QALBIM SOZISAN, VATAN!
Kuyning o‘ziga xos sehri bor. Uning yoqimli ohanglari kishini maftun qilmay qo‘ymaydi. Har gal musiqani tinglaganimda yoki ijro etayotganimda yuragim zavqqa to‘ladi. Shuningdek, vujudimni allaqanday mas’uliyat, hayajon egallaydi. Go‘yo katta sahnadamanu, meni minglab tomoshabinlar kuzatayotgandek bo‘ladi. Ustozim Jasur Jualiyev menga klarnet cholg‘u asbobi bo‘yicha saboq berayotganida, “musiqani jon qulog‘ing bilan tingla, ijroing dildan bo‘lsin. Zero, yurakdan sidqidildan qilingan mehnat albatta o‘z samarasini beradi”, degan edi.
Bir kuyni maromiga yetkazib chalmagunimcha ustozim bilan soatlab qayta-qayta ijro etishga to‘g‘ri kelardi. Mashg‘ulotlarga biroz e’tiborsiz bo‘lsam, ustozim: “O‘z taqdiring va orzularinga befarq bo‘lma. Axir unga erishmoq uchun senda imkoniyatlar bisyor”, degan edi. Chindan ham hozirda bilim olish va o‘z iqtidorini namoyish etish uchun men va tengdoshlarimda ko‘plab imkoniyatlar bor. 2011 yili musiqa maktabimizning kapital rekonstruksiya qilinishi biz o‘quvchilarni juda quvontirdi. Ta’mirdan chiqqan keng va yorug‘ sinf xonalari, yangi va zamonaviy cholg‘u asboblar bilan jihozlangan mashg‘ulotlar xonasi bizga ulkan tuhfa bo‘ldi. Maktabimizning qator o‘quvchilari ko‘plab nufuzli tanlovlarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi ana shunday shart-sharoitda olib borilgan ta’lim-tarbiyaning amaliy natijasidir. Shu qatori men ham Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda nufuzli o‘rinlardan birini egallab xalqaro musiqachilar e’tirofiga sazovor bo‘ldim. Bu esa meni yanada ruhlantirib yubordi. Keyingi muvaffaqiyatimga zamin bo‘ldi. 2014 yil may oyida Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tanlovda klarnet ijrosi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladim. Ustozlarim, oila a’zolarim muvaffaqiyatimdan shodlanishsa, men Vatanimning yaratib bergan imkoniyatlariga o‘z javob so‘zimni ayta olganim uchun yurakdan quvonib ketdim. Joriy yil men va maktabimizda tahsil olayotgan do‘stlarim uchun omadli keldi. Shu yilning aprel oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda birinchilikni qo‘lga kiritdim. May oyida Istambul shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda taniqli kompozitor I. Baraning “Sol Minor” asari ijrosi uchun birinchi o‘rinni topshirishdi. Yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytdik. Barcha bizlarni quvonch bilan kutib oldi. Qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarimizni qadrli bilib Vatanimiz biz kabi yoshlarga istagan ta’lim dargohlariga imtiyozli kirish huquqini berdi. Bu esa yoshlarga ulkan rag‘bat bo‘ladi.
Omonbek RIXSIMBOYEV,
Chirchiq shahridagi 15-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi