O‘N TO‘QQIZ YOSHLI CHEVAR

o‘n ikki nafar tengdoshining bandligini ta’minladi

Xalqimizda shunday maqol bor: “Hunar – hunardan rizqing unar”. Yana aytishadiki, “Hunarli xor bo‘lmas”. Ayniqsa, u qiz bolaning hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.

– 2012 yilda Shahrisabz agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirdim, – deydi shahrisabzlik yosh hunarmand Sitora Sattorova. – Kelgusida qaysi kasb egasi bo‘lishim haqida juda ko‘p o‘ylaganman. Shunda birdan menda tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yish istagi tug‘ildi. Rejamni amalga oshirishda kollejdagi tahsil davomida biznes saboqlarini o‘rganganim va oilaviy muhit yordam berdi. Chunki, hunarmandlar oilasida voyaga yetganman. Ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashdi. Turli ko‘rik-tanlovlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarimni oshirib bordim. Atrofimga dugonalarim kelib qo‘shilishdi.

Ayni paytda Sitora tashkil etgan sexda 25 nafar xotin-qiz mehnat qiladi. Ular milliylik bilan uyg‘unlashgan zamonaviy liboslar, iroqi usulda kashtadan bezak solingan do‘ppilar, hamyonchalar, yostiq jildlari tikishmoqda.

– “Hunarmand” uyushmasi ko‘magida qator ko‘rgazmalarda o‘z mahsulotlarimiz bilan qatnashdik, – deydi Sitora Sattorova. – Ularda ko‘pgina xorijlik mehmonlar mahsulotlarimizga qiziqish bildirishdi va ular bilan shartnomalar tuzdik. Bugungi kunda sayyohlik markazi orqali AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya kabi mamlakatlardan mahsulotlarimizga buyurtmalar olayapmiz. Yaqinda turkmanistonlik sayyoh bilan uchrashdim. U kishi o‘zining milliy naqshlarini ko‘rsatib, uni nimcha va sumkachalarga tikib berishimizni iltimos qildi. Hozir shu ustida ish olib borayapmiz.

Ayni paytda yosh hunarmand imkon bo‘ldi deguncha til o‘rganishga vaqt ajratadi. Uning orzusi – xorijiy tillarni mukammal o‘rganib, chet davlatlarda bo‘ladigan ko‘rgazmalarda ham ishtirok etish.

– O‘n to‘qqiz yoshdaman, – deydi yosh tadbirkor. – O‘z biznesimni yo‘lga qo‘yish orqali men nafaqat ishli bo‘ldim, balki o‘zimga o‘xshagan o‘n ikki nafar tengdoshim uchun ish o‘rinlari tashkil qildim. Hozirda yangi loyihalar bilan bandman. Bankdan kredit olib, tuman markazida savdo do‘koni va yangi sex qurish niyatidaman.

Davlatimiz rahbari ko‘p bora ta’kidlaganidek, yoshlarimiz hech kimdan kam emas. Ularni, ya’ni Sitoradek yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, intilish va iqtidorlarini rag‘batlantirish borasida yaratilgan sharoitlar, amaliy sa’y-harakatlarni ko‘rib, hech shubhasiz kam bo‘lmaydi ham desak, barcha asoslarimiz bor.

Yana o‘qing:  Yaxshilik urug‘idan ungan bog‘

Shohista BOZOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: