KITOB BIZNI BIRLASHTIRADI
Poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan “Kitob bizni birlashtiradi” mavzusidagi kitobxonlik festivali ham yoshlarni mutolaaga qiziqtirish yo‘lidagi xayrli ishlardan bo‘ldi.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika bolalar kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan festivalda o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, axborot-resurs markazlari xodimlari, faol kitobxon yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Darhaqiqat, “Eng kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon oila”, “Zukko kitobxon”, “Mustaqillik madhi bolalar ijodida”, “Bilimlar bellashuvi”, “Eng namunali axborot-resurs markazi” ko‘rik-tanlovlari, intellektual viktorinalar, kitobxonlik festivallari doimiy o‘tkazilayotgani bolalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Festivalda eng faol kitobxonlarga bolalar adabiyotlaridan iborat sovg‘alar topshirildi. Tadbir doirasida yurtimizdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari tomonidan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilgani bolalarning yangi chop etilgan kitoblar haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytirdi.
Milliy madaniyat markazlari qoshidagi bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.