“Qordagi olcha” torti
Mahsulotlar: 800 gr. smetana, 200 gr. sariyog‘, 3 stakan un, 600 gr. olcha, 120 gr. shakar kukuni, ta’bga ko‘ra vanilin, 1 choy qoshiq soda, ta’bga ko‘ra shakar, 0,5 choy qoshiq olma sirkasi, 50 gr. kokos qirindisi.
Tayyorlanishi: xona haroratida turgan sariyog‘, smetana bilan aralashtiriladi Aralashmaga sekin-asta un va iste’mol sodasi qo‘shiladi. Yumshoq bo‘lib tayyorlangan xamirga sellofan paket yopilib 2 soat sovutgichda qoldiriladi. Bu vaqtda olchali asosni tayyorlab qo‘yamiz. Muzlatilgan olcha yoki olcha murabbosini olsa ham bo‘laveradi. Mevani biroz ezib olgan ma’qul.
Muzlatgichda turgan xamirni olib 16 bo‘lakka bo‘lamiz. Har bir bo‘lak o‘qlov bilan yoyilib o‘rtasiga olcha qo‘yiladi va shakar sepiladi. Va yana uchta yoyilgan xamir shu yo‘sinda ustma-ust qo‘yilib, orasiga olcha va shakar solinib chetlari chimdib chiqiladi.
Pechga solish uchun 1-korj aylana pishiriq shakliga joylanadi. Qolgan 12 bo‘lak xamirdan ham shu yo‘sinda 4 ta korj tayyorlanadi. Ularning har biri 20 daqiqadan 200 darajali haroratda pishirib olinadi. Pishib chiqqan korjlar sovutishga qo‘yiladi. Bu orada shakar kukuni smetana bilan aralashtirilib krem tayyorlanadi. Sovugan korjlarga krem suriladi, ular ustma-ust tahlanadi va kamida yarim soatga sovitgichga qo‘yiladi.
Dasturxonga tortishdan oldin tort kokos qirindisi bilan bezatiladi.
Guli NOZ