DUNYODAGI ENG BAXTLI AVLOD

Bugun O‘zbekiston bolalariga shunday ta’rif berish ayni haqiqatdir

Mustaqillik maydonida sayr qilaman. Yo‘laklar bo‘ylab borarkanman, ikki-ikki yarim yoshlar atrofidagi qizaloq va uning otasi diqqatimni tortadi. Ularning savol-javobiga beixtiyor quloq tutaman.

– Vataning qayer? – so‘raydi u qizalog‘idan.

– O‘zbekiston.

Takror va takror shu so‘zni ta’kidlarkan, bolaning chuchukkina talaffuzidagi quvnoqlik, baxtiyorlik qalbimizni rom etadi. Dilimizga mayin musiqa misol kirib boradi. Murg‘ak tildan uchayotgan birgina shu so‘z kishiga Vatan qadrini, uning muqaddas va bebaholigini uqtirganday.

Bu qizaloq ko‘zimizga jajji O‘zbekiston bo‘lib ko‘rinadi. Bolalarni ardoqlamoq yurt kelajagini, uning yorqin istiqbolini ta’minlash, Vatanni ko‘z qorachig‘idek asramoq esa, avvalo, bolalarni avaylash ekanini anglaymiz. Jajji avlod taqdiri, uning sog‘lom va navqiron ulg‘ayishi, ta’lim-tarbiya olishi, sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun mamlakatimizda ulkan islohotlar amalga oshirilayotganidan, men ham ushbu imkoniyatlardan bahramand farzandning otasi ekanimdan g‘ururlanaman.

Ayt, qachon sen shunday kulgansan?

Mustaqillik maydoni – ezgu o‘y-fikrlar maskani. Mamlakatimizning shon-shavkati, bunyodkorlik salohiyati, obodonchilik madaniyati, tinchligi va barqarorligining ramzi. Bundagi favvoralar elimizning yaxshi xislatlarni qadriyat darajasida e’zozlagani, bolaparvar va mehribon qalb sohibi ekanidan so‘zlaydi. Billuriy tomchilar o‘zbek xalqining pok niyat va pokdomonligining namunasiday taassurot uyg‘otadi.

Uzoq-uzoqlarda, moviy osmon bag‘rida parqu bulutlar bo‘y ko‘rsatadi. Boshim uzra g‘ujg‘on qaldirg‘ochlar charx uradi. Arkadagi mag‘rur ramziy laylaklar olis-olislarga, oydin kelajakka boqib turganday salobat to‘kadi. Yashil archazor bo‘ylab borarkanman, yo‘laklarni to‘ldirgan bolalarning qiyqirig‘i ko‘ngillarni to‘lqinlantiradi. Ularning ko‘zidagi quvonch, jajji qalbidagi halovat, yuzlaridagi tabbassum kishini umrning baxtiyor onlari bilan uchrashtiradi. Beixtiyor bolalik damlarim yodimga tushadi. Sekin shivirlayman: “Ayt, qachon sen shunday kulgansan?!”

Ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlar, urushlar, besabab qon to‘kilishlarini o‘ylayman. Hali tetapoya qilib ulgurmagan, ostona hatlab yetti qadam qo‘ymagan norasidalarni ajal komiga tortayotgani, umrining eng beg‘ubor davri qonli mojarolar bag‘rida o‘tayotgani kishini chuqur o‘yga toldiradi. Ularning har bir kuni o‘q ovoziyu, vahimali chinqirig‘lar orasida besamar kechayotir. Ota-onasiz, boshpanasiz, qarindosh-urug‘siz qolayotgani ham ayni haqiqat. U yerdagi bolalar xiyobonlarda sayr qilish, tengqurlari bilan o‘yinlar o‘ynashni, o‘qishni, sport bilan shug‘ullanishni istamaydi deysizmi?! Tinchlikparvar mamlakatimizda esa bolalar baxtiyor ulg‘ayayotgani, jismonan va ma’nan sog‘lom avlod sifatida bo‘y cho‘zayotgani qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.

Yana o‘qing:  SHOHJAHON BO‘LG‘USI JAHON CHEMPIONI

Mehribonlik va ezgulik tarannumi

Dunyoning turli burchaklarida bo‘layotgan voqea-hodisalarni xayolimda mushohada qilgancha maydonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, xalqimizning mehri va muhabbatini o‘zida ifoda etgan “Mustaqillik va ezgulik monumenti” tomon yo‘l olamiz. Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan monumentdagi Yer kurrasi tasvirida alohida ajralib turgan O‘zbekiston xaritasini ko‘rib, g‘urur-iftixor tuyg‘ularini his etamiz. Farzandini bag‘riga bosib turgan baxtiyor ona siymosida chinakam o‘zbek onasini, uning mehridaryo qalbini, olijanob va kamtarin qiyofasini uqamiz. Beixtiyor, bu monument yurtdoshlarimizga qo‘yilgan haqiqiy san’at va bunyodkorlik namunasi ekanini anglaymiz.

Darhaqiqat, o‘zbeklar bolajon xalq ekani istiqlol yillarida yana bir bor o‘zining tasdig‘ini topdi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan jajji avlodning kamol topishi, uning hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit va muhit yaratildi. Har bir istirohat bog‘i va xiyobonlarda, mahallalar va ko‘pqavatli uylar atrofida bolalar maydonchalari bunyod etishga alohida ahamiyat qaratildi. Ularning beg‘ubor davrini shirin xotiralar, go‘zal orzu-umidlar og‘ushida o‘tishini ta’minlash ustuvor vazifalar qatoriga ko‘tarildi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarning salmog‘i dunyo hamjamiyatini hayratga solayotgani bejiz emas. Birgina Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda bunyod etilayotgan ko‘ptarmoqli bolalar tibbiyot markazi fikrimizning tasdig‘idir. Zamonaviy va milliy me’morchilikni o‘zida jo etayotgan mazkur muassasa o‘zining eng yuqori texnologiyalar asosidagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jixozlanishi jihatidan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida yagona ekani ahamiyatlidir.

Qolaversa, mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 18 ta namunaviy sport ob’yekti va 73 ta maktab sport zali barpo etildi. 24 ta ob’yektda qariyb 100 milliard so‘mlik rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ta’kidlash joiz, ayni vaqtda yurtimizda ikki millionga yaqin yoshlar sportning o‘ttizdan ortiq turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 840 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etayotgani esa quvonarli holdir.

Shuningdek, 2015 yilning hozirgi davriga qadar 95 nafar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari xalqaro tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar safidan munosib o‘rin egalladi. Yosh avlodning qo‘lga kiritayotgan bu yutuqlari zamirida albatta, jonajon ona Vatanimizda bolalar taqdiri davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani yotadi.

Yana o‘qing:  Milliy armiya – vatanimiz xavfsizligining mustahkam poydevori

Monument qoshida shularni o‘ylarkanman, ruhim ravshan tortadi. Kayfiyatim ko‘tariladi. Yana bir bor monument o‘zbek xalqining timsoli ekaniga amin bo‘laman. Bolasini bag‘riga bosib turgan baxtiyor ona siymosida O‘zbekistonni ko‘raman. Ha, Vatan qarshimda mehribon ona qiyofasida bo‘y beradi. Uning quvnoq va zukko farzandlari esa atrofimda bor chiroyi, go‘zalligini namoyish etayotir.

Mustaqillik maydonidan qaytar ekanman, beixtiyor xotiramda bir so‘z yangraydi. U qulog‘im ostida yoqimli kuyday yashaydi. O‘sha jajji qizaloqning porloq ko‘zlari, yorqin yuzlari bilan yodimga bostirib kiraveradi. “O‘zbekiston, O‘zbekiston”.

Bahodir HALIMOV,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: