El taqdirini o‘z taqdiri deb bilganlar

Poytaxtimizning yuragi hisoblangan Mustaqillik maydoniga borganimizda, Motamsaro ona haykalini, albatta, ziyorat qilamiz. Uning timsolida mehridaryo, sabrli va sadoqatli o‘zbek ayoli gavdalangan. Mungli ko‘zlari esa turmush o‘rtog‘ining, o‘g‘lining kelar yo‘liga termuladi. Uzoq o‘tmish bilan bugunni bog‘lab turgan bu timsolga boqib, tinchlik zamonasida yashayotganimizga shukronalar aytamiz.

Bu kunlarga yetib kelgunimizga qadar ne-ne insonlar jon fido qildi. Elni bir yoqadan bosh chiqarib, farovon turmush sari intilishida jonbozlik ko‘rsatganlarning harakati samarasida xalqimiz nurafshon kunlarga yetdi. Ana shunday fidokorlardan biri Toshbek ota Umarovni qishloqdoshlari barhayot insonlardan deb biladi. Saxovati, mehnati, ezgu ishlarini faxr bilan tilga oladi. Darhaqiqat, Toshbek ota ham o‘zidan el koriga yaraydigan farzandlar va ibratli umr yo‘lini qoldirdi…

1941-1945 yillar Ikkinchi Jahon urushi ko‘plab navqiron yigitlarni o‘z domiga tortdi. Vatan himoyasi uchun qo‘liga qurol olib jangga kirganlar orasida o‘zbek o‘g‘lonlari ham ko‘pchilikni tashkil etardi. O‘ttiz ikki yoshli Toshbek Umarov ham birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlandi.

Jang maydonida yelkama-elka bo‘lgan quroldoshlar bir tanu, bir jonga aylanib bir-birini suyaydi. Toshbek ota ham Salohiddin Ro‘ziyev bilan og‘a-inidek, taqdir izmini birga qarshilaydi. Do‘stini kuzatuv uchun minalashtirilgan joyga yuborishmoqchi bo‘lganini eshitganda, Toshbek ota topshiriqni o‘ziga oldi. Do‘stining umrini o‘z hayotidan afzal bildi. Shu payt minalardan biri portladi. Uch kundan so‘ng harbiy shifoxonada ko‘zini ochdi. Joni omon qoldiyu, o‘ng qo‘lining uchta barmog‘idan ayrildi. Bu jasoratni do‘stga sodiqlik deymizmi yoki insoniylik fazilatimi, xullas, u kishi ko‘rsatgan mardlik ibrat olishga arziydi.

Asli Baxmal tumanida tug‘ilgan qahramonimiz xizmatdan qaytgach, bir nechta do‘stlari hamda vafot etgan safdoshlarining oila a’zolari bilan Jizzaxning lalmi joyiga ko‘chib keldi. Bir bolaning qornini to‘yg‘azish mushkul bo‘lgan paytda Toshbek ota o‘ndan ziyod bolalarga g‘amxo‘rlik qildi. Dalada tinim bilmay ishladi, do‘stlari bilan qaqragan yerga urug‘ ekib, hosil ilinjida tunu kun zahmat chekdi. Paxsa uylar qurib, daraxtlar ekdi, ariq qazib qishloqqa suv olib keldi.

Sekin-asta odamlar safi kengayib bordi. Lalmi yerlar poliz ekinzoriga aylandi. Bu makonni Zafarobod deb atashdi.

– Otam juda serg‘ayrat inson edi, – deydi Said Umarov. – Ot minib, qishloqning yilqisiga ko‘z-quloq bo‘lib yurardi. Nazaridan chetda qolgan yer yo‘q edi. Odamlarning og‘irini yengil qilish uchun hali shaharga, hali idoralarga yugurardi. Do‘konlar, etikdo‘zdlik ustaxonasi va yana shunga o‘xshash kichik tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yib odamlarni ish bilan ta’minladi.

Yana o‘qing:  LOYIHALAR AMALDA

Albatta, el taqdirini o‘z taqdiri deb bilgan bunday insonlar hayotini ezgulikka baxshida etadi. Vaqtlar o‘tib, oyning yorug‘ kunlari keldi. Istiqlol sharofati bilan Yurtboshimiz rahnamoligida barcha manzilgohlar, yo‘llar qayta qurildi, inshootlar qad rostladi, muqaddas qadamjolar obodonlashtirildi. Ayniqsa, xalq farovonligi yo‘lida xizmatga kamarbasta bo‘lgan urush va mehnat faxriylari e’zoz topdi. Shular qatorida Toshbek ota ham tinch-osoyishta zamonga shukronalar aytib, nabiralarining davrasida qarilik gashtini surdi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingan yildan boshlab, Toshbek otaga har yili hukumat tomonidan sovg‘a-salomlar yo‘llandi. Maktablarda, qishloqda o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda davraning to‘rida bo‘ldi. Qarigan chog‘ida rohat farog‘atda yashadi. Evara-chevaralarining davrasida 101 yoshida vafot etdi.

Hozir zafarobodliklar Toshbek otani iliq xotiralar bilan yodga oladi. Odamlarga boshpana qurgani, ularni bir tanu, bir jon qilib mehnat qilgani, barcha xayrli ishlari to‘g‘risida bot-bot so‘zlashadi. “Savob ishni har kim, har kun qilishi kerak” degan naqlga amal qilib yashaydigan bundayin insonlar el qalbida, avlodlar yodida mangu barhayotdir.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: