Irmoqlar qo‘shilib daryo bo‘ladi

Bitiruvchilar qalbini larzaga solib so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Beixtiyor ko‘zlarga yosh keladi. Jonajon maktab, mehridaryo ustozlar, qadrdon sinfdoshlar bilan xayrlashuv onlari yaqinlashayapti. Moviy va beg‘ubor osmonga kabutarlar parvoz qiladi. Ular bilan bahs bog‘lashganday ko‘kka qarab turfa rangli pufaklar uchadi. Sho‘x-shodon bolalik ortda qolayotganini yana bir karra eslatadi. So‘nggi qo‘ng‘iroq dillarda titroq uyg‘otadi. Bu titroq orzular sari qanot qoqishga undaydi. Ha, endilikda bolalik sho‘xliklari ortda qolib, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlar qalbida orzular limmo-lim. Yurak urishiga jo‘r bo‘layotgan bu qo‘ng‘iroq yoshlarni maqsadlar sari ildam qadam tashlashga, ilmu hunar o‘rganishga chorlaydi…

– Aziz bitiruvchilar! Bugun Siz jonajon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz hamda sinfdosh do‘stlaringiz bilan xayrlashmoqdasiz! Endilikda Sizni bilim cho‘qqilarini egallash, mustaqil hayotga qadam qo‘yishdek mas’uliyatli vazifalar kutmoqda. Biz ustozlar kelajakda yuzimizni yorug‘ qilib ona Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan inson bo‘lishingizga ishonamiz. Ezgu niyatlaringiz Sizga yo‘ldosh bo‘lsin! – deydi poytaxtimizdagi 72-maktab direktori Nodira Yo‘ldosheva.

9-sinf o‘quvchilari ijrosida ustozlarga bag‘ishlangan qo‘shiqlar, she’rlar yangraydi. Bir-biridan maftunkor raqslar barchaga zavq ulashadi.

– Nevaram Muhammadamin 2014 o‘quv yilida 1-sinfga o‘qishga chiqdi. U juda erkatoy edi. Hozir u mas’uliyatli bo‘lib qolgan. O‘z vaqtida uy vazifalarini bajarayapti. Buning uchun shu maktabning rahbariyati hamda barcha pedagoglar jamoasiga rahmat, – deya o‘z minnatdorligini izhor etadi Botir ota Azimov.

Mazkur maktabda 349 nafar o‘quvchi bilim olayotgan bo‘lsa, shularning 35 nafari bitiruvchilardir. O‘quv yili davomida kasbga yo‘naltirish bo‘yicha bitiruvchilar o‘rtasida uch marotaba so‘rovnoma o‘tkazilganida 23 nafar o‘quvchi tibbiyot, yuridik, texnika hamda tillarga ixtisoslashtirilgan turli yo‘nalishidagi litsey va kollejlarda o‘qish istagini bildirishdi. O‘tgan o‘quv yilida ham yuqoridagi bilim maskanlariga 30 nafar o‘quvchi o‘qishga kirgan. Yakkasaroy tumanida joylashgan O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti qoshidagi 2-akademik litseyda ham bilim olishmoqda.

2014-2015 o‘quv yilida faol bo‘lgan va bir qancha fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning nomlarini alohida e’tirof etish mumkin. Jumladan, 8-sinf o‘quvchisi Albert Bronskiy ingliz tilidan o‘tkazilgan fan olimpiadasining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallab, shahar bosqichiga yo‘llanma oldi. 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili fanidan o‘tkazilgan olimpiadaning tuman bosqichida Zumrad Ko‘chimova 2-o‘rin sohibasi bo‘ldi va u shahar bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Shuningdek, 5-8-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da 6-sinf o‘quvchisi Asal Nurillayevaga tuman bosqichida rus tilidan 2-o‘rin nasib etdi.

Yana o‘qing:  Prezident yangi qarorni imzoladi

Boshlang‘ich sinflar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Alpomish va Barchinoy” sport musobaqalarida g‘oliblar aniqlanib, ular maktablararo “Umid nihollari” sport musobaqasiga yo‘llanma olishdi. Musobaqalarning tuman bosqichida sportning yengil atletika turi bo‘yicha ishtirok etgan 4-sinf o‘quvchilari Rasim Kamolov va badiiy gimnastika bo‘yicha Ilona Ten birinchi o‘rinni egalladi.

Bitiruvchilardan Bibixadicha Rayimqulova hamda Nigora Qosimjonovalar o‘qishda ham, jamoat ishlarida ham faol bo‘lganligi va barcha fanlardan a’lo o‘qiganliklari bois maktab ma’muriyati tomonidan taqdirlanishdi.

Kichik yutuqlar ulkan muvaffaqiyatlar debochasidir. Bu go‘yo irmoqlar qo‘shilib ulkan ummonga aylanganday, mustaqil yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shajagiga ishonamiz.

M.XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: