo erkatoyimizning o‘jarligi tutsa, xarxashalariga asabimiz har doim ham chidab berolmaydi. Natijada uni tinchlantirish maqsadida beixtiyor baqirib yuborganimizni bilmay qolamiz. Xo‘sh, bola yig‘layotganida uni qanday ovutgan ma’qul. Piru badavlat otaxonu onaxonlarimiz bu borada bizga qanday maslahat berisharkin?

– E’tibor bergan bo‘lsangiz yig‘lagan bola doimo o‘ziga yaqin insonining quchog‘iga oshiqadi, – deydi Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 80 yoshli Abdurashid ota Musayev. – Bu bejiz emas. Boisi, u ayni shu paytda yaqinlarining mehriga mushtoq bo‘ladi. Endi o‘zingiz o‘ylang, shunday vaziyatda unga qo‘pol muomala qilish to‘g‘rimi? Bu harakat uning ruhiyatini bukib qo‘yishi mumkin. Zero, bola itoatkor, mustaqil qarashlari hali shakllanmagan bo‘ladi. Go‘dak yig‘layotgan mahal imkon qadar unga yon bosing. Bu paytda bolaga aytilgan “o‘chir”, “og‘zingni yum”, kabi so‘zlar uning bir umr xotirasiga o‘rnashib qolishi va natijada kattalarga hadik bilan qaraydigan qilib qo‘yishi mumkin. Tarbiya borasida farzandlarimga ham shuni ko‘p bora uqtiraman. Sabrli bo‘lishlariga undayman. Zero, komil va barkamol avlodni tarbiyalash ham o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Ba’zan nabiralarim xarxashasi otasiga ham, onasiga ham malol kelayotganini payqasam koyimasdan darhol uni ko‘cha-ko‘yga, guzar boshiga, boqqa olib boraman. Bola biroz ovunganidan so‘ng uyga kiramiz-da, nabiramning xatosini asta tushuntiraman. Bola dono, hamma gapga tushunadi. Faqatgina buni biz kattalar tushunsak bo‘lgani.

– Ayrim oilada bola yig‘lasa, “ko‘zi qorayadi”, “o‘pkasi kengayadi” deya e’tibor berishmaydi, – deydi Zangiota tumanida yashovchi 75 yoshli Manzura Rahimova – Ammo yig‘ining injiqlikdan farqi bor. Bola bejiz yig‘lamaydi. Uning fe’l-atvoridan kelib chiqib, so‘zlariga quloq solib, ko‘ngliga yo‘l topilsa muammo o‘z yechimini topadi. Bordi-yu, tinimsiz yig‘lasa, demakki, uning biror yeri og‘riyotgan, yoki bezovta qilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayrim onalarning ko‘cha-ko‘yda farzandining xarxashasiga javoban qo‘pollik qilayotganini ko‘p kuzataman. Bola hamisha o‘z tuyg‘ulariga yondashib ish ko‘radi. Ona esa bunday paytda tadbirli bo‘lishi, bolaga biroz yon bosishi lozim. Shuni unutmaslik kerakki, bolaning yig‘layverishi ham uning boshi qizishiga sabab bo‘ladi. Bu esa miya faoliyatida salbiy o‘zgarishlarga, ya’ni miya qon bosimining oshishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Bunday paytda bola biroz hovuridan tushishi uchun bag‘ringizga olib uni maqtab qo‘yish, yaxshi so‘zlar bilan erkalash kerak.

Yana o‘qing:  ENG NAMUNALI MASLAHATCHI

M. ESHONXONOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: