BOLALARNI ALDAB BO‘LMAYDI
Torgina eski hovli. Keksa, g‘aribgina bemor ona ichkari xonada ko‘rpa-to‘shak qilib yotibdi. Suvsizlikdan qurib qolgan lablarini qimtib yo‘lakka termiladi. Kelinning esa parvoyifalak. Hovlida sakkiz-to‘qqiz yoshlardagi o‘g‘il nabirasi velosipedini ta’mirlash bilan ovora. Kelin bir og‘iz shirin so‘zga, atrofidagi yaqinlarining mehriga zor xasta momoning diliga ozor berib, burnini jiyirganicha cheti singan sopol kosada ovqat beradi. Buni kuzatib turgan o‘g‘li esa: – Hali shoshmay turing, katta bo‘lsam, sizga shu kosada ovqat beraman, – deydi va jahl bilan qo‘lidagi bolg‘achasini uloqtiradi…
Xo‘sh, bu voqea sizga tanishday tuyulyaptimi? Ha, juda to‘g‘ri, bu tomoshabinlarning sevib kutadigan “Otalar so‘zi, aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi orqali namoyish etilgan “Zarrin kosa” telespektaklidan bir lavha edi.
Yomon kelin obrazini maromiga yetkazib ijro etgan poytaxtimizdagi “Yosh tomoshabinlar teatri”ning yetakchi aktrisalaridan biri, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” Hakima Otaxonova bilan uning hayoti va faoliyati xususida suhbatlashdik.
San’at yo‘li sinovlari
H.Otaxonova sakkizinchi sinfda o‘qib yurgan kezlari maktabdagi drama to‘garagiga qatnay boshlaydi. Shunda ustozi to‘garak a’zolari bilan birgalikda “Ibn Sino” spektaklini sahnalashtiradi. Andijon shahridagi 46-umumta’lim maktabi drama to‘garagi a’zolari ana shu spektakl bilan shahar va viloyat miqyosida o‘tkazilgan san’at festivallarida ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritadilar. Shu tariqa Toshkentda o‘tkazilgan Respublika san’at festivalida ham bu tarixiy mavzudagi spektakl hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanadi. Hay’at a’zolaridan biri teatrshunos olim Toshpo‘lat Tursunov malika Sayyora rolida chiqqan Hakimani yoniga chaqirib, kelajakda qaysi kasbni tanlashi haqida so‘raganida u: – Dadamga o‘xshab o‘qituvchi bo‘lmoqchiman, – deydi.
Undagi iqtidorni payqagan T.Tursunov undan yaxshigina aktrisa chiqishiga, uning o‘rni Toshkentdagi sobiq Teatr va rassomlik institutida ekaniga ishonch bildiradi. Ertasiga ustozning taklifi bilan u ana shu institutga boradi. Bu dargohda Toshpo‘lat aka Hakimani sahna nutqi fani o‘qituvchisi, professor Nazira Aliyeva bilan tanishtirar ekan, opa unga dars jarayonini kuzatishni taklif etadi. N.Aliyevaning sinchkov nigohlari, o‘ziga yarashgan salobatidan tortinibgina xonaga kirgan qiz bir lahzada talabalarning she’r o‘qishi, undov va undosh tovushlar talaffuzi ustida ishlashlarini kuzata boshlaydi.
– O‘tirgan joyimda sehrlanib qoldim, – deydi Hakima opa o‘sha lahzalarni eslar ekan. – Lekin fursat shunchalik tez o‘tib ketdi-ki, birdan jaranglagan qo‘ng‘iroq ovozidan cho‘chib o‘zimga keldim. So‘ngra boshqa auditoriyada “Sahna mahorati” darsida ijod jarayonini kuzata boshladik. Haligacha eslasam yana o‘sha hayajonli holatga tushaveraman. San’atga bo‘lgan mehr va orzu qalbimni butunlay zabt etgandi…
Uyga kelib orzu-havaslar ila tong ottirdim. Oiladagi oltita qizning uchinchisi edim. Kelajakda aktrisa bo‘lmoqchi ekanimni eshitgan ota-onam Toshkentda o‘qishimga qarshi edilar. Maktabni bitirib, o‘zim o‘qigan maktabda ishlay boshladim. Poytaxtga o‘qishga borish orzusi bilan yurgan kezlarim domla Toshpo‘lat aka Tursunov yana maktabimizga keldi. Ustoz mendan hol-ahvol so‘rab, yana rejalarim haqida surishtirganida yig‘lab yuborganman va “uydagilar”, deya olganman, xolos. Buni tushungan ustoz maktab direktorimiz Farida opa Qosimova bilan uyimizga kelib ota-onamga bu institutni bitirganlar maktabda adabiyot va estetika fanidan dars berishi mumkinligini aytganidan keyin ular mening o‘qishimga rozi bo‘lganlar.
Ustozlar sabog‘i
San’atga oshufta qiz 1974 yilda sobiq Teatr va rassomlik instituti(hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning “Drama va kino” fakultetiga hujjatlarini topshiradi. Kirish imtihonlarini a’lo baholarga topshirgan Hakimaxon talabalik baxtiga musharraf bo‘ldi. Ikkinchi kursda o‘qib yurganida televizorda “G‘azalxonlik kechasi” ko‘rsatuvida g‘azal o‘qiyotgan qizini ko‘rgan ota-onasi u bilan faxrlanib, kasb tanlashda adashmaganligidan xursand bo‘ladilar.
Mana 36 yildirki Hakima Otaxonova kattayu kichik yoshdagi tomoshabinlarni bolalikning sehrli olamiga yetaklovchi “Yosh tomoshabinlar teatri”da faoliyat yuritib kelmoqda. U turli xil mavzulardagi spektakllarda o‘ziga xos xarakterli obrazlar yaratib kelayotgan, el ardog‘idagi aktyorlardan biridir. H.Otaxonovaning bu muvaffaqiyatlarida ustozlarining o‘rni beqiyos, albatta.
Endigina san’at yo‘liga tushgan yosh aktrisaga “O‘qituvchi” spektaklida “O‘zbekiston xalq artisti” Muhabbat Yo‘ldoshevaga dublyor bo‘lish nasib etdi. Avvaliga bundan cho‘chigan tortinchoq, aktrisaga ustozlari tomonidan bildirilgan ishonch sahnada o‘z qahramoni obrazini ishonarli qilib yaratishiga yordam berdi. Ustozlarning “bolalarni aldab bo‘lmaydi” degan o‘gitlari, sahnada o‘zini tutish, obrazga kirish, asosiysi partnyorning ko‘ziga qarab uni uqish va qo‘llash sirlarini o‘rgangani haqida to‘lqinlanib gapiradi. Albatta aktyorlarning tili bilan aytganda spektakl davomida improvizatsiya ham bo‘lib turadi.
Aktrisaning tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan “Zumrad va Qimmat” spektaklidagi Qimmat obrazi ko‘pchilikning yodida. Sahnada uning xatti-harakatidan nafratlangan yosh tomoshabinlardan biri zarb bilan aktrisaga qarata olma irg‘itadi. Hakima opa ko‘ziga qattiq tekkan olmaning og‘rig‘idan “dod” deyishiga sal qoladi. Ammo hozirjavoblik bilan buni bildirmaslik uchun improvizatsiya qilib: – Oyi, qarang, anavi qiz menga olma otdi, deya holatdan chiqib ketadi. Bunday voqealar bolalar teatrida ko‘plab kuzatilgani bois aktyordan hozirjavoblik va mahorat talab etiladi, albatta.
Iste’dodli aktirisa O‘tkir Hoshimovning “Umr daraxti” spektaklida ona, “Malikani kim qutqaradi?”da sehrgar ayol, Ergash Matsafoyevning “Zafar, Zufar va sehrgar” spektaklida bir yo‘la ikkita obraz, chet el yozuvchisi Karl Gotsening “Qirol bug‘u”sida Smeraldina, Anvar Obidjonning “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “Qorin botir” ertaklarida tulki, Hojiakbar Shayxovning “Fartunning halokati” asarida Anna Shvars, Omon Sharipovning “Rahmat, kapitan” spektaklida a’lochi qiz Nazira, “Qaynar xumcha”da Oybodoq kabi xarakterli obrazlari bilan tomoshabinlarning hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Oilam – suyanchim
1998 yilda Hakima Otaxonovaning ko‘p yillik mehnatlari munosib baholanib “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan mukofotlandi. Opaning baxti shundaki, umr yo‘ldoshi, dramaturg To‘ra Mirzo har qadamda uni qo‘llab-quvvatlaydi. “O‘zbekiston teleradiokompaniyasi” dasturlarida namoyish etiladigan videofilmlar, qisqa metrajli film, novellalarning ko‘pchiligi ular qalamiga mansub. Ular farzandlari Mohinbonu, Shoxruhmirzo, Turonbekalarni el-yurtga nafi tegadigan, aqlli, o‘qimishli insonlar etib voyaga yetkazishmoqda. Shoxruhmirzo rejissura, Turonbeka jurnalistika sohasini tanlashgan.
Hakima opaning bugungi orzusi o‘z yoshiga mos zamonamiz qahramoni obrazini yaratishdir. Zero, jamiyatimizga nafi tegadigan, barchaga ibratli ishlari bilan namuna bo‘la oladigan, mard, jasur nafaqat tarixiy, balki zamonaviy ayol qiyofasini yaratish barcha aktrisalarning so‘nmas orzusidir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA