YOSH OILALARGA “KAMOLOT” UYLARI
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Shukur Burhonov nomidagi mahalla xonadonlari soni oltmish to‘rttaga ko‘paydi. Bu yerda foydalanishga topshirilgan “Kamolot” uylariga ko‘chib kelgan oilalar qisqa vaqtda mahalla faxriga aylanib ulgurdi. Axir, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, nufuzli xalqaro tanlov va festivallarda g‘olib bo‘lgan, ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlar bilan mahalladosh bo‘lish kimga faxr va g‘urur bag‘ishlamaydi deysiz?!
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda barkamol avlod kelajagi yo‘lidagi ezgu ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qaror asosida tasdiqlangan Davlat dasturi va harakat rejasiga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, Toshkent shahrida ko‘p qavatli “Kamolot” uylarini qurish va ijtimoiy faol yosh oilalarga imtiyozli kredit evaziga, boshlang‘ich badalsiz berish tartibi belgilangan. Bu vazifalarni tizimli amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.
Sergeli tumanida barpo etilgan ikkita to‘rt qavatli “Kamolot” uyi yurtimizda yoshlarimiz hech narsadan hech qachon kam bo‘lmasligi uchun yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Ikki va uch xonali uylarda har bir oilaga alohida isitish tizimi o‘rnatilgan. Yo‘laklar kiraverishida bolalar aravachalari uchun maxsus joylar qurilgan.
F.TOLIPOV