Mixail PRISHVIN. Birinchi “ku-ku”lash
Ochiq ko‘l. Uning yonida turib, ko‘nglimdan faqat bir o‘y o‘tadi – suv yoqalab, o‘rmonga kirish. O‘rmon ichidagi Usolye qishlog‘ida qayiq ustalari yashashadi. Ularning oldiga borishim kerak.
Ko‘lning o‘ng tomonida baland qarag‘ayzor shovullaydi, chap tomonda yovvoyi botqoqli o‘rmon yoyilib ketgan. Atrofni katta-katta botqoqlik kengliklari qamrab olgan. Qarag‘ayzor. Quyosh nurining zarrin parchalari o‘rnashib olgan mayda mevali rezavor buta o‘simliklari bo‘ylab ketarkanman, ko‘zimga harakatlanayotgan allaqanday soyalar chalinadi. Boshimni baland ko‘tarib qarasam, ular – u qarag‘aydan bu qarag‘ayga ovoz chiqarmay uchayotgan kalxatlar ekan.
– Ertalabki sovuq havo kechga borib o‘tib ketdi. – dedi bizga o‘rmonchi.
– Ha, tong, anchagina salqin edi, – dedim.
– Erta tongdanoq osmonu falakni qushlar chug‘uri tutib ketganini ko‘rsangiz edi! Xuddi shu damda qichqiriq yangradi. Shunda biz yiqilib tushgan qayinning ustiga o‘tirib dam oldik. Qarshimdagi ulkan shumurt daraxtiga qaradim. “Ku-ku”lashni zo‘rg‘a ilg‘ab oldik. Bu ovoz aks sado berib qarag‘ayzor bo‘ylab, suzib ketdi. Sayroqi qizilishtonlar, kichik-kichik qushlar ham sayrab, yayrab ketishdi. Butun qarag‘ayzor gumburladi. Ammo hech kimning ko‘zi tushmas baland-balandlarda u shoxdan – bu shoxga uchib qo‘nayotgan vahshiy kalxatlar qanotlarining soyalari butoqlarga, maysa yuzlariga kelib urilardi.
KAKKU
Qulab tushgan qayin ustida dam olib o‘tirgan paytlarda mening borligimni bilmay yaqin joyga kakku kelib qo‘ndi. Biroz g‘uldirib oldi-da: “Qani, urishib ko‘ray-chi, nima chiqarkin?” – deganday, “ku-ku”lashga tushdi.
– Bir! – eski odatimga ko‘ra,yana necha yil yashashimni bilmoqchiday sanay ketdim.
– Ikki!
U o‘zining ikkisini aytdi-yu, men o‘zimning “Uch”imni aytishga chog‘langan ham edimki:
– Kuk! – dedi-yu, uchdi-ketdi.
O‘zimning “Uch!”imni aytolmadim-nasib qilmadi. Yaxshiga oz vaqt ajratilganday tuyuldi menga. Ammo bundan xafa emasman, men yetarlicha yashadim. Achinarlisi shuki, qandaydir yillarni o‘zida qamrab turgan mana shu “ikki”da katta, ulkan ishlarni boshlasang-u, birdan, “Kuk” – kesib yuborsa…Hammasi tugaydi! Shuning uchun yangi ish boshlash shartmikin? “Shart emas!” – deb o‘yladim hatto…
Ammo o‘rnimdan turib, qayinlarga qaradim. Ko‘nglim birdan yorishib ketdi. Qulab tushgan bu ajoyib qayin umrida so‘nggi yangi bahor uchun kurtaklarini gullata boshladi.
MUSICHA
G‘uldirayotgan musichaning sokin tovushlari o‘rmon ahliga yaxshilikdan alomat. Hayot davom etmoqda.
ZARG‘ALDOQLAR
Qarag‘aylardagi yorug‘lik uzoq-uzoqlardan ham ko‘rinib turardi. Javdarlar tizzaga uradi. Daraxtlar, baland bo‘yli o‘t-o‘lanlar, gullar yasanib olishgan. Erta bahor uchib keladigan qushlar ham jim qotib turishibdi: ota qushlar erinchoqlik bilan o‘zlariga qulay joy tanlashmoqda, ona qushlar esa uyalarida ro‘za tutmoqdalar. O‘rmon hayvonlari bolalariga yemak axtarib topish g‘amida. Dehqonning o‘yida esa – bahor yumushlari, yer haydash, urug‘ qadash.
Zarg‘aldoqlar uchib kelishdi, uzunqanot qushlar, qirg‘oq bo‘yi qaldirg‘ochlari sayray boshlashdi. Tungi yomg‘irdan so‘ng tongni qalin tuman qopladi. Birozdan so‘ng quyosh chiqdi, tiniq havo yoyildi. Quyosh botish oldidan yana tog‘dan ko‘lga havo o‘zgarib, oqib keldi. Ko‘l hamon mavjlanib turardi. Quyosh moviy bulutlar ortiga yashirindi, o‘rmon uzra osilib turgan ulkan yoyiq nursiz sharga aylandi.
Zarg‘aldoqlar o‘zgaruvchan, beqaror havoni yaxshi ko‘rishadi. Ular quyosh goh charaqlab, goh bulutlar orasiga yashirinib olishidan, shamol barglarni to‘lqinlatib o‘ynatayotganidan zavqlanishadi. Zarg‘aldoqlar, qaldirg‘ochlar, uzunqanot qushlar, baliqchi qushlar shamol bilan qon-qarindoshday.
G‘ira-shira tong. Birdan havo dim bo‘lib ketdi. Katta-katta qora bulutlar bosib kela boshladi. Shamol turdi. Zarg‘aldoqlarning nay navolari, qaldirg‘ochlarning qiy-chuvi ostida bulutlar parchalanib ketdi. Qishloqning ortigami, o‘rmongami ko‘chishdi, ammo tezda yana kuchayishib, shamolga qarshi qop-qora, ulkan va shiddatli bulutlar qaytib kelishdi.
Ko‘l hayajonlandi. Shamol shamolga, to‘lqin-to‘lqinga urilib, qushlar qanotining soyasiday qop-qora dog‘lar ko‘lning u uchidan bu uchiga shitob bilan borib kelishardi. Qirg‘oqda chaqmoq chaqnadi, momoqaldiroq gumburladi. Zarg‘aldoq kuylashni to‘xtatdi, uzunqanotlar ham qunishib olishdi. Faqatgina bulbullar bo‘g‘ziga katta-katta iliq tomchilar urilmaguncha sayrashdi. Osmondan chelaklab suv quyila boshladi.
NOMA’LUM DO‘STGA
Nurli, shabnamli tong. Bu xuddi ochilmagan yerga o‘xshaydi. Osmonning ko‘z ilg‘amas parchasiday, bu tong – butunlik. Hali hech kim uyg‘onmagan, o‘rnidan turmagan. Hech kim hech narsani ko‘rib ulgurmagan. Faqat sen hammasini birinchi bo‘lib ko‘rib turibsan.
Bulbullar bahor qo‘shiqlarini boshlab yuborishgan. Xilvat go‘shalarda momoqaymoqlar barq urib turishibdi. Qaydadir namxush qora soyalar ostida marvaridgullar oqarib ko‘rinadi. Bulbullarga jasur yoz qushlari qo‘shilishdi. Ayniqsa, zarg‘aldoqlarning nay ohanglari borliqni eritib yubordi. Atrofni betoqat karqurlarning shovqin-suroni tutib ketdi. Qizilishtonlar ham o‘z polaponlariga yemak tashishdan charchashdi shekilli, biroz dam olish uchun ulardan uzoqroqdagi butalarga o‘tirib olishdi.
O‘rningdan tur, do‘stim! Taram-taram bo‘lib turgan baxting nurlarini terib ol, dadilroq bo‘l, kurashni boshla! Quyoshga ko‘maklash! Eshit, kakku ham senga yordamga shoshilmoqda. Qara, bo‘ktargi-yirtqich qush ham suvda suzmoqda. U oddiy qush emas. Bu tongda u birinchi bo‘lib suvda suzmoqda. Mana, zag‘izg‘onlar ham shudringlarda yaltirab, yo‘lga chiqishdi. Ertaga ular xuddi bugungiday tovlana olishmaydi, ertangi kun ham bugungiga o‘xshab kelmaydi. Ertaga bu zag‘izg‘onlar butunlay boshqa joylarda bo‘lishadi. Bu tong – yagona. Uni hali yer yuzi bo‘ylab biron-bir kishi ko‘rmadi faqat sen va noma’lum do‘sting ko‘rib turibdi.
Insonlar yer yuzida o‘n ming yillab yashashdi, uni qazib, boyliklar izlashdi, boyliklar to‘plashdi. Bir-biriga quvonchlar ulashishdi. Sen ham bir kuni dunyoga kelishing, shu baxtni ko‘rishing, shu nurlarni terib olishing va quvonishing uchun qilishdi bularning hammasini. Dadil bo‘l, do‘stim!
Yurak kengayib ketdi – archalar, qayinlar ne ajib! Men qo‘zlarimni qarag‘aylarda tovlanib turgan yashil nurlardan va archalarning qizil g‘uddalaridan uzolmayman. Archalar, qayinlar – mukammal go‘zallik!
BIRINCHI BULBUL
Daryodan ko‘lga ko‘chib o‘tishda, bu g‘uvillashda, bu novda-butoqlarda birdan suv buqasi bor ovozi bilan qattiq bo‘kirib yubordi. Bu – katta kulrang qush hayvon kabi butun tanasi bilan bo‘kirardi. U suv otiga o‘xshab ketadi. Ko‘l yana butunlay tinchlandi, tiniqlashdi. Shamol kun bo‘yi ko‘l suvini yuvib chiqdi. Suvdagi eng nozik tovush ham olislarga eshitilardi.
Suv buqasi o‘zini suv ichiga tortdi. So‘ng butun sukunatni buzib, “Uh! “ tortib yubordi. Bir, ikki, uch, o‘n daqiqalardan so‘ng yana o‘sha – “Uh!” Har bir “Uh!” uch martadan olti martagacha takrorlandi.
Usolye qishlog‘ida eshitgan hikoyalarimni esladim. Bir baliqchi ko‘l bo‘ylab suzganida uni to‘lqinlar aylantirib, vodiy bo‘yidagi soyning girdobiga tortib ketibdi. Men qirg‘oq soyalari tushib turgan joylar yoqalab suza boshladim. U yerda bulbullar sayrashardi. Uzoqlardan turnalar ovozi keldi. Ko‘ldagi “tiq” etgan tovush ham qayig‘imizga eshitiladigan darajada atrofni sukunat bosdi. Kutilmaganda bir tomondan hushtakchi qushlar shovqin solishar, bir tomondan, qoraliklar bir-biri bilan urishishar, bir tomondan turli-tuman o‘rdaklarning xori boshlangan edi.
U yer-bu yerda har joyga qoqiladigan qoziqday katta suv qushlari va baliqchi o‘rdaklarning bo‘yinlari suv yuzasiga qalqib chiqar, zum o‘tmay ular sho‘ng‘ib ketishardi. Binafsharang suvning mavjlarida mayda cho‘rtanbaliqlarning oppoq qorinlari ko‘rinib ketar, kata-katta boshlari ularni yanada ulkanlashtirib ko‘rsatardi.
Osmonni bulutlar qopladi. Men qorayib turgan chap tomondagi qirg‘oqqa qarab suza boshladim. Suv buqasi har gal “Uh!” tortganida bu tovushdan sehrlanganday u necha marta “Uh!” lashini sanay boshladik. Bu tovushni ikki chaqirim naridan ham eshitish mumkinligi hayratlanarli edi. So‘ngra uch, hatto yetti chaqirimgacha bu tovush eshitilib turdi. Nihoyat, Gremyachiy tog‘lariga yaqinlashganimizda atrofni son-sanoqsiz bulbullar qo‘shig‘i bosib ketdi
O‘RMON O‘YLARI
Biz eski qizilishton uyasi bor tog‘terakni topdik. Unda bir juft mayna uya quribdi. Yana bitta to‘rtburchak shaklidagi eski kavakni ko‘rdik. Daraxtda uzun bo‘yli yirtqichga ko‘zimiz tushdi, u otilib chiqdi.
Archalarda ikkita olmaxon uyasini ko‘rdik. Gullar pastga shu qadar chirmashib ketishganki, hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. Ikkita olmaxon uyasi archaning o‘rtasida joylashgan, shundan bilsa bo‘ladiki, olmaxonlar – o‘rmonning o‘rta qavatlarida. Olmaxon pastda ham yuribdi, unchalik baland bo‘lmagan daraxtga chiqishini kuzatdik, u qishki libosda edi.
Daraxt tanasida chigirtkalar, qumursqalar aylanishar, aftidan, bu yerda ularning uyasi bor edi. Qorovul qoraqarg‘a o‘z uyasidan bir chaqirim narida qichqirib, aylanib uchib bordi. Shitob bilan uchayotgan karqur qirg‘iy yo‘lini kesib o‘tdi. Yo‘ldan adashdi shekilli, noxush kayfiyatda daraxtning quruq shoxlariga o‘rnashib oldi. Uning boshi oppoq edi.
Qizilishtonlar uyasini qo‘ziqorinlarni izlagandek izlashga to‘g‘ri keldi. Ko‘zing, ko‘z qiring yetgan joylargacha etibor berasan, hammayoqni diqqat bilan kuzatasan pastliklar va balandliklar. Albatta, qizilishtonlar uyasi hamisha yuqorida bo‘ladi. Pastdan ham qizilishtonni izlash sababi – bu paytda qizilishtonlar o‘zlariga uya qurishga kirishadi. O‘t o‘sayotgan yerdan ko‘rinib, yuzaga chiqib turgan ochiq daraxtlarning tomirlarini cho‘qilab ko‘ra boshlaydilar. Shundan qizilishton o‘zi uchun qayin daraxtini tanlab olganini bilib olish mumkin. Qizilishton o‘ziga kerakli bo‘lgan daraxtni darrov topolmaydi, mashaqqat chekadi. Biz uchratgan bu uyalar bir-biridan katta bo‘lib, ular tog‘terak ostida, qo‘ziqorinlar mo‘l-ko‘l joyda bo‘lardi. Buning qizilishtonga nima foydasi bor – uni yomg‘irdan saqlaydimi yoki qo‘ziqorinlar ustida daraxtni teshishi, cho‘qilashi osonmi, bilolmadik hali.
Unchalik katta bo‘lmagan, qulayotgan, chiriyotgan qayinlarning tanasidagi uyani ko‘rish yanada qiziqroq tuyuladi. Uyaning balandligi to‘rt metrcha bor. Bittasi – eng tepalikda, ikkinchisi – pastroqda, qo‘ziqorinlardan sal balandda. Bu daraxt tanasi yonida uning qulab tushgan eng yuqori qismi – qurigan, chirigan. Uning ichiga suv to‘libdi. Uyani ushlab turgan daraxt tanasi mustahkam edi. Lekin silkitsang, qulab tushadiganday. Qizilishton uni uya, yashash uchun teshmagandir, ehtimol…
Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi