BOLA TARBIYASIDA MUSIQANING O‘RNI
MTMdan kelgan Madina qo‘g‘irchoqlarini o‘ynar ekan, zavq bilan qo‘shiq xirgoyi qila boshladi. Unga quloq solib turgan bobosi buvisiga qarab:
– Bizning erkatoyimiz yana yangi qo‘shiq o‘rganib kelibdi-ku! – dedi. Buvisi xursand bo‘lib nabirasini quchoqlagancha:
– Qani, yodlagan qo‘shig‘ingni menga ham aytib ber-chi. O‘tgan kuni yodlagan qo‘shig‘ingmi?
– Yo‘-o‘-o‘q, bu boshqasi. Bugun musiqa mashg‘ulotimizda tarbiyachimiz yangi qo‘shiqni yodlatib, raqsini ham o‘rgatdilar, – biyrongina javob qildi Madina. – Hozir oyim tikib bergan atlas ko‘ylagimni kiyib chiqay, keyin aytib beraman, – dedi-yu, yugurib xonasiga kirib ketdi.
Birozdan keyin boshida do‘ppi, egnida jimjimador atlas ko‘ylagini kiyib chiqdi-da, qo‘shiq aytib, raqsga tusha boshladi. Nabirasining sho‘x-shodon o‘ynayotganini kuzatar ekan, Safar otaning ko‘z oldidan bolaligining achchiq xotiralari bir-bir o‘ta boshladi. Dorulomon kunlarga shukrona aytib, ko‘ziga yosh oldi…
Haqiqatan, maktabgacha ta’lim muassasalarida olib boriladigan musiqa mashg‘ulotlari badiiy va g‘oyaviy mazmuni bilan bolalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalaydi. Bola qo‘shiq aytishi orqali tabiat hodisalari, jonivorlar bilan tanishadi, milliy qadriyat, urf-odat va an’analarning mohiyatini anglab boradi. Yoshga qarab guruhga bo‘lingan tarbiyalanuvchilarga imkoniyatini hisobga olgan holda musiqiy bilim beriladi. Uzluksiz mashg‘ulotlar davomida bola tovush xossalarini biladi, ularni uzun-qisqa, past-baland, cho‘zib, uzib-uzib kuylashni o‘rganadi. Shuningdek, bola musiqa ohangiga qarab shaxdam, sekin, yengil va tez yurish harakatlarini bilib oladi. Bunday tartibdagi mashg‘ulot bolaning nutq madaniyati, dunyoqarashi, aqliy tafakkuri va his qilish imkoniyatini shakllantiradi. Mashg‘ulot tarbiyachisi bolaga o‘zbek musiqa merosi, folklor, xalq kuy va qo‘shiqlarini kuylash, raqsga tushish, musiqa asboblarining ko‘rinishi va ijro etilishini yoshiga qarab belgilaydi va o‘rgatadi. Lirik, mungli va sho‘x raqs harakatlarini bajarish bolada havas va shaxdam yurish xislatlarini shakllantiradi. Bolalarning raqs harakatlariga vals, marsh, polka, vazmin, birga sakrash, o‘ng-chap oyoqda maroq va viqor bilan yurish kiradi. Bola dutor, shaqildoq, qayroq, nog‘ora, doira va boshqa musiqa asboblarini bilishi uning musiqiy bilim va ijro mahoratini oshiradi. Musiqaning nozik sirlari, jozibali jarangi, jo‘shqin va sokin eshitilishi, ritm tuzuklari orqali chiroyli harakatlar birligi bolaning ichki hissiyotini boyitadi.
Bugungi kunda respublikamizda “Sevinch”, “Bulbulcha”, “Tarona”, “Turon” kabi bir qator bolalar musiqa jamoa va ansambllari, musiqa va san’at maktablari, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazlarida musiqa to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘plab bolalar shoirlarining she’rlariga kuy bastalanyapti. Xususan, Shermat Yormatov, Xurshida Hasanova, Farhod Alimov, Nadim Norxo‘jayev va boshqa kompozitorlar bolaning ruhiyati va tarbiyasiga xizmat qiladigan quvnoq musiqalar yaratishmoqda. Musiqa tarbiyachisi mashg‘ulotlarga bolani qiziqtirish uchun quvnoq kuy va qo‘shiqlarni tinglash, kuylash, raqs elementlarini bajarish, she’r o‘qish, ritmik chapak chalish kabi harakatlarni asta-sekinlik bilan o‘rgatib boradi. Musiqiy tarbiya bolaga nafis did, g‘ayrat va jo‘shqinlik beradi.
Matluba ILHOMOVA,
Toshkent davlat
pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi