SILGA ChALINGAN BEMORLAR UCHUN IMTIYOZLAR
“Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,
IX bob, 40-modda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda OITS kasalligining oldini olish va davo choralari bo‘yicha salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi.
BMTning Mingyillik taraqqiyot deklaratsiyasiga a’zo bo‘lgan yurtimiz o‘z oldiga qo‘ygan majburiyatlardan biri sifatida OIV va sil tarqalishining oldini olish vazifasini qo‘ygan va 2015 yilga qadar kasallik tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha sezilarli natijalarga erilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatda, shuningdek, “Odam immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning oldini olish to‘g‘risida”, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilinib hayotga keng tadbiq etilmoqda.
Misol uchun birgina sil kasalligiga chalingan bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Masalan, bu toifa bemorlar davlat davolash-profilaktika muassasalarida (maxsus dispanserlarda) bepul davolanishadi. Statsionar davolanish jarayonida ular oziq-ovqat to‘lovlaridan ham ozod etiladi. Ambulatoriya tartibida davolanishda yashash joylaridagi dorixonalar orqali asosiy dori-darmonlarni davlat hisobidan bepul olish imtiyozlariga ham ega.
Bundan tashqari, sil xastaligiga chalingan bemorlar uchun quyidagi imtiyozlar belgilangan:
Kasallik oqibatida mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yo‘qotgan shaxslarning ish joyi, egallab turgan lavozimi belgilangan tartibda saqlanib turadi hamda bemorlarga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Bemor shaxslarning bolalari ixtisoslashtirilgan maktabgacha tarbiya muassasalariga, maktablar, internatlar va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga navbatdan tashqari qabul qilinish huquqidan foydalanadilar.
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi yoki sihatgohida davolanayotgan bolalarga umumiy o‘rta ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Xastalikka chalingan va shu tufayli nogiron deb topilgan bolalarning ota-onalari (qonuniy vakillari) sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida bolalari bilan birga bo‘lish huquqiga ega.
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga maslahat olish va davolanish uchun chaqirilayotgan yoki yuborilayotgan bemorlar bepul davolanish huquqiga ega.
Shu o‘rinda 2011 yilning 5 martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 62-sonli qarori qabul qilinganini qayd etish joiz. Ushbu qaror sil kasalligi profilaktikasi va uni davolash ishlarini yanada takomillashtirish, sil kasalligiga qarshi xizmatning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, sil kasalligiga qarshi kurash muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi salmoqli qadam bo‘ldi.
Mayna HASANOVA