LOYIHALAR AMALDA
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi majlislar zalida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovi g‘oliblarining biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ayollar o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini, kichik biznes hamda kasanachilikni rivojlantirish borasida Markaziy bank bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning o‘tgan choragida respublika tijorat banklari tomonidan tadbirkor ayollarga ajratilgan kreditlar hajmi 314,3 mlrd.so‘mni tashkil etdi. Natijada 50 mingdan ziyod ayol ish bilan ta’minlandi.
– 1995 yilda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikka keng yo‘l berilayotgan davrda 210 ming so‘m mablag‘ bilan kichik biznes yo‘nalishida o‘z faoliyatimni boshlaganman. O‘tgan yilda “Mohlaroyim” kichik korxonamiz uchun yangi loyiha taqdim etdik. Bizga bank tomonidan 75 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Bu mablag‘ evaziga 10 ta tikish mashinasi va bitta ko‘rpa qavish mashinasi oldik. 2014 yilning oktyabr oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan Xalqaro korporatsiya birja yarmarkasida qatnashib byudjet va qurilish tashkilotlari bilan 100 mln. so‘mlik shartnoma imzoladik. Hozirda ana shu ko‘rpa-yostiq, maxsus ish kiyimlari, bolalar uchun trikotaj hamda sport kiyimlari va boshqa mahsulotlarni tayyorlamoqdamiz, – deydi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Mohlaroyim” kichik korxonasi rahbari Gulbahor Davidova.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri