San’atsevar bolajonlar sahnada
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi hamkorligida joriy yilning 27-29 aprel kunlari an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan navbatdagi “San’at g‘unchalari” respublika yosh musiqachilar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad iqtidorli bolalarni aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shuningdek, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlarni musiqa va san’atga keng jalb etish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishdir.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi musiqa va san’at maktablarida ta’lim oluvchi viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 150 nafarga yaqin yosh iqtidorli musiqachilar o‘zaro bellashdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi zali va O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi katta zalida zarbli va damli cholg‘u asboblari ijro yo‘nalishida 9 yoshdan 13 yoshgacha ishtirokchilarni qamrab olgan kichik hamda 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan katta guruhlardan tarkib topgan yosh iste’dod sohiblari o‘z iqtidori va mahoratini namoyon etdi.
Ishtirokchilar damli cholg‘u, zarbli cholg‘u hamda mis damli cholg‘ular bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Ularga tajribali san’at ustalari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.
Tanlov so‘ngida g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
B.HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri