Alifbedan boshlanar bilimning ilk sabog‘i
Qumri Abdullayeva! Yurtimizdagi 70 yoshli otaxonu onaxonlardan tortib, endigina qo‘liga “Alifbe” kitobini olib harf taniyotgan, ular jarangiga mahliyo bo‘lib, “Ona”, “Vatan” so‘zini hijjalab bo‘lsada o‘qish zavqini totgan bola borki, bu nomni yaxshi biladi. Chunki, jajji o‘quvchi “Alifbe” deganda, qalblariga olam-olam quvonch bag‘ishlagan, “bilimlar mamlakati” atalmish mo‘jizaviy olamga yetaklab kirgan olima Qumri Abdullayeva tuzgan sehrli kitobni tushunadi. Ana shu kitob tufayli ular nafaqat o‘qish, yozishni, balki jumla tuzishni, demakki fikrlashni o‘rganishadi. Shu tariqa opa minglab qalblarga ilm nurini sochadi.
Mamlakatimiz ta’lim taraqqiyotiga betinim mehnati, zukko tafakkuri bilan ulkan hissa qo‘sha olgan olima, pedagogika fanlari doktori, professor Qumri Abdullayeva ko‘plab bolalar nashrlar sahifalarida qizlar tarbiyasi, axloq odobi haqidagi olib borgan suhbatlari qizlarimizning ma’naviy kamolotiga katta yordam bo‘lganini hanuzgacha mamnun bo‘lib eslashadi. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi“, “El– yurt hurmati” ordeni sohibasi Qumri opa Abdullayeva xonadoniga bordik. Onaxon garchi umrining saksoninchi dovonini oshib o‘tayotgan bo‘lsada hanuz ijodiy faoliyatdan, ilmiy izlanishdan, bilganlarini shogirdlariga o‘rgatishdan to‘xtagani yo‘q. Nozikkina jussasidan g‘ayrat, shijoat yog‘ilib turgan ustoz bilan miriqib suhbatlashdik. U kishi bosib o‘tgan umr yo‘li, amalga oshirgan ilmiy ishlar faoliyati haqida yana bir bora eslashdik.
– Qumri opa, ko‘plar Sizni “Ming bolaning onasi”, deb ta’riflaydi. Boisi Siz minglab qalblarga ilm nurini sochib kelayotgan insonsiz.
– Bu iliq ta’riflarni eshitganimdan xursandman. Nokamtarlikka yo‘ymang-ku, ming emas million bolaga desak ham xato bo‘lmaydi. Bolalar mening hayotim, quvonchim. Men o‘qituvchilar oilasida o‘sib, ulg‘aydim. Opa-akalarimga qarab, o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim. Ko‘plab pedagog yigitlar Ikkinchi jahon urushiga ketganligi tufayli maktablarga o‘qituvchilar yetishmas edi. Men Nizomiy nomidagi Pedagogika institutining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdim va o‘zim o‘qigan maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladim. Bu paytda men endi 16 yoshga kirgan edim.
– Juda yosh ekansiz. O‘sha davrlarda ham o‘qib, ham ishlash qiyin bo‘lmadimi?
– Ishim o‘zimga yoqqanligi, o‘zimdan katta odamlarni ham meni diqqat bilan tinglashlari, o‘qish, yozishni o‘rgangandagi quvonchlarini ko‘rganimda charchoqlarim unutilib ketardi-da. Qolaversa, qiyinchiliksiz maqsadga erishib bo‘lmaydi.
– Respublikamizda va qator Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi o‘zbek maktablarida o‘qigan va hozirgi kunda o‘qiyotgan barcha bolalarning katta ustozisiz. Bunday darajaga erishish oson kechmagan bo‘lsa kerak?
– 1958 yilda meni ilg‘or o‘qituvchi sifatida Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutiga taklif etishdi. Bu dargohda zabardast olimlar: Subutoy Dolimov, Asqar Zunnunov, Rajab Jumaniyozov va Gulsum Rahimovalar mehnat qilardi. Ular meni iliq kutib olishdi. Ilmiy izlanish sirlarini mehr bilan o‘rgatishdi. Yaxshilarga yondashib ko‘p narsalarni bilishga ulgurdim. 1966-yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. “Nutq o‘stirish”, “O‘qish darslari”, “Sinfdan tashqari o‘qish” kitoblarimni nashr etishga muvaffaq bo‘ldim.
– Sizni o‘zbek “Alifbe” darsligini yaratgan birinchi olima ayol deb bilamiz.
– Ustozim, mashhur olim, Respublikada xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Oqilxon Sharafiddinov meni shogirdlikka munosib ko‘rib, “Alifbe” darsligini yaratishda hamkorlik qildilar. Ustoz bilan kitob yozish men uchun sharaf edi.
Biz nafaqat o‘z respublikamizdagi o‘quvchilar uchun darslik, balki Markaziy Osiyodagi barcha o‘zbek maktablarida boshlang‘ich ta’limning yangi bosqichga ko‘tarilishiga, o‘qituvchilar ish faoliyatini takomillashtirishga, pedagogika va ruhshunoslik fanlarining so‘nggi yutuqlarini maktablar hayotiga joriy etilishiga harakat qildik.
Ta’limning samarali yo‘llarini belgilashda o‘quvchilarni ortiqcha yuklardan ozod etish, o‘yin mashg‘ulotlari orqali qiziqishlarini orttirish, ular bilimini baholash masalalariga yangicha yondashish, sayr-sayohatlar orqali o‘quvchilarni o‘z o‘lkasi tarixi, madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, uyga vazifa berishni me’yorlash kabi ilg‘or g‘oyalarni joriy etishga alohida ahamiyat berdik.
– Siz katta xonadon bekasi, eng baxtiyor ayollardan birisiz, xalq ta’biri bilan aytganda uvali-juvali insonsiz.
– Ha, men juda baxtiyorman. Umr yo‘ldoshim katta olim, yaxshi inson – Nusratbek aka bilan mazmunli umr ko‘rdik. Qo‘sha qaridik, komil farzandlarni voyaga yetkazdik. Endi ularning rohatini ko‘ryapmiz, hurmat-izzatdamiz…
To‘ng‘ich qizimiz Doimoxon musavvira. Xizmat yuzasidan oilasi bilan bir necha yildirki Fransiyada yashaydi. Guldek farzandlari bor. Eng muhimi Doimoxon o‘z asarlarida o‘zbek millatining urf-odatlarini, ona Vatan manzaralarini aks ettirib, ikki davlat Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tinchlik, birodarlik rishtalarini bog‘lamoqda. Parijda bo‘lganimizda fransuzlar u yaratgan asarlarda o‘zbek xalqi timsolini ko‘rib hayratlanganlarining bir necha marta shohidi bo‘ldik.
– O‘g‘lim – Jur’atbek huquqshunos, jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dars beradi. Huquq bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlash arafasida.
Kelinim – Sitoraxon shogirdim. O‘ndan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishda menga “qo‘shqanot” bo‘ldi. Yaqinda, biz iqtidorli bolalar uchun “O‘qish kitobi” yaratdik. “O‘qituvchi” nashriyotida bosmadan chiqdi. Sitoraxon ham doktorlik dissertatsiyasini tugallash arafasida.
Nevaram – Malikaxon Rahmonbekova Zulfiya nomidagi dalat mukofoti sohibasi. U ham izimizdan borib bir necha ilmiy va badiiy kitoblar yozdi. Hozir ikki farzandi bor. Evaralarim bilan suhbatlashsam yosharib ketaman. Juda zukko bolalar. Ular qiyofasida Vatanimizning nurli kelajagini ko‘raman.
Olimaning hikoyasidan u bosib o‘tgan umr yo‘li, qo‘lga kiritgan yutuqlari, oilaviy xotirjamlik haqidagi shukronalikni qalban his qildik, dilimizda, bitta umr bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da, degan havas tuyg‘usi ila ustoz bilan xayrlashdik.
Muhabbat HAMIDOVA suhbatlashdi